Barvaqt nobud bo‘lgan bolalar

Statistik ma’lumotlarga qaraganda, 2017 yilda 2016 yilga nisbatan go‘daklar o‘limi biroz ko‘paygan.

Murg‘akkina go‘dakning bevaqt o‘limi haqidagi xabar barchani birdek larzaga solishi, shubhasiz.

Afsuski, go‘daklar, yosh bolalar o‘limi hayotimizda ahyon-ahyon bo‘lsada, kuzatiladigan hodisa. Kimdir kasallik, yana kimdir kutilmagan fojea sabab bu dunyoni anglamay turib tark etadi.

Statistik ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, 2017 yil ro‘yxatga olingan 1 yoshgacha bo‘lgan bolalarning bevaqt o‘limi 56,4 foiz holatlarda perinatal davrda yuzaga kelishi ma’lum bo‘ldi. Jumladan, ularning 21,1 foizi nafas olish a’zolari kasalliklari, 11,9 foizi tug‘ma nuqsonlar, 3,5 foiz chaqaloqlar yuqumli va parazitar kasalliklar, 1,9 foizi esa baxtsiz hodisa, zaharlanish va jarohatlanishlar sababli va yana 0,5 foizi ovqat hazm qilish a’zolari kasalliklari, shuningdek, 4,7 foiz bolalar boshqa kasalliklardan vafot etgani aniqlandi.

Bir qarashda unchalik ham xavfli tuyulmagan kasalliklar go‘daklarning o‘limiga sabab bo‘lishi ayanchli holdir. Biroq, shuni unutmaslik kerakki, har qanday xastalikni ham o‘z vaqtida oldi olinib, kerakli muolajalar qilinsagina xavf bartaraf etilishi mumkin. Afsuski, bugun ko‘pgina ota-onalar farzandining salomatligidagi o‘zgarishlarni oddiy shamollash, deya baholab, uy sharoitida davolashga harakat qilishadi. Shifoxonaga kech olib kelingan go‘dakning hayotini saqlab qolishga endi imkon yo‘qligini esa o‘sha paytdagina anglab yetadi.

 

– 2017 yilda 2016 yilga qaraganda go‘daklar o‘limi biroz ko‘proq sodir bo‘ldi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi xotin-qizlar qo‘mitasi Onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha rais o‘rinbosari Shoira Nurmatova. – Shuni ta’kidlash joizki, chaqaloqlar orasidagi o‘lim holatlari ko‘pincha chala tug‘ilgan yoki vazni kam go‘daklar orasida uchramoqda. Ilgarilari vazni 500 gramm tug‘ilgan bola tirik jon deb hisoblanmas edi. Chunki uning hayotini saqlab qolish uchun kerakli sharoit va imkoniyatlar mavjud bo‘lmagan. Hozirda esa kam vaznda tug‘ilgan chaqaloqlarni ham maxsus tibbiy uskunalarda parvarish qilish orqali ularning hayoti saqlab qolinmoqda. Biroq ushbu sharoit respublikamizning barcha hududlarida ham mavjud emas. Shu bois ham chala yoki kam vaznli tug‘ilgan go‘daklar orasida o‘lim holatlari ko‘p uchraydi. Hozirda ushbu muammo bo‘yicha ma’lum ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. Tez orada mamlakatimizning barcha hududlaridagi tug‘ruq muassasalari eng zamonaviy zarur tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlanadi.

 

Yana o‘qing:  Yana bir guruh bolalar Germaniyada davolanadi

Aytish kerakki, bu kabi salbiy holatlarga, avvalo, insonlarda tibbiy savodxonlikning yetarli darajada emasligi sabab deyish mumkin.

 

“Sog‘lom onadan sog‘lom farzand tug‘iladi” degan shior faoliyatimizda muhim ahamiyatga ega, – deydi Toshkent Vrachlar malakasini oshirish institutining “Neonatologiya” kafedrasi dotsenti, tibbiyot fanlari nomzodi Dilfuza Turdiyeva. – Nazarimda go‘daklar o‘limiga sabab bo‘layotgan asosiy holat ham shunda. Chunki, nosog‘lom tug‘ilgan bolaning uzoq yashab ketishiga umid juda kam. Qachonki, ayol homiladorlik davrida shifokor tavsiyalariga to‘liq rioya qilsagina sog‘lom farzand dunyoga keladi. Afsuski, hozirda jamiyatimizda avj olayotgan ayrim oilaviy mojarolar, nosog‘lom muhit, ota-onalarning salbiy illatlarga ruju qo‘yishi (kashandalik, giyohvandlik, ichkilik kabi) ham oilada nosog‘lom farzandlarning dunyoga kelishiga sabab bo‘lmoqda. Qolaversa, ota-onalardagi tibbiy savodxonlikning pastligi, bola salomatligiga beparvoligi ham bunday oqibatlarga olib kelmoqda.

2017 yil respublikamizda 161,5 mingta o‘lim holati qayd etilgan bo‘lib, 2016 yilga nisbatan 0,1 promilliga oshib, 5,0 promillini tashkil qildi. (2016 yilda ushbu salbiy holat 4,9 promilli bo‘lgan). O‘lim koeffitsiyenti 2016 yilga nisbatan sezilarli darajada o‘sishi Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida kuzatilgan.

Respublikamizning ushbu hududlarida ko‘proq o‘lim holatlarining kuzatilishiga yetarli salbiy sabablar bordirki, shunday ahvol kuzatilgan. Ya’ni, ana shu hududlarda tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar sust borayotganidan dalolat bermasmikin?

Birinchi navbatda ota-ona yoki oilalardagi kattalarning befarqligi, ikkinchidan, zarur tibbiy muolajalarning o‘z vaqtida amalga oshirilmagani ham yosh bolalar, go‘daklarning bevaqt bu dunyoni tark etishiga sabab bo‘lmoqda. Zero, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tibbiyot sohasidagi tub islohotlarning ham asosiy maqsadi, avvalo, yosh avlodning sog‘lom va baquvvat kamol topishini ta’minlashga qaratilgan.

 

 Mayna HASANOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: