BO‘LAJAK ONALARGA TAVSIYALAR
Homilador ayolning hayot sharoiti, gigiyenasi, kun tartibi dunyoga keladigan bolaning to‘g‘ri o‘sishi va rivojalanishida muhim ahamiyatga ega. Xo‘sh, ayol kishi homilador bo‘lganidan boshlab, to ko‘zi yorigunga qadar nimalarga e’tibor berishi kerak?
Ozodalik juda muhim:
– Iloji bo‘lsa, ayol ertalab va kechqurun iliq dushda cho‘milishi, bolalar sovunini ishlatish kerak. Homiladorlik davrida issiq vannalar qabul qilish yoki saunalarga borish tavsiya etilmaydi. Chunki issiq bug‘ homiladorlikning kechishiga yomon ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
– Har gal ovqatlangandan so‘ng og‘iz iliq suv bilan chayilsa milklarda infeksiya to‘planmaydi.
– Homilador ayol kalta qirqilgan sochlarni ikki uch kunda, uzun sochlarni esa besh-olti kunda bir marta yuvib, fen bilan quritgani ma’qul.
– Yotoqxonani tez-tez shamollatib, nam lattada artib turish lozim. Xona harorati 18-20 daraja bo‘lgani maqsadga muvofiq.
Qancha uxlash kerak?
– Ayol uxlashga yotishdan oldin darchalarni yarim ochiq holda qoldirishi lozim. Har kuni 8-9 soat uxlash shart. Kunduzi bir-ikki soat uxlab olsa, yanada yaxshi.
– Yotoq joy o‘ta yumshoq bo‘lmasin, ayol tekis va qattiqroq o‘rinda o‘ng yonboshi bilan uxlagani ma’qul.
– Ertalab soat 8 va 11 oralig‘ida, kechqurun esa soat 17 va 19 oralig‘ida ochiq havoda quyosh vannalaridan bahramand bo‘lishi kerak. Chunki, bu paytlarda quyoshning ultrabinafsha nurlari ayol terisidagi bakteriyalarning rivojlanishiga qarshilik ko‘rsatadi va organizmda D vitamini hosil bo‘lishini ta’minlaydi.
– Xomilador ayol kundalik ishlarini odatdagidek bajaraverishi, faqat qaltis harakatlardan va og‘ir yuk ko‘tarishdan saqlanishi zarur. Ertalabki maxsus badantarbiya mashqlari esa homiladorlikning kechishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Kiyinish ham muammomi?
– Bo‘lg‘usi onaning liboslari uning harakatiga xalaqit bermaydigan, ya’ni kengroq qilib tikilishi kerak. Tor kiyim nafas olishni va ovqat hazm qilish jarayonini qiyinlashtiradi, tomirlarda qon aylanishini susaytiradi. Belbog‘ni siqib bog‘lash, ko‘krak qafasini siqadigan siynaband taqish va rezinali paypoqlar kiyish ham sog‘liq uchun zararli.
– Yilning sovuq faslida jun gazlamadan tikilgan kiyimlar, yoz kunlarida esa havo o‘tkazuvchan yengil liboslar qulay. Sun’iy tolalar o‘ziga nam singdiradi, elektrostatik zaryadlari ham ko‘p. Bu zaryadlar terida yoqimsiz hid paydo qiladi, yozda badanni quyosh tig‘idan, qishda esa sovuqdan saqlay olmaydi.
– Ayniqsa, sun’iy tolalardan tikilgan ich kiyimlarni homilador ayollar umuman kiymaganlari ma’qul. Ip, zig‘ir tolasi va ipak gazlamalardan tikilgan liboslar, ayniqsa, ichki kiyimlar homilani har xil noxush ta’sirlardan himoya qiladi.
Sifatli ovqat – sog‘lik kafolati
– yukli ayolning ovqati doimo yangi pishirilgan, oqsil va vitaminlar, mineral tuzlar hamda uglevodlarga boy bo‘lishi kerak. Organizmning oqsilga ehtiyoji homiladorlikning ikkinchi yarmida taxminan 50 foizga ortadi. Shuning uchun bu paytda ayol kuniga besh-olti mahal oz-ozdan ovqatlanishi kerak.
– Quvvatli taomlar, masalan go‘sht, baliq, tuxum, pishloqni ertalab va kunduzi iste’mol qilishi, kechqurunlari esa yengil hazm bo‘ladigan sutli va sabzavotli ovqatlarni yegani ma’qul.
– Homiladorlik vaqtida ayol organizmida kalsiy va fosforga bo‘lgan talab ham ortadi. Ular homila suyagining shakllanishida va tananing kislorodni o‘zlashtirishida muhim ahamiyatga ega. Sabzavot va mevalar, go‘sht, kepakli undan yopilgan non, grechka yormasi, sut mahsulotlarida mineral tuzlar ko‘p bo‘ladi.
– Tuzni me’yordan ortiq ishlatish tanada shish paydo bo‘lishiga olib keladi. Ayniqsa, homiladorlikning keyingi yarmida osh tuzini kam ishlatish kerak.
Tanadagi noxushliklar…
– Ayrim homilador ayollar to ko‘zi yorigunicha o‘zlarini noxush sezadilar. Chunki, bu paytda yurak qon tomir tizimi va buyraklarda o‘zgarishlar yuzaga keladi. Ba’zi paytlarda homiladorlikning dastlabki uch oyida qon bosimi biroz pasaysa, keyingi yarmida esa sal ko‘tarilishi mumkin.
– Ich ravon yurishib turishi uchun ayol nahorda och qoringa meva yeyishi, sabzi, karam, lavlagini to‘g‘rab, aralashtirib iste’mol qilish foyda beradi. Agar shifokor buyurmagan bo‘lsa, ich suradigan dorilardan foydalanmagan ma’qul. Umuman, homiladorlikdagi barcha noxushliklar tug‘ruqdan so‘ng o‘tib ketadi va ayol sog‘lig‘i asliga qaytadi.