Vatan ravnaqi – qutlug‘ saodat

Yillar yillarni quvib o‘tar ekan, ortda qolgan nurli izlar ko‘zga to‘tiyo bo‘lib qolaveradi. Tarix solnomasiga zarhal harflar bilan bitilayotgan nomi tillarda doston bo‘lgan yillarimizning zalvorli qadamlari o‘chmasdir. Qo‘lini ko‘zlariga soyabon qilganicha huv olis kengliklarga boqayotgan Safar boboning yuziga tabassum enadi.

Bu yil muborak 90 yoshni qarshilayotgan bobo hali-hanuz hassaga bo‘y bergan emas. Sababini so‘rasangiz ilk saharning mayin yeliga yuz tutganiyu, tunda esa oy yonidagi yulduzlarga boqib peshonasidagi halol ter evaziga o‘tkazgan yana bir kuni sarhisobidan shodumonligiga shukronalar aytishiyu, shu kuni besamar ketmaganida ekanligini aytib, sizni ham mehnat maydoniga yetaklaydi. Ha, har bir o‘tgan kuningdan ko‘ngling to‘lishiga ne yetsin. Kindik qoni to‘kilgan yer, shu bir siqim tuproq e’zozi jon qadar aziz ekanligini bobo nabiralariga bot-bot takrorlashdan hali-hanuz charchamaydi.

Sevikli nabirasi, baland-baland imoratlaru inshootlar chizmasini tayyorlaydigan arxitektor G‘ulomjon hademay ishdan qaytadi. Uning va’dasiga ko‘ra ertaga dam olish kuni bobosini so‘lim Toshkentning Bo‘zsuv kanali qoshidagi «Shahidlar xotirasi» xiyoboniga olib bormoqchi. Tong­ning mayin shabbodasi qanot qoqqanida bobo-nabira yo‘lga otlanishdi. Bo‘zsuvning sharqiroq suvlari qirg‘og‘iga ne bir sirlarni so‘zlab mavjlanadi. Bo‘g‘zidagi xo‘rsinishni asta yutgan bobo o‘tganlar ruhiga tilovat qiladi. Bobosiga qo‘shilib G‘ulomjon ham fotiha qo‘l ochadi. – Bolam Vatan ravnaqi ulug‘ saodat, deya bu yo‘lda jon fido etganlar umri boqiydir, buni aslo unutma ta’kidlaydi bobo sekin bosh irg‘ab. Safar bobo G‘ulomjonga yurtdagi o‘zgarishlar, ulkan bunyodkorlik ishlarida kamarbasta bo‘layotgan xalqimizga ulug‘ ajdodlarimizning ruhi madadkorligi xususida uzoq gapirdi. G‘ulomjon esa bundan g‘oyat ta’sirlanib qalbidagi cheksiz hayajonidan beixtiyor entikib qo‘yadi.

– Mana bu Bo‘zsuv kanali ustiga qurilgan haybatli ko‘prikka qara bolam, uning mustahkamligi xalqimiz jipsligiga o‘xshaydi, – ta’kidlaydi Safar bobo mamnunlik bilan yo‘lida davom etarkan.

– To‘g‘ri aytdingiz bobojon shahrimizdagi bunday ulkan ko‘priklar, ravon yo‘llar yurtimizda amalga oshirilayotgan barcha ezgu ishlarning bir bo‘lagi sifatida bizni shu dorulomon kunlarga yetkazgan ajdodlarimizni, diyorimizni dunyoga tanitdi, – deya so‘zlaydi G‘ulomjon ham qalbi g‘ururga to‘lib.

– Eh-he-e xalq bir burdadan non bersa to‘ydiradi… deydi dono xalqimiz, el-ulusning birligi yurtning obodligi, hamma gap birlikda. Shu hur, nurli istiqlol sabab qadim qadriyatlarimizni dunyoga ko‘z-ko‘z qilmoqdamiz, o‘zligimiz tiklandi. Toshkent jamoliga boqib ko‘zing quvnaydi. Shahar qiyofasi butunlay o‘zgardi. Uning ko‘rkiga ko‘rk, husniga husn qo‘shildi, – deydi bobo. Bobo va nabiraning maroqli suhbati uzoq davom etdi. Darhaqiqat, shu dorulomon kunlar shukuhi ona O‘zbekistonimiz nomi tillarda, ellarda doston bo‘ldi. Yurtboshimiz Islom Karimov rahnamoligida istiqlolning dastlabki kunlaridanoq zamonaviy imoratlar va inshootlar qurilishiga alohida e’tibor berildi. Ayniqsa, ko‘plab xal­qaro miqyosdagi yo‘llar va ko‘priklarning jahon andozalariga mos holda barpo etilgani bunyodkor xalqimizning mahoratidan dalolat berib turibdi. Bu ezgu ishlarning ko‘lami yanada keng, istiqboli esa zalvorli. Bugun O‘zbekiston avtomobil yo‘llari orqali yuklarning qariyib 85 foizi, yo‘lovchilarning 95 foizdan ortig‘i tashilmoqda.

Yana o‘qing:  Inklyuziv ta’lim: mohiyat, maqsad va muruvvat

Ayni vaqtda O‘zbekiston Respublikasi avtomobil yo‘llari tarmog‘ining umumiy uzunligi 183 ming kilometrdan ortiqdir. Uzunligi 2755 kilometr bo‘lgan O‘zbekiston milliy avtomagistrali ham ushbu tarmoqqa kiradi.

2013 yil – “Obod turmush” yilida avtomobil yo‘llarini qurish va ta’mirlash uchun 1.2 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ sarflanishi ko‘zda tutilgan. Ayni vaqtda yo‘l qurilishida «Katerpiller», «Virtgen», «Libxerr», «Xamm», «Fogele», «Komatsu», «Kato» kabi xorijiy kompaniyalarning zamonaviy yo‘l qurilish mashinalari hamda uskunalari qo‘llanilmoqda. Ular yordamida asfalt-beton va sement-beton qoplamali yo‘llar qurilmoqda. Asfalt-betonli yo‘llarning yaroqlilik muddati 6-18 yilni tashkil qiladi va shundan so‘ng to‘liq ta’mirlash ishlarini bajarish zarurati tug‘iladi. Sement-betonli yo‘llarning yaroqlilik muddati esa 16-25 yilni tashkil etadi. Yo‘l qoplamasini har olti yilda tekshirish va joriy ta’mirlash talab etiladi. O‘tgan yillar mobaynida qariyib 4,5 ming kilometr xalqaro va respublika ahamiyatiga ega yo‘l foydalanishga topshirildi va to‘liq rekonstuksiya qilindi. 176 ko‘prik, 20 yo‘l o‘tkazgich va umumiy uzunligi 4638 pogonmetr transport chorrahasi qurilib ta’mirlandi. Toshkent–Andijon–O‘sh, Toshkent–Samar­qand–Buxoro, Toshkent–Chimyon–Chorvoq avtomobil yo‘llari rekonstruksiya qilinib birinchi toifaga o‘tkazildi. Samarqand-Qarshi-Termiz va Buxoro-Nukus-Qo‘ng‘irot-Beynov yo‘llarida serqatnovlik hisobga olinib, ular ikkinchi toifa parametrlari bo‘yicha rekonstruksiya qilindi. Umumiy uzunligi 67 kilometrlik Toshkent xalqa avtomobil yo‘li ishga tushirildi. Ko‘plab yo‘l o‘tkazgichlar va estakadalarga ega 6-8 polosali qatnash qismini o‘z ichiga olgan 32 kilometrlik Toshkent kichik xalqa yo‘li ham barpo etildi. Mamlakatimizda ko‘plab daryolar uzra zamonaviy ko‘priklar, yirik aholi punktlarini aylanib o‘tish yo‘llari qurildi. 2011-2015 yillarga mo‘ljallangan maqsadli dastur asosida xalqaro normalar va zamonaviy talablarga ko‘ra umumiy uzunli 2306 kilometrlik yangi magistral avtomobil yo‘llari qurilishi ko‘zda tutilgan. Ularning 1410 kilometri to‘rt polosali bo‘lib, uning 474 kilometri sement-beton, qolgani asfalt-beton bilan qoplanishi rejalashtirilgan. Bundan tash­qari asfalt- beton qoplamali ikki polosali yo‘l bunyod etish ham ko‘zda tutilgan. Mazkur magistral avtomobil yo‘llari tarkibida 1910 pogonmetr ko‘priklar va yo‘l o‘tkazgichlar, hamda ko‘plab transport chorrahalari bunyod etiladi.

Qadim-qadimdan ilm-fan va madaniyat beshigi bo‘lgan Toshkentning tarixiy jug‘rofiy xaritasi va qurilishlarida xiyobon va ko‘chalarida, anhoru ariqlarida ular uzra qurilgan ko‘priklarda tarix mujassam. Taxtapul darvozasi va shu nomdagi ko‘prik va Kaykovus anhori misolida ham buni ko‘rish mumkin. Manbaalarda qayd etilishicha Taxtapul ko‘prigi (ya’ni, Yog‘och­ko‘prik) atrofi karvonlar uchun asosiy to‘xtash va qo‘nish joyiga aylangan.

Yana o‘qing:  MILLIY INTERNET TANLOVI

Keyinchalik ko‘priklar maxsus pishirilgan g‘ishtdan do‘ng-arkasimon qilib qurildi. Endi bu ko‘priklar o‘rniga ham yirik transport ko‘priklari qurilishi talab etila boshladi. Mustaqillik tufayli bu ish amalga oshirilib temir beton qurilmali ko‘priklar uzra to‘rt qatorli yo‘llardan kechayu kunduz avtoulovlar beto‘xtov qatnab turibdi. Toshkentning obodonlashtirish bosh rejasi asosida yo‘l-qurilish xo‘jaligidagi ish sur’ati va hajmi beqiyos darajada o‘sdi. Har bir ko‘prikning o‘ziga xos belgilariga, muhandislik va me’moriy yechimiga ega bo‘lishiga e’tibor qaratildi. Bu esa o‘z navbatida shaharning badiiy qiyofasi shakllanishida muhim ahamiyat kasb etdi.

Toshkentdagi «Ko‘prikqurilish» tresti, «O‘zavtoyo‘l», «Metro qurilish», «Shahar yo‘l qurilish» hamda 159-qurilish trestlarining qo‘li gul quruvchilari va yo‘lsozlarining samarali mehnatlari tufayli qurilgan ko‘prik va yo‘llar sifati zamon talablariga mos.

Toshkentning ko‘rkiga zeb berib turgan Kichik xalqa yo‘li, Miskin, Usta Shirin ko‘chalari va Ahmad Donish ko‘chasi kesishmasidagi, Gavhar ko‘chasi va Bunyodkor shoh ko‘chasi kesishmasidagi, Kichik xalqa yo‘li va Taraqqiyot ko‘chasi kesishmasidagi, Kichik xalqa yo‘li va Parkent ko‘chasi kesishmasidagi ko‘prik-yo‘llar har tomonlama qulayligi bilan ajralib turadi. Hamza tumani Ichki ishlar bo‘limi yaqinida (Qorasuv ustidan), Kichik xalqa yo‘lida (Bo‘zsuv ustidan) o‘tgan avtomobil yo‘l ko‘priklari zamonaviy va ko‘rkam ko‘rinishga ega.

Ko‘priklar qurilishida mustahkamligi yuqori bo‘lgan po‘lat, yengil qotishmalar va betonlar, parchin mixli birikmalar o‘rnida payvand birikmalar, tutash temir-beton ko‘prik qurishda qismlarga ajratiladigan opalubkalar va montaj agregatlari ishlatila boshlandi.

Chirchiq, Sirdaryo, Amudaryodan o‘tkazilgan ko‘priklar, asosan temir-betondan arkli va ramali qilib qurilgan.

O‘zbek xalqi qadim-qadimdan me’moriy obidalar, ko‘rkam imoratu inshootlar bunyod etishda o‘ziga xos maktab yaratgan. Bunyodkor el farzandlari kuch-g‘ayrat bilan yangi marralar sari intiladi.

Nabirasi G‘ulomjonning yangi chizgan loyihasi haqidagi fikrlari Safar boboni aslo befarq qoldirmaydi. Chunki, unda bolajon diyorimiz farzandlarining ertangi kuni uchun xizmat qiladigan ravon yo‘llar va keng ko‘priklarning qurilishi mujassam. Ertangi kun esa bugundan boshlanadi.

Zero, Yurtboshimiz Islom Karimov ta’kidlaganidek: «Har qaysi inson Olloh taolo ato etgan noyob qobiliyat va iste’dodini avvalo o‘zi uchun, oilasining, millati va xalqining, davlatining farovonligi, baxt-saodati, manfaati uchun to‘liq baxshida etsa, bunday jamiyat shu qadar kuchli taraqqiyotga erishadiki, uning sur’at va samarasini hatto tasavvur qilish ham oson emas».

Yana o‘qing:  OBODLIK KO‘NGILDAN BOSHLANADI

Yo‘llar ravon bo‘lsa dil chorog‘on bo‘ladi. Ayni vaqtda qadim Shoshning ko‘rkini namoyon etib turgan mahobatli ko‘priklar, avtomobil yo‘li ko‘priklaridan minglab avtoulovlar to‘xtovsiz ravishda qatnab turibdi. Yaratilgan bunday qulayliklarning barchasi el-yurt ma’murligi uchun xizmat qiladi albatta.

Ha, har bir ishga xolis bahoni xalq beradi. Xalq bergan baho esa haq bahodir. Buyuk ipak yo‘lining chorrahalarida joylashgan Toshkent bag‘ridagi muhtasham ko‘priklar, keng va ravon yo‘llar uning ertasi yanada ulug‘vorligidan dalolat beradi.

Jamila HAYDAROVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: