Qorin sohasidagi og‘riq

uning sabab va oqibatlari

Appenditsit bo‘yicha dastlabki operatsiya eramizdan bir necha ming yil oldin o‘tkazilgan: fir’avnlar davrida ularning XI avlodlaridan birining mo‘miyolangan tanasi tekshirilganda o‘ng yonbosh sohasida kesilgan chandiq aniqlangan. Bu operatsiya muvaffaqiyatli bo‘ldimi yoki bemorning mo‘miyoga aylanishiga sabab bo‘ldimi, bu noma’lum. Lekin shunisi ma’lumki, uzoq asrlar oldin ham tabiblar ushbu kasallik haqida ma’lumotga ega bo‘lishgan va uni «yiringli o‘sma» yoki «o‘ng yonboshdagi yiringli oqma» deb atashgan.

Ammo bu xastalikni ular qanday davolashni bilishmagan va shu sababli kasallikdan odamlar dahshatli tarzda o‘lim topishgan. Undan tuzalish esa nihoyatda kam kuzatilgan. Eramizning XVI asrlariga kelib ma’lum bo‘ldiki, ushbu azoblanishni ko‘richakning uncha katta bo‘lmagan o‘simtasi chaqirarkan. O‘simta yallig‘lanib yiringlaydi, yorilib yiring qorin bo‘shlig‘iga oqib chiqadi va qorin pardani yallig‘lantiradi. Bu o‘simta chuvalchangsimon ko‘rinishda bo‘lib, ko‘richak tubida joylashgan va hech qaysi a’zo bilan bog‘lanmagan. Shuning uchun ham uni appendiks (lotincha) – ko‘richakning ortig‘i deb nomlashgan.

Kasallik belgilari.

Xastalik ko‘pincha to‘satdan qorinda og‘riq paydo bo‘lishi bilan boshlanadi. Og‘riq qorin ustidan boshlanib, uning hamma yeriga tarqaladi, bir necha soat o‘tgach esa, o‘ng yonbosh — biqin sohasidagina muqim o‘rnashadi. Bemorning o‘ng biqini doimo sir­qirab og‘riydi, ba’zan sanchiq turadi. Tana holatining o‘zgartirilishi, ishlash yoki yurish jarayonida hamda bemor yo‘talganida og‘riq kuchayadi.

Odatda bemorning ko‘ngli aynishi, 1-2 marta qayt qilishi, tana harorati 37-390Sga ko‘tarilishi mumkin. Ko‘pincha bemor o‘ng tomonga yonboshlab yotib oladi, chunki chap tomonga yonboshlab yotish og‘riqni kuchaytirib yuboradi.

Bunday holat yuz berganda zudlik bilan vrachga yoki “Shoshilinch tibbiy yordam”ga murojaat qilish shart. Aks holda kasallik rivojlanib, chuvalchangsimon o‘simta yiring­lab yoki chirib ketishi, hatto yorilib, qorin bo‘shlig‘iga yiring va najas tarqalib, nihoyatda og‘ir asoratlar (peritonit) yuz berishi mumkin. Shunday og‘ir asoratlar qatoriga infeksiyaning qonga o‘tib ketishi (sepsis) va jigar darvoza venasining yiring­li yallig‘lanishi (pileflebit) ham kiradi.

Kuzatuvlar shuni ko‘rsatdiki, o‘simtaning yallig‘lanishiga olib keladigan sabablar bir nechta: ichak infeksion kasalliklari, angina (bodomcha bezlarining yallig‘lanishi) o‘simta peristaltikasi (harakati)ning buzilishi, ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra ratsionda go‘shtli mahsulotlarning ko‘p bo‘lishi. Lekin sog‘lom odamda ham appenditsit to‘satdan yuzaga kelishi mumkin.

Yana o‘qing:  Endi kuyish jarohatidan forig‘ bo‘lish mumkin

Hozirga kelib ishlab chiqilgan va takomillashgan jarrohlik (operatsiya) usullari agar bemor kech murojaat qilmagan bo‘lsa yaxshi natijalar bermoqda. Hozirda jarrohlar shu qadar mahorat bilan chuvalchangsimon o‘simtani olib tashlashni o‘rganishdiki, go‘yo bu muammo o‘z xavfini yo‘qotgandek. Ammo bolalar xirurgik amaliyotida sog‘likka jiddiy xavf solishi mumkin bo‘lgan bu rudimentar, (ortiqcha) a’zoni olib tashlash maqsadga muvofiqmi? Haqiqatdan ham bu a’zo tanamiz uchun keraksizmikan? Statistik ma’lumotlarga ko‘ra o‘tkir appenditsit qorin bo‘shlig‘i xirurgik kasalliklarining eng ko‘p uchraydigan xastaliklari qatoriga kiradi. Appendiks hazm a’zolari shakllanayotgan davrda paydo bo‘ladi. Ko‘richak ikki qismdan iborat: ingichka ichak qismi va uning davomi bo‘lmish ingichka, rivojlanmay qolgan – appendiks qismi bo‘lib, kattalarda uning o‘lchami 8 smdan – 15 smgacha, bolalarda esa 5-8 sm bo‘ladi. Uning devorlari ichak devorlari kabi shilliq, shilliq osti, mushak va seroz qavatlardan iborat. Appendiks devorlarining tuzilishida o‘ziga xoslik bor: uning shilliq osti qavatida follikula ko‘rinishidagi limfoid to‘plam mavjud. Mutaxassislar fikricha ushbu to‘plam juda katta ahamiyatga ega. Sizga ma’lumki, limfoid to‘qima tanamizning hamma himoya faoliyatida ishtirok etadi. Uning qismlari butun tana bo‘ylab tarqalib joylashgan bo‘lib, har biri tegishli vazifani bajaradi. Agar terining tirnalish orqali jarohatga virus, kasallik chaqiruvchi mikroorganizm, yot antigen tushsa, kasallikka qarshi kurashish uchun eng yaqin joylashgan limfa tuguni faoliyat boshlaydi. Agar qo‘zg‘atuvchi kuch va miqdor jihatdan ko‘p bo‘lsa butun tanamizdagi immun tizimi himoyaga kirishadi.

Tanamizda doimiy yot moddalar tushib turadigan yo‘l bor — bu me’da-ichak tizimidir. To‘g‘ri, ovqat tarkibidagi oqsillar qonga tushguniga qadar begona genetik ma’lumotni tashimaydigan universal oqsilgacha parchalanadi. Shunday bo‘lsada, noantigen molekulalar bilan birga antigen (yot)lari ham qonga o‘tib qolishi mumkin. Aynan shuning uchun ham ichaklarda limfoid «gornizonlar», «himoya kuchlari» mavjud. Balki, chuvalchangsimon o‘simta faqat mahalliy himoya uchun kerakdir deb o‘ylarsiz? Appendiksdagi o‘ta kuchli limfoid tizimning borligi organizmning hamma himoya reaksiyalarida qatnashish imkoniyatini beradi. Masalan, klinik kuzatuvlarga ko‘ra, appendiksi olib tashlangan insonlarda ko‘chirib o‘tkazilgan a’zolarni tutib ketishi yaxshi kechadi. Ayniqsa, ko‘richak o‘simtasi yallig‘lanish kasalliklarida juda tez ta’sirlanadi.: limfoid hujayralar soni bir necha barobar ortadi. Ularning faolligi oshadi va bu hujayralar antitelo ishlab chiqara boshlaydi. Shuning uchun ham appendiksni «ichakdagi bodomcha bezi» deb atashadi.

Yana o‘qing:  Tilimi tanga sihat

Lekin hayron qolarlisi shuki, aynan shu limfoid apparat appendiksni eng himoyasiz, nozik a’zoga aylantiradi. Gap shundaki, follikulyar apparatning faollashishi o‘simta devorlarini shishishiga va uning peristaltikasining buzilishiga, appendiks ichi mahsulotlarining tutilib qolishi va natijada yallig‘lanish jarayoni – appenditsit rivojlanishiga olib kelishi mumkin.

Shunday ekan bolalik davrida appendiks limfoid «gorni­zon»i­dan voz kechish va umrbod rivojlanishi mumkin bo‘lgan yallig‘lanish jarayoni ehtimolidan qutulish yaxshi emasmikan? Ayrim xorij mamlakatlarida chuvalchangsimon o‘simtani bolalar go‘daklik chog‘idayoq olib tashlashga urinishlar bo‘lgan, lekin tibbiyotning oltin qoidasi «zarar berma» degan fikrga ko‘ra mutaxassislar appendiks faoliyatini to‘liq tekshirishga kirishdilar.

Eng qulay eksperemental model quyon bo‘lib chiqdi. Bu jonivorda odamdagi appendiksga o‘xshash ko‘richakda o‘simta mavjud. Dastlab quyonlar organizmiga limfoid to‘qimani buzuvchi modda kiritildi. So‘ng infeksiyaga qarshi kurasha oladimi, yo‘qmi bilish uchun ularga tif qo‘zg‘atuvchilari yuborildi. Kutilganidek javob sifatida antitelolar ishlab chiqarilmadi. Ammo shu quyonlarga tif qo‘zg‘atuvchilari qayta yuborilganda kutilmagan natija aniqlandi: tekshiruvchilar hayrat bilan organizmda maxsus antitelolar paydo bo‘lganini kuzatishdi.

Quyonlarda o‘simta follikulalaridan tashqari hamma limfoid to‘qima himoyaga yaroqsizligi, faoliyati buzilganligi aniqlandi. Unda nafaqat saqlangan balki, kattalashib, antigen qayta yuborilganda himoya reaksiyasiga kirishganligi ma’lum bo‘ldi. Tad­qiqotchilar tajribani qayta-qayta takrorlashsa ham bir xil natijaga erishildi. Bu o‘simta (odamlarda appendiks) limfoid apparati zahira degan taxminga asos bo‘ldi. Zahira o‘z nomi bilan zahira. Undan sababsiz voz kechish esa aqlsizlik bo‘lardi.

Ammo appendiks faqatgina «ichak bodomcha bezi» sifatida faoliyat ko‘rsatmay balki, yo‘g‘on ichakdagi doimiy mikroflorani saqlab turadi. Appendiks ichak tayoqchalari uchun inkubator vazifasini bajaradi. Bu yerda ular ichak mikroflorasining eng muhimlaridan biri sifatida yashaydi. Aynan shu yerdan yangidan-yangi ichak tayoqchalari porsiyalari chiqib, ichakdagi ko‘pgina faoliyatlarda qatnashadi. Jumladan, boshqa patologik mikroorganizmlarni ko‘payishiga yo‘l qo‘ymaydi. Bundan tashqari ichakda «V» guruhi vitaminlarini ishlab chiqarilishida qatnashadi. Ma’lumki, disbakteriozlar ichak tayoqchasi sonini kamayishi bilan kechib, og‘ir V vitamin yetishmovchiligi bilan xarakterlanadi.

Aniqlanishicha, appendiks sekret ishlab chiqarib, u mikroblarni qirish xususiyatiga ega ekan. Appendiks ishlab chiqaradigan sekretlar tarkibi olimlarni shunchalik qiziqtirib qo‘ydiki, uning bu xususiyatidan patogen mikroblarni noaktiv holatga o‘tkazish yoki bartaraf qilish imkonini beruvchi lion fermentlar ishlab chiqish yo‘llarini qidirishmoqda.

Yana o‘qing:  ONALIK VA BOLALIK MUHOFAZADA

Afsuski, hozirgacha chuvalchang­simon o‘simta faoliyatiga doir ma’lumotlar kam to‘plangan. Uning ayrim faoliyatlari u ko‘p qirrali ekanligi va tanamizda «ortiqcha» emasligini isbotlamaydimi? Yaratganning aynan appendiksda shunchalik kuchli limfoid tizimni yaratishining qanday sababi bor edi? Yana nima uchun bu a’zo qon tomirlar va asab tolalariga bunchalik boy? Axir bor yo‘g‘i 8-15 smli o‘lchamdagi kichik a’zodagi asab tolalar ingichka va yo‘g‘on ichakning birgalikdagi asab tolalari miqdori bilan tenglashadi. Appendiks rudiment a’zo emas, evolyusiyaning so‘nggi bos­qichlarida paydo bo‘lgan a’zo deb taxmin qiluvchi mutaxassislar fikri to‘g‘ridir. Buning isboti shuki, evolyusiyaning eng yuqori pog‘onalaridagi sut emizuvchilar orasida primatlar (odamsimon maymunlar) va insonlar appendiks yaxshi rivojlangan mavjudotlar sanaladi.

Bahodir HAMIDOV,

ToshPTI dotsenti,

tibbiyot fanlari nomzodi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: