Xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni, avvalo, oilada shakllanadi

Xotin-qizlarga hukumat darajasida ko‘rsatilayotgan yordamlar ko‘lami va imkoniyatlar endi yanada salmoqli bo‘ladi.

 Siyosiy faol fuqaro, tadbirkor, tibbiy savodxon va ma’naviyatli ona, iqtisodiy bilimlar egasi bo‘lgan rafiqa – mana bu zamonaviy va ilg‘or xotin-qizlarning portretiga qisqa ta’rif. Chunki oilada nafaqat erkak har tomonlama yetuk bilimli, savodxon hamda bir ishning boshini tutgan bo‘lishi zarur, balki uning umr yo‘ldoshi bo‘lgan ayol ham kasbu hunarli yoki biror ma’lumot egasi bo‘lishini zamonning o‘zi talab etmoqda.

Bir davriy nashrda ko‘zim tushgan edi. Xitoyliklar o‘g‘il-qizlariga “Agar sen yaxshi o‘qimasang, kelajakda bolalaring och qoladi”, der ekan. Ota-ona oilaning qo‘sh ustuni. Biror sabab bilan bu ustunlarning biri qulasa, oila atalmish muqaddas qo‘rg‘onning zalvori bitta inson uchun og‘irlik qiladi. Shu sababli yigit-qizlarni oilaga tayyorlashda, avvalo, ularga bo‘lajak ota-ona sifatida qarash kerak. Qiz tarbiyalayotgan onalar millat kelajagiga mas’ul eng katta tarbiyachilar hisoblanadi. Zero, xalqimizda “Onasini ko‘rib qizini ol, arqog‘ini ko‘rib bo‘zini ol”, degan maqol behudaga aytilmagan. Ayrimlar uchun arzimas bahona bilan ajralib ketish cho‘t emas. Ba’zan ikkala tomonning “Sendan men kammi?”, degan iddaolari-yu soxta g‘urur, kibr sababli yoki quda tomon ayniqsa, qiz onasining “Tor qornimga siqqan, keng hovlimga ham sig‘adi”, degan so‘zlari tufayli ham hali hayotiy tajribaga ega bo‘lmagan yoshlar ajralib ketmoqda.

Oila ham aslida kichik bir mamlakat. Uning ichki qonun va qoidalari bor. Ajrimlar ortida esa norasida go‘daklar taqdiri yotibdi. Buni bir mamlakat miqyosida oladigan bo‘lsak, ehhe, raqamlar miqdori qanchaga ortadi.

Har bir qiz turmushga chiqar ekan yangi oila ostonasiga ulkan orzu-umidlar bilan qadam qo‘yadi. U misoli bir navnihol. Kelinchakni oilada nafaqat turmush o‘rtog‘i, balki qaynona va shu oilaning boshqa a’zolari ham do‘stona qo‘llab-quvvatlashi zarur. Hamjihat va murosa-yu madora bilan yashayotgan oilalarda tinchlik-xotirjamlik bo‘ladi. Shuningdek, kelinchak yangi oiladagilarning mehru muhabbatini qozonishga harakat qilishi darkor. Ayniqsa, o‘zbek oilalarida farzand tarbiyasida otaning mas’uliyati va burchi katta. “Qars ikki qo‘ldan chiqadi”, deydi dono xalqimiz. Oilada biror kelishmovchilik bo‘lsa, albatta, kattalar ham kichiklarning muammolarini tinglashi zarur. Xonadon bekasi bo‘lmish ayolni ham dardini ichiga yutmay, so‘zlashga imkon yaratish lozim. Shundagina kichik-kichik nizolar katta janjalga aylanib ketmaydi. Birov bilan dardlashmagan odam bora-bora og‘ir xastalikka chalinadi yoki hayotdan ko‘ngli soviydi. Yigit kishi oila qurgach, u nafaqat turmush o‘rtog‘i haqida qayg‘uradi. Kuyov yigit zimmasidagi yuk ikki barobarga ko‘payadi.

Yana o‘qing:  Rak kasalliklarining oldini oluvchi 10 ta mahsulot

Endi u ota-onasi, yaqin jonu jigarlari holidan ham xabar olishi kerak. Men juda ko‘p xorij davlatlarida xizmat safarida bo‘lganman. Bizning jonajon O‘zbekistonimizdagidek hech qaysi davlatda xotin-qizlarga keng imkoniyat va imtiyozlar berilmagan. Shuning uchun opa-singillarimiz, qizlarimiz bundoq o‘ylab ko‘rishlari kerak: “Men fuqaro sifatida ona Vatanimga nima berdim?”. “Men yurtim rivojiga qanday hissa qo‘shayapman?”, degan savol xotin-qizlarimizni hushyor tortirishi kerak.

Ayol zoti tabiatan ta’sirchan yaralgan. Ammo, bemehrlik uni gulday so‘ldiradi. Depressiya (tushkunlik), stress (ruhiy zo‘riqish) sababli turli onkologik xastaliklar rivojlanishi sir emas. Shu sababli har bir inson boshqa inson ko‘nglini Ka’ba kabi avaylasin. Zero, oilada va jamoada e’zozlangan odam hamisha sog‘lom va baxtli bo‘ladi.

Yaqinda matbuotda e’lon qilingan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonini o‘qib, endi nafaqat jamoalar bilan ishlash kerak, balki yurtimizdagi har bir xotin-qizning muammosini yurakdan his etib, manzilli tarzda ular bilan alohida ishlash davri keldi, deb hisoblayman. O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi va uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, viloyatlar, shahar, tumanlardagi tuzilmalari mamlakatimizdagi barcha onaxonlar, opa-singillarimizning suyanch tog‘i, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Endi ushbu qo‘mitaning faoliyatini ham tubdan isloh etishni zamonning o‘zi talab etmoqda. Respublika “Oila” ilmiy-amaliy markazi o‘rnida “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi va uning hududiy bo‘limlarining tashkil etilishi ham quvonarli holdir.

Har jabhada faol, serqirra faoliyat egasi bo‘lgan, shuningdek, mamlakatimizda onalik va bolalik muhofazasi va oilalar mustahkamligiga munosib hissa qo‘shgan xotin-qizlarga Yurtboshimiz tomonidan “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoni ta’sis etildi.

Bu opa-singillarimiz, munis onajonlarimiz zahmatli mehnatlarining yuksak e’tirofidir.

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi va uning hududiy bo‘linmalari rahbarlari, eng avvalo, hayotda og‘ir vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlar, nogironligi bo‘lgan ayollarni aniqlash hamda ular bilan aniq maqsadli reja asosida ishlashga shaxsan javobgarligi ham ushbu farmonda belgilab qo‘yildi. Shuningdek, xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, ular o‘rtasida hunarmandchilik va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha hamda ushbu fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirish, ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha tegishli idoralar bilan hamkorlikda ishlashga mas’uldirlar.

Yana o‘qing:  KITOB YO‘LI

Ushbu farmonga muvofiq endilikda O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi va “Oila” markazi vakillarini ularning vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari bilan bog‘liq bo‘lmagan yig‘ilishlarga hamda boshqa tadbirlarga jalb etish ta’qiqlanadi. Ushbu soha vakillariga aloqasi bo‘lmagan quruq tadbirbozlik va majlisbozliklar o‘rniga amaliy ishlar, bevosita har bir xotin-qiz bilan jonli muloqot qilish ham yuqorida nomlari qayd etilgan tashkilotlar faoliyati qatoridagi muhim bir vazifa kabi e’tiborga olinadi.

Xususan, “Oila” markazining barcha hududiy bo‘limlari tibbiyot kasb-hunar kollejlari negizida yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, oiladagi nizoli holatlarni bartaraf etishda huquqiy va psixologik bilim berish, ajrimlarning oldini olish, oilalardagi ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni qadrlashni yoshlarga o‘rgatishga doir va oila atalmish sirli dunyo sinoatlariga xos bilimlarni egallashda kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash bo‘yicha ham o‘quv kurslari tashkil etilishi xususida ushbu farmonning 12-bandida belgilab qo‘yilganligi bizning ham zimmamizga katta mas’uliyat yuklaydi. “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi va uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, viloyatlar hamda tumanlardagi tayanch maskanlarida faoliyat yuritayotgan vakillarimiz uchun fuqarolarimizning ijtimoiy hayotdagi eng kichik muammolari ham begona emas. Zero, barcha hamkasblarimiz bevosita xalq bilan yaqin muloqotda ishlaydilar. Ayniqsa, onalik va bolalikni muhofaza etish sohasida xodimlarimiz katta hayotiy tajriba orttirishdi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi.

Ushbu yangi farmonda oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlarida reproduktiv yoshdagi xotin-qizlar uchun “Ayollar maslahatxonalari”ni tashkil etish ko‘zda tutilgan.

 

Yana bir muhim yangilik. Endilikda Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti o‘n to‘rt yoshga to‘lgan va o‘ttiz yoshdan oshmagan iqtidorli qizlarga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan ikki nafar talabgorga berilishi belgilandi.

O‘z navbatida yosh chegarasining uzaytirilishi ko‘pgina salohiyatli, ilmiy izlanishlar qilayotgan qizlarimiz uchun ham yana bir imkoniyat va imtiyoz bo‘ldi.

Xulosa qilib aytganda ushbu tarixiy hujjat O‘zbekiston xotin-qizlari hayotida yanada ulkan, ijobiy o‘zgarishlar uchun mustahkam zamin yaratadi, deb ishoch bildiraman.

 

Svetlana INAMOVA,

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Boshqaruvi raisi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: