“O‘tkan kunlar” endi 18+ bo‘ladimi?

Ma’lumki, 2018 yilning 9 martida “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun kuchga kiradi. Mazkur hujjat bolalarning ma’naviy-ruhiy dunyosini har xil xurujlardan himoya qilishga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatli bo‘lib, ekspertlar mazkur qonun dolzarbligini mamlakatimiz aholisining 35 foizi 18 yoshga to‘lmagan shaxslardan iborat ekani bilan asoslashmoqda.

Germaniya, Italiya, Fransiya, Buyuk Britaniya, AQSH, Yaponiya va boshqa davlatlar tajribalari asosida tayorlangan qonun matni bilan tanishar ekanman ko‘p narsa ushbu hujjat ijrosini ta’minlashga mas’ul idoralar mutasaddilariga bog‘liqligi oydinlashadi. Masalan, qonunning “Axborot mahsulotining yoshga oid tasnifi” deb nomlangan 17-moddasini olaylik. Unda axborot mahsulotining yoshga oid tasnifini belgilash axborot mahsulotini ishlab chiqaruvchilar va tarqatuvchilar tomonidan, shu jumladan, ekspertlarni jalb etgan holda O‘zbekiston Respublikasi hududida tarqatish boshlanguniga qadar amalga oshiriladi, deyilgan. Vaholanki, bugun bozorda qanday qilib bo‘lmasin o‘z mahsulotini o‘tkazishni oldiga asosiy vazifa qilib qo‘ygan ayrim axborot mahsuloti ishlab chiqaruvchilari ularni osonlikcha tasniflamasa kerak.

Qonun talabiga ko‘ra tarqatilayotgan axborotga yosh toifasini ishlab chiqaruvchilarning o‘zlari yoki bu sohadagi akkreditatsiyadan o‘tgan ekspertlarni o‘z hisobidan haq to‘lab taklif qilishlari va ularning xulosasiga ko‘ra tasnif qo‘yishlari kerak. Biroq, bu o‘z-o‘zidan amalga oshadigan ish emas. Buning uchun ishlab chiqaruvchi yo vijdonli, qonunni hurmat qiladigan bo‘lishi yoki bo‘yin tovlaydiganlarga nisbatan qonun bilan keskin choralar belgilanishi zarur.

Axborot mahsulotining yoshga oid tasnifini belgilash va yosh toifalarini qo‘yish masalalari mazkur hujjatning muhim, ta’bir joiz bo‘lsa, nozik jihatlaridan hisoblanadi. Bu ishlab chiqaruvchidan ham ko‘ra ekspertlar zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Endilikda ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, kino, teatr va adabiyotlar, internet, jahon axborot tarmog‘idagi veb-saytlar, reklama vositalari hamda boshqa turdagi axborot tarqatish kanallari uchun u bilan tanishish mumkin bo‘lgan bolalar yoshi toifalariga qarab 0+, 7+, 12+, 16+, 18+ belgilari bilan belgilanadi va bunday yozuvlar aks ettirilishi shart qilib qo‘yildi. Axborot mahsulotining yoshga oid tasnifini amalga oshirishda bir qator talablardan tashqari uning mavzusi, janri, mazmuni va badiiy bezagiga ham jiddiy e’tibor qaratiladi.

Bugungi global dunyoda turli vositalar orqali zo‘ravonlik, fahsh, qotillik, turli oqimlarga da’vat etuvchi, shuningdek, ma’naviyatimiz va qadriyatlarimizga mutlaqo yot g‘oyalarni targ‘ib etuvchi axborotlar uchramoqdaki, bu ularni cheklash ehtiyojini oshirmoqda. Yangi qonun bilan bolalarni bu kabi salbiy ta’sirlardan himoya qilish maqsad qilib qo‘yilgan ekan, tegishli ekspertlar mas’uliyatini har tomonlama oshirish taqozo etiladi. Chunki bu oson amalga oshadigan jarayon emas. Ayrim axborot mahsulotlari bo‘yicha xulosa berish uzoq izlanishni, audio-video mahsulotlarni soatlab eshitish-ko‘rishni, tadqiq etishni taqozo etadi. U yoki bu axborot mahsulotiga tasnif berishda yuzaki yondashish yoxud noto‘g‘ri malakalash vaziyatga aks ta’sir ko‘rsatishini ham unutmaslik zarur.

Yana o‘qing:  Harbiy hayot mening taqdirimda…

Qonunga muvofiq endi yurtimizda nashr qilinadigan kitoblar o‘quvchi yoshiga qarab tasniflanadi. Oilaviy qadriyatlarni inkor etadigan, jinsiy buzuqlikni targ‘ib qiladigan, shuningdek, ota-onalar va oilaning boshqa a’zolariga nisbatan hurmatsiz munosabatni shakllantiradigan kitoblardan bolalarni himoya qilish tizimi malakalanadi.

Bir so‘z bilan aytganda, milliy qarashlarimizga zid, axloqsizlikni targ‘ib qiladigan asarlarni mutolaa qilish qat’iy ta’qiqlanadi.

Bugun yurtimizda kitob mahsulotlarini nashr qilish yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Mamlakatimizda 118 nashriyot, 1760 matbaa korxonasi faoliyat yuritmoqda, har yili 7 tilda 60 million nusxadan ortiq kitob chop etilayotir. Biroq, chop etilayotgan kitoblarning barchasini ham bugungi kun talabiga mos keladi, deb bo‘lmaydi. Ayrim nashriyotlar tomonidan o‘zining nizom talablariga to‘g‘ri kelmaydigan, milliy qadriyatlarga zid, g‘oyaviy hamda matbaa sifati past mahsulotlar ishlab chiqarilayotgani ham bor gap. Avvalo mana shunday kitoblar chiqishining oldi olinishi zarur.

Kitoblar tasnifiga keladigan bo‘lsak, bu ancha qiyin kechadigan va katta bilim, tajriba talab etadigan, shuningdek, bahs-munozaraga ham sabab bo‘ladigan jarayon. Masalan, xalqimiz qalbidan joy olgan “O‘tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon” romanlarini olaylik. Ularda sevgi-muhabbat sahnalari bilan birga o‘g‘rilik, qotillik, bosqinchilik mavzulari keltirilgan.

Xo‘sh, ekspertlar bu kitoblarni qaysi yoshdan o‘qishni tavsiya qilishadi? Axir ular maktab darsliklariga kiritilgan-ku. O‘quvchi yoshiga mos tushmasa, uni o‘n sakkiz yoshga yetgunga qadar o‘qimay kutib turadimi?

Vaholanki, bu kitoblarda vafo, sadoqat, oilaga hurmat, yuksak tuyg‘ular tarannumi ham ifodalangan. Shunday ekan, ularni 18 yoshdan keyin o‘qitib nimaga erishish mumkin?!

Ko‘rinayaptiki, yangi qonun vakolatli idoralar mutaxassislaridan, ekspertlardan alohida e’tibor va sinchkovlik talab etadi. Uning ta’sirchanligini oshirish, ijrosini “Six ham, kabob ham kuymaydigan” qilib ta’minlash kerak. Ishqilib ekspertlarimiz “Qosh qo‘yaman deb, ko‘z chiqarib qo‘yishmasa” bo‘lgani.

 

Muso MURODOV,

jurnalist

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: