Yuqumli o‘tkir ichak kasalliklari:
tozalik – salomatlik garovi
Yuqumli ichak kasalliklariga ich terlama, paratif, bakterial dizenteriya, oziq-ovqat toksiko-infeksiyasi va hakozolar kiradi. Bu yuqumli kasalliklarning har birini ma’lum bir turdagi qo‘zg‘atuvchi qo‘zg‘atadi. Hamda ular o‘ziga xos klinik kechishi va epidemiologiyasi bilan farq qiladi.
Ular bir-biriga o‘xshash bo‘ladi. Har qanday ichak infeksiyasi uchun kasallik qo‘zg‘atuvchisining og‘iz orqali kirishi va me’da-ichak yo‘lida tez ko‘payishi kuzatiladi.
Bu kasalliklarning manbai bo‘lib, asosan bemor odam va kasallik tashuvchilar hisoblanadi. Kasallik qo‘zg‘atuvchilari sog‘lom odamga bemorning ajralmalari bilan ifloslangan suv, oziq-ovqat mahsulotlari, bemorga qarashda ishlatiladigan narsalar, o‘yinchoqlar, o‘rin-ko‘rpa, choyshab va boshqalardan yuqishi mumkin.
O‘tkir ichak kasalliklarini haqli ravishda «iflos qo‘llar kasalligi» deb ham atashadi. Ichak infeksiyalarining tarqalishida axlat o‘ralari va hojatxonalardan uchib chiqadigan pashshalar ham katta rol o‘ynaydi.
Ichak infeksiyalarining qo‘zg‘atuvchilari va ularning toksinlari me’da-ichak yo‘li faoliyatini buzibgina qolmay, balki markaziy asab tizimini ham shikaslantiradi.
Bemorning harorati ko‘tariladi, bir kunda bir necha marotaba ichi surib, qayt qiladi, yurak qon tomir tizimining normal faoliyati buziladi. Shuningdek, bu kasallikning alomati har xil bo‘ladi.
O‘tkir me’da-ichak kasalliklari asosan yozda kun ancha issiq paytida ko‘proq uchraydi. Chunki, bu davrda aholi tomonidan yaxshi yuvilmagan sabzavot va mevalar ko‘p iste’mol qilinishi ehtimoli yuqori bo‘ladi. Shu bilan bir qatorda pashshalarning oziq-ovqatlarni ifloslantirishi ham sabab bo‘ladi. Bu kasalliklar har qanday yoshdagi kishilarga, ayniqsa, bolalarga oson yuqadi. Kasallikning yashirin davri bir necha soatdan 7 kungacha, ich terlamada esa bir necha kundan 3 haftagacha bo‘ladi.
O‘tkir ichak infeksiyalarining oldini olish uchun infeksiya manbaini yo‘qotish va uni zararsizlantirish, organizmni kasalliklarga chidamliligini oshirish kerak.
Kasallikning dastlabki alomatlari paydo bo‘lishi bilanoq bemor najasi bilan tashqi muhitga juda ko‘plab mikroblarni ajrata boshlaydi. Shu sababli bemorni iloji boricha tezroq kasalxonaga yotqizish zarur. U o‘z vaqtida davolansa kasallik tarqalishining oldi olingan bo‘lar edi.
Xastalikning oldini olish uchun shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilish lozim. Sabzavot va mevalarni iste’mol qilishdan oldin albatta vodoprovod suvida yoki qaynagan sovuq suvda yuvish maqsadga muvofiqdir.
Bolalarni doimo qo‘llarini sovunlab yuvib yurishiga odatlantirish kasallikning oldini olishda juda katta rol o‘ynaydi. Yuqumli o‘tkir ichak infeksiyalarining oldini olishda umumiy ovqatlanish ob’yektlari ustidan sanitariya-epidemiologiya nazoratini olib borish muhim ahamiyatga ega.
Uy sharoitida oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash shart-sharoitlariga qat’iy rioya qilish zarur.
Ichak kasalliklarining qo‘zg‘atuvchilari zararsizlantirish vositalari ta’sirida darrov nobud bo‘ladi. Shu sababli idish-tovoqlarni doimo zararsizlantirish lozim.
Ichak infeksiyalarini profilaktikasida pashshalarni yo‘q qilish alohida ahamiyatga ega.
Organizmning infeksiyalarga qarshi chidamliligini oshirishga qaratilgan umumiy sog‘lomlashtiruvchi vositalar ham muhim rol o‘ynaydi.
Bolaga vitaminlarga boy ovqat berish, organizmni gimnastika, jismoniy tarbiya va boshqa muolajalar bilan chiniqtirish, mehnat qilish rejimiga rioya qilish lozim.
Gigiyena va sanitariya qoidalariga qat’iy amal qilib, hayotga tatbiq etish har bir odamning burchi. Xulosa qilib aytganda, yuqumli o‘tkir ichak kasalliklarining oldini olishda butun aholi faol qatnashishi, gigiyena qoidalariga rioya qilinishi, shu kasalliklarga shubha tug‘ilsa, bemorning ahvoli og‘irlashmasdan tezda shifokorga murojaat etish tavsiya etiladi.
Sh.ALIMATOVA,
vrach-epidemiolog