So‘z bog‘ining bog‘boni
Yashash bu shunchaki katta dalani kesib o‘tish emas, balki shu dalaning aqalli bir chekkasiga daraxt ekib ketishdir. Kun kelib shu daraxtning soyasida o‘tirgan, mevasidan bahramand bo‘lgan insonlar, albatta, bog‘bon xotirasini ezgu so‘zlar bilan yod etishadi va baquvvat ildizlarini mehr bulog‘ida qaynagan obi-hayot ila sug‘orishadi.
Sobiq tuzumning sovuq shamollariga qaramay, o‘zidan ulkan bog‘ qoldirib ketgan adib, shubhasiz Abdulla Qahhordir. Mana necha yildir-ki, bu bog‘dagi “Sarob”, “Sinchalak”, “Qo‘shchinor chiroqlari”, “Muhabbat” kabi chinormonand asarlari insonlarning yuragida chuqur ildiz otib ulgurgan. “Bog‘imizning gavjum bo‘lishi bejiz emas edi. Abdulla Qahhor oddiy dehqondan tortib akademikkacha hammaning ko‘nglini topa olar edi. Odamlarning ko‘ngliga tushadigan birgina kalit bor, bu kamtarlik, oddiylikdir. Abdulla Qahhor nomi butun respublikaga taralganda ham “men falonchiman” demagan. Shu sababli uyimizdan yaxshilar qadami sira uzilmas edi”, deb yozadi hassos adibning suyukli rafiqasi Kibriyo Qahhorova.
Maktabda o‘qib yurgan kezlardayoq, Toshkentga borsam, albatta, Abdulla Qahhorning uy muzeyiga boraman degan niyatni ko‘nglimga tugib qo‘ygandim. Orzuimga erishish hamda Abdulla Qahhorning asarlariga bo‘lgan cheksiz muhabbatim va ishtiyoqim meni adibning uy-muzeyi tomon yetakladi. Bu qutlug‘ dargohga kirib borar ekanman, mana shu uyda buyuk adib yashaganini, qachonlardir u inson men kirgan eshikdan har kun kirganini va devorlarida qo‘llarining izlari qolganini his etish endi adabiyot ostonasiga qadam qo‘yayotgan menday talaba qiz uchun ulkan baxt edi.
Muzey xonalaridan birining devorida osig‘liq turgan jumlani o‘qib, nafaqat ta’sirlandim, balki Abdulla Qahhorni inson sifatida qaytadan kashf etdim. Bu so‘zlar adibning rafiqasi Kibriyo Qahhorovaga bag‘ishlangan edi: “Biz er-xotingina emasmiz. Er-xotinlik oramizdagi munosabatdan bir jo‘zigina. Agar biron tashqi majburiyat bizni er-xotinlikka barham berishga majbur qilsa, oramizdagi munosabat juda ham zarar tortadi. Oramizda faqat bitta kelishmovchilik bor: u mendan keyin o‘lishni, men undan keyin o‘lishni istamaymiz”. Bunday samimiy so‘zlar faqat muhabbatga to‘lgan, sadoqatga ko‘milgan sof yurakdan chiqadi. Aytmoqchi, Kibriyo Qahhorovaning “Chorak asr hamnafas” nomli kitobi adib xotirasiga qo‘yilgan munosib yodgorlikka aylandi, desak yanglishmaymiz.
Mana shunday shirin o‘ylar bilan Abdulla Qahhorning mehmonlar kutadigan xonasiga kirdim. U yerdagi katta stol va atrofida aylana qilib qo‘yilgan stullar diqqatimni tortdi. Shunda qiziquvchanligim ustun kelib buning sababini muzey xodimlaridan so‘raganimda ular xuddi men kutgan javobni berishdi. Abdulla Qahhor hamisha mehmonlar bir davra bo‘lib o‘tirishini xush ko‘rgan, bunga sabab esa yozuvchi hammani o‘z atrofida jamlab, hech kimni e’tibordan chetda qolib ketishini istamagan. Shuning o‘ziyoq adibning naqadar mehmondo‘st va ochiqko‘ngil bo‘lganligidan dalolat beradi. Men o‘ylaymanki, Abdulla Qahhorning buyukligi uning ochiqko‘ngiligida edi. Balki shuning uchun bu adibning shogirdlari ham xalqimiz ardog‘idagi yetuk ijodkorlar bo‘lib yetishdi. Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Ozod Sharafiddinov kabi adabiyotimiz darg‘alari bu insonni o‘zlariga ustoz deb bilib, ko‘rsatgan yorug‘ yo‘llaridan ketishdi. Mana shu emasmi, bog‘bonning mehnatlari samarasi, natijasi. Bu bog‘lar hali ancha hosil beradi, biz yoshlar esa uning mevalaridan bahramand bo‘laveramiz.
O‘g‘iloy NE’MATOVA,
Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi,
Toshkent davlat sharqshunoslik instituti talabasi