Uyg‘unlik: mehr va tarbiya

Oilada farzand tug‘ilishi – baxt. Bu oilaning yanada mustahkam bo‘lishiga zamin degani. Ammo, bolaning aqliy rivojlanishida nuqson kuzatilsa, ota-onalar o‘z farzandlarining xulqi hamda aqliy kamolotidagi kamchiliklar sabab tengdoshlaridan orqada qolayotganini ko‘rib bundan nihoyatda qayg‘uradilar.

Davlatimiz tomonidan imkoniyati cheklangan bolalarga tibbiy hamda ijtimoiy yordam kafolatlangan bo‘lib, respublikamizda alohida yordamga muhtoj bolalar ulardagi nuqson turiga ko‘ra, toifalarga bo‘lgan holda ta’limga jalb etiladi. Shunday toifa bolalarning bir guruhini aqli zaif bolalar tashkil etadi. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining yo‘nalishlariga ko‘ra, respublikamizda 86 ta maxsus maktab va maktab-internatlar faoliyat yuritadi. Ushbu muassasalarning bir tarmog‘ini aqli zaif o‘quvchilar uchun mo‘ljallangan yordamchi maktablar, maktab-internatlar tashkil etadi. Aqli zaif bolalar yordamchi maktab-internatlarda ta’lim-tarbiya olish bilan bir qatorda, maxsus dastur asosida kasbiy mehnat malakalarini ham egallab boradilar.

Afsuski, bu yaratilgan sharoitlardan qandaydir sabablarga ko‘ra hamma ham birdek foydalana olmayotganini aytib o‘tish joiz. Bolalarni maxsus ta’limga kech, katta yoshda jalb etilishi yoki umuman ta’lim bilan qamrab olinmasligi holatlarining uchrab turishi bugungi kunning muhim muammolaridandir. Imkoniyati cheklangan farzandlarini ta’limga jalb etish, ularni nuqsonlariga ko‘ra maxsus muassasalarga yo‘naltirish ota-onalar oldidagi mas’uliyatli vazifa hisoblanadi. Taassufki, alohida yordamga muhtoj farzandlari bor ota-onalarning hammasida ham nuqsonli bolani tarbiyalash uchun zaruriy savodxonlik yetarli emas. Zero, oilada aqliy jihatdan nuqsoni bo‘lgan bolani tarbiyalayotgan ota-onalarning korreksion-pedagogik savodxonligini oshirish mexanizmini ishlab chiqish hozirgi kunda ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan masalalardan sanaladi.

Yordamchi maktab tajribasidan kelib chiqib shuni aytish mumkinki, ota-onalarning aksariyati oilada aqli zaif farzandlariga tarbiya berishning samarali usullarini yaxshi bilmaganliklari sababli, ular bolaga nihoyatda e’tiborlilik bilan qarab, g‘amxo‘rlik qiladilar. Bolani oilasi va o‘zi uchun zarur bo‘lgan va qo‘lidan keladigan vazifalardan ham ozod etishadi. Bunday ota-onalarni ayblash mumkin emas, ammo ularning rahmdilliklari bola uchun foyda keltirmaydi. Aksincha, haddan tashqari ezgulik mustaqillikka, murakkab hayot sharoitiga yetarli darajada moslashish qobiliyatidan mahrum qiladi.

Shu o‘rinda qayd etish kerakki, aqli zaif bolani oilada to‘g‘ri, korreksion yo‘nalishda tarbiyalashni ota-onalarga o‘rgatish yordamchi maktablar zimmasidagi vazifalardan biri hisoblanadi. Aqli zaif bola yordamchi maktabda tahsil olar ekan, o‘z-o‘zidan oila va maktab hamkorligi yo‘lga qo‘yiladi. Bu hamkorlik aqliy jihatdan nuqsonli bolani tarbiyalayotgan ota-onalarning tibbiy, pedagogik, psixologik savodxonligini oshirishda qulay imkoniyatdir.

Yana o‘qing:  Jamg`arma faoliyatidan (2012-34)

Masalan, Toshkent shahridagi 52-yordamchi maktabda “Ota-onalar universiteti”, “Onalar maktabi” singari klublarning ishlari keng yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, unda mutaxassislar ishtirokida turli-tuman mavzularda davra suhbatlari olib borilishi ota-onalarning nuqsonli bola tarbiyasidagi savodxonligini yanada oshishiga xizmat qilmoqda. Masalaning yana bir og‘riqli nuqtasi shundaki, aqli zaif bolalarning ota-onalarini aksariyat qismida ham aqliy nuqson kuzatiladi. Bu toifa ota-onalarga individual yondoshilib, soddalashtirilgan dastur asosida bola tarbiyasiga doir bilimlarni berib borilishi ham ota-onalar pedagogik savodxonligini oshirishning bir ko‘rinishidir.  

“Ota-onalar universiteti”da oilada aqli zaif bolani tarbiyalayotgan ota-onalarga quyidagi maslahatlarni tavsiya qilamiz:

– Oilada aqli zaif bolaga nisbatan to‘g‘ri munosabatni o‘rnating, juda g‘amxo‘rlik yoki o‘ta qattiqqo‘llik qilmang;

– oilada aqli zaif bolaga mehnat, o‘z-o‘ziga xizmat qilish malakalarini o‘rgating;

– imkoniyati cheklangan bolaning sog‘lom tengdoshlari bilan tez-tez muloqotda bo‘lib turishini tashkil eting;

– oiladagi, atrof-muhitdagi narsa va hodisalar haqidagi tasavvurlarini rivojlantiring;

– oilada aqli zaif bola bilan iloji boricha ko‘proq muloqotda bo‘ling;

– nogiron bolaning sog‘lom tengdoshlari bilan tez-tez muloqotda bo‘lib turishini tashkil eting;

– yuqumli va boshqa kasalliklarga chalinishidan saqlang;

– aqli zaif bolalar uchun maxsus ta’lim-tarbiya va korreksion tadbirlar qancha erta boshlansa, bolaning amaliy malakalarni egallashi oson kechishini unutmang;

– oilada tarbiya to‘g‘ri tashkil etilsagina, aqli zaif bolaning rivojlanishida ijobiy natijalarga erishish mumkin.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, Respublikamizda aqli zaif bolasi bor ota-onalarning savodxonligini oshirish mexanizmini ishlab chiqish hozirgi kunda o‘z yechimini kutayotgan muammolardan ekan, jamoatchilik tashkilotlari, mahallalar, imkoniyati cheklangan, alohida yordamga muhtoj bolalar ta’lim-tarbiyasi bilan shug‘ullanuvchi maxsus muassasalar o‘z tashabbuslarini ko‘rsatishlari lozim deb hisoblaymiz. Mahallalarda, oilaviy shifoxonalarda ota-onalarga birlamchi korreksion-pedagogik ko‘nikmani berishda shifokor, defektolog, psixolog yordamini tashkil etish alohida yordamga muhtoj bolalarni ota-onalarining savodxonligini oshirishda zaruriy va muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.

 

D. HASANOVA,

 Respublika “Oila” IAM tadqiqotchisi

R. HAMRALIYEVA,

Toshkent shahar 52-yordamchi maktab direktori

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: