Ko‘zlarida mehri bor opam…
Qadrdonim, Vasila opa! Mana, 35 yildirki, siz bilan deyarli har kun ko‘rishamiz. “Ishi birning boshi – bir” deganlari shu bo‘lsa kerak. Har gal siz bilan ko‘rishganimda ko‘zlaringiz mehru muhabbat bilan to‘lib-toshganini ko‘raman. Unda samimiy va toza insoniy tuyg‘ular balqib turadi. Ko‘zlaringiz ezgulikdan so‘zlaydi.
Men dunyoda hislar jo‘sh urib turgan siznikidek sehrli ko‘zlarni kam uchratganim bor gap. Ba’zan o‘ylayman, ehtimol opalarcha mehribonlik bilan boqib turgan nigohlarga “asir” tushdimmi yo chinakam onalarcha muruvvatdan sizga tug‘ishgan singildek muhabbat qo‘ydimmi? Haqiqatda bir erkatoy singildek sizga talpinaman. Ha, bu dunyoda odamning mehrga talpinadigan damlari bo‘ladi, yaxshiligu ezguliklarga intiladigan paytlari bo‘ladi. O‘shanday vaqtlarda doimo qalbga malham bo‘lasiz!
Opajon, olijanob xislatlaringiz haqida sizga ko‘p va xo‘p aytishgandir, lekin siz bu gaplarga e’tibor qilmaysiz. Shuning uchun ham sizga maktub qoralayapman. Ichimdagi bor samimiy niyatlarim, siz haqingizdagi beg‘ubor fikrlarimni qog‘ozga tushirmoqchiman.
Siz qirq yildan ziyod bolalarning sevimli “Gulxan” jurnalida xatlar va ommaviy aloqalar bo‘limi rahbari sifatida ishladingiz. Bir inson hayotining qirq yili! Xayolimda chamalaymanu, sizga bo‘lgan hurmatim yanada ortadi. Siz o‘z yumushingizdan ortib, bolalar uchun ertak, hikoya va matallar yozdingiz. Ilk asarlaringizni o‘zi bola vaqtida hayratga to‘lib o‘qigan kishi, bugun ularni o‘z nevarasiga o‘qib berayotgan bo‘lsa, ne ajab.
Xalqimizning “daraxt bir joyda ko‘karadi”, degan ajoyib naqli bor. Bunga butun faoliyatingiz aniq misol. Uzoq yillar bolalar dunyosida ijodiy parvoz etdingiz. Vasila opa bolalar uchun ko‘plab matallar, ertaklar, kichik maqolalar yozish bilan birga jahon adabiy merosi xazinalarini o‘zbek tiliga tarjima qilishdek mashaqqatli ishni qoyilmaqom tarzda uddaladingiz. Jumladan, Leonardo da-Vinchining kichkintoylar uchun yozilgan ertak va hikoyalarini bir kitobga jamlaganingiz jajji avlod uchun eskirmas va unitilmas sovg‘a bo‘ldi. Mehnatlaringiz zoye ketmadi.
Sizga mamlakatimiz o‘quvchi-yoshlarining ta’lim-tarbiyasi borasidagi mehnatlaringiz uchun “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni berildi.
Yurtimizda sog‘lom va barkamol avlodni kamol toptirish borasidagi xizmatlaringiz ham munosib baholanib, “Shuhrat” medali bilan taqdirlandingiz.
Opajon, eslaysizmi? 1982 yilda “Gulxan” jurnaliga texnik muharrir sifatida ishga kelgan davrimdanoq, kamtarona lutfingiz meni rom qilgan. Bizga alohida mehr berardingiz. Yurish-turishimiz, kiyinishimiz bilan ham qiziqardingiz. Aytmoqchimanki, siz hech kimga, hech narsaga befarq qaramaysiz. Agarda biror kishining usti yupunroq yoki uni sal uringanroq kiyimda ko‘rsangiz, darhol hech kimga aytmasdan, yangi kiyim olib berishga oshiqardingiz. O‘sha damlarda quvonchdan ko‘zlaringiz yashnab ketardi, ko‘nglingiz taskin topardi. Bu ezgu odatingizdan haliyam yosh shogiirdlaringiz bahramand bo‘layotganini ko‘rib, quvnaymiz.
Opajon bilaman, sizga hamma birdek. U inson hamkasbingizmi, yaqinda tanishganmisiz yo eski qadrdoningizmi, farqi yo‘q. Hech qachon odam ajratmagansiz. Bu yaxshi, bu yomon deb tanlab o‘tirmaysiz. O‘zimning opajonim, sizga hamma birdek, hamma yaxshi, olijanob kishi bo‘lib tuyulaveradi. Chunki, ko‘nglingizda zarracha g‘ubor yo‘q, top-toza! Birovning kamchiliklarini ham sezib tursangizda, yuziga aytmaysiz. Bu xislatlaringiz andishali, o‘zbekona oilada tarbiya topganingizdan bo‘lsa kerak. Biz sizning ziyoli oilangizga, qarindosh-urug‘laringizga, aka-opalaringizga hamisha havas bilan qarab kelamiz. Erkin aka, Chaman opa, Moila opa, Ilg‘or aka, Ilyos, Ilhom, Islom kabi ukalaringiz, eh-e, jiyanlaru, jigargo‘shalar… Hammasi birdek sizni e’zozlaydi. Shunday oqibatli jigarlarning boriga ming shukrlar bo‘lsin.
Vasila opa sizdan ko‘p eshitganman. “Ota-onamning saxiyliklari, bag‘rikengliklarining chek-chegarasi bo‘lmagan. Otam rahmatli, doimo bir gapni qayta-qayta takrorlardi: “o‘ng qo‘ling berganni, chap qo‘ling bilmasin. Senga yomonlik qilganga, albatta yaxshilik qilgin. Tosh otganga, osh otgin”.
Ha, siz ham xuddi shunday yaxshilik urug‘larini sepib, ota-onangiz ruhlarini shod etib, charchamaysiz… Chunki chinor ungan ildizdan chinor o‘sib chiqadi…
Shu kunlarda g‘ayratingiz ichingizga sig‘mayapti. O‘zingizni odamlarga kerak ekaningizni yanada teranroq his etayotgandeksiz. Ayni vaqtda “Sog‘lom avlod” gazetasida yoshlarga o‘rnak bo‘lib, tahririyatning onaxoni sifatida faoliyat yuritib kelmoqdasiz. Shogirdlar ardog‘idasiz. Ular sizni “ena” deya hurmat bilan tilga olganida ko‘nglim orziqib ketadi. Yana o‘sha samimiy va mehribon chehrangiz ko‘z o‘ngimda namoyon bo‘ladi.
Qolaversa, sizda yana bir muhim xislat bor. Hafta davomida bizga hamnafas, hamroh bo‘la turib, dam olish kunlari qo‘ng‘iroq qilib, ko‘ngil so‘rashni hech kanda qilmaysiz. Ko‘p bor urinaman, bu safar men qo‘ng‘iroq qilaman, deya dilimga tugaman. Biroq, har doimgidek kech qolaveraman. Telefon jiringlasa yuragim hapqiradi. Ich-ichimdan sevinib ketaman. Xuddi kimdir quloqlarim ostida Vasila opangiz qo‘ng‘iroq qilyapti, shoshing, go‘shakni ko‘taring, deyayotgandek bo‘ladi.
Vasila opajon, Jasurbekdek mehribon, ko‘ngli toza yigitni tarbiyalab voyaga yetkazganingiz – sizning baxtingiz. Shirinaxondek go‘zal va maftunkor keliningiz, hamda shirindan-shakar nabiralaringiz qurshovida umrguzaronlik qilish saodati uzoq davom etsin!
Sevimli opajonim! Qutlug‘ yoshingiz muborak bo‘lsin! Bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor. Kishilarga yaxshilik qilishdan aslo charchamang, mehringiz bulog‘idan hali yana ko‘plab insonlar bahramand bo‘lib, undan to‘yib-to‘yib sipqorishiga ishonamiz. Sizga cheksiz hurmat bilan singlingiz:
Manzura UBAYDULLAYEVA