Odam taftini odam oladi
XXI asr – texnika jadal sur’atlar bilan rivojlanayotgan tezkor davr. Insoniyat uchun og‘ir yuk bo‘lgan ko‘pgina vazifalarni texnika va robotlar o‘z zimmasiga olmoqda. Odamlar uchun barcha sohada qancha qulayliklar yaratilmasin biroq, ular hamisha vaqt kamligidan nolishadi. Hatto, oilada hamma bir dasturxon atrofida jamul-jam o‘tirish hollari kamayib ketmoqda.
Kimdir barvaqt turib nonushta qiladi-yu o‘qishga yoki ishga shoshiladi. Tushlikda ham shu ahvol. Ba’zi oilalarda kechga tomon uyga kelgan yoshlarni esa albatta, yana o‘rtoqlari qo‘ng‘iroq qilib yoniga chaqirib oladi. Ota-onalarning oila a’zolari bilan o‘zaro jonli muloqot qilishi oiladagi psixologik muhitga ijobiy ta’sir etadi. Eshikdan kirib kelgan kattayu kichik huda-behudaga, zarurat bo‘lmasada qo‘l telefonini “qulog‘iga yopishtirib” oladi. Go‘yoki bu dunyoda undan “ishbilarmon” va “uddaburon” kimsa yo‘qday.
Azaldan xalqimizda “Elakka chiqqan xotinning ellik og‘iz gapi bor” degan maqol mavjud. Qo‘ni-qo‘shnilarning g‘iybatlashmasdan dildan suhbatlashishlari o‘zlarining sog‘liqlari uchun foydali. Zero, “Odam taftini odam oladi” deb behudaga aytilmagan. Chet ellarda jonli muloqotga muhtoj insonlar soatiga falon AQSH dollari to‘lab psixiolog huzuriga oshiqadi. Hozirda bu kabi psixologik markazlar o‘zimizda ham mavjud. O‘sha markazlarning birida bo‘lganimda xona rasmiy idora kabi emas, balki uy muhitiga moslashtirib jihozlanganining guvohi bo‘ldim. Qiziqib mutaxassisdan bu haqida so‘raganimda uning dasturida aynan jonli muloqotga bag‘ishlangan bob ham borligi haqida aytib berdi. Bu dasturga asosan mijoz bir piyola choy yoki bir finjon qahva ichib, psixiolog bilan o‘zining oila a’zosi yoki eng yaqin do‘sti kabi miriqib, uni qiynayotgan muammolar xususida suhbatlashar ekan.
Ayni kunlarda keksalik nafaqasiga chiqqan ota-onalarimiz, boboyu buvijonlarimiz ham bizning diydorimizga va shirin suhbatlarimizga mushtoq. Bir oz bo‘lsada o‘z muammolarimiz girdobiga “g‘arq” bo‘lmay, ular bilan suhbatlashishga ham vaqt topaylik. Kattalarning dardlariga ham quloq tutaylik. Zero, ularning ko‘pchiligining yaqin jonu jigari do‘stu dugonalari bu yorug‘ olamni tark etishgan. Endi ularning bolalik va yoshlik xotiralarini tinglash yoshlarga malol kelmasin. Zero, keksalik – bu donishmandlik va tajribaga boy fasl. Umr kuzagining serhosil davrida yetilgan purma’no so‘z gavharlaridan barhamand bo‘laylik. Yoshi kattalar biz uchun tirik kitob kabidir. Yuzlaridan nur yog‘ilib turgan, o‘zgalarga yaxshilik tilovchi, qo‘llari hamisha ezgu duolarga ochiq kayvonilar suhbatiga intilasiz. Ammo, buning aksi bo‘lsa, “yomon qarigan odam”dan uzoqroq yurishga intilasiz. “Kimning qanday qarigani uning yoshlikda qilgan amallariga bog‘liq”, deb o‘qigan edim bir kitobdan.
Telefon orqali suhbat qilish yoki yaqinlariga “SMS” yuborish yohud hozirda urf bo‘lgan “skipe” yoki “imo” lar orqali bir-birini efirda ko‘rib suhbatlashish jonli muloqotga yetmaydi. Jonsiz muloqot jarayoni xuddi chanqagan odamga cho‘lda sarob daryo bo‘lib ko‘ringanday gap. Daniel Defoning “Robinzon Kruzoning sarguzashtlari” asaridagi bosh qahramon salkam o‘ttiz yil atrofida kimsasiz orolda yashaydi. U kishilik jamiyatidan olisda yashasada o‘zligini yo‘qotmaydi. Chunki u avvalo Yaratganga umid va ishonch bilan iltijo qiladi. So‘ngra o‘zi ham kundalik tutib, boshidan o‘tkazgan voqea-hodisalarni yozib boradi. Shuningdek, atrofdagi tilsiz jonzotlardan sado chiqmasada, go‘yoki ular bilan “suhbatlashadi”. Oradan bir necha yil o‘tib uning hayotida Jumavoy paydo bo‘ladi. Unga ustozlik va otalik qilish, eng muhimi tirik jon – inson bilan muloqot qilish baxti Robinzon Kruzoni yashashga bo‘lgan ishtiyoqini oshiradi. Ammo asardagi shu orolga kema halokati sababli kelib qolgan yana bir odam esa (u Robinzonning tanishi bo‘lib chiqadi) hech kim bilan muloqot qilmaganligi sababli aqldan ozadi.
Katta shaharlarda keksa ota-onalari yoki qarindosh-urug‘larini butunlay yolg‘iz qoldirib, xorijga yashash va ishlashga uzoq muddatga yoki butkul ketganlar qariyalarning ahvoli bilan qiziqishmaydi. “Insofli”lari esa ularni “Saxovat” – qariyalar uylariga topshirishadi. Qachonki o‘sha keksa ota-onasi yoki qarindoshi dunyodan o‘tsa ular mahalla-ko‘y yoki militsiya xodimlarining ko‘magida so‘nggi manzilga “eson-omon” kuzatilgach, merosxo‘rlar ko‘kdan tushganday meros da’vo qilib zumda paydo bo‘lishadi.
Bunday voqealarning bir nechasiga shaxsan o‘zim guvoh bo‘lganman. Afsuski, “Bu dunyo – qaytar dunyo”. O‘sha loqayd, tirik haykal merosxo‘rlarni ham keksalikda shu qismat kutsa ne ajab. Shifokor-mutaxassislar fikriga ko‘ra qariyalarda demensiya – keksalar aqli zaifligi rivojlanishiga uzoq vaqt hech kim bilan jonli muloqot qilmaslik ham sabab bo‘lar ekan. Shuningdek, ko‘ngil yaqin insonlar bilan dildan suhbatlashish depressiya (tushkunlik), stress (ruhiy zo‘riqish)ning oldini oladi.
Aziz yurtdoshlar!
Xulosa qilib aytganda katta-yu kichik, yoshu qari Sizdan maslahat yoki yordam so‘rab murojaat etsa, ozgina vaqtingizni ayamasdan o‘sha insonni tinglang. Zero, kimdir chorasizlikdan qaltis yo‘lga qadam qo‘yayotgan bo‘lsa yoki yomon, “vos-vos” o‘y-xayollar girdobiga tushib qolganda yohud kimdandir norozi bo‘lsa, balki do‘stona suhbatingiz sabab qalbi yorishar. Jonli muloqot sababli ko‘ngillar ezgulikka to‘lsin. Olam yaxshilik-la obod bo‘lsin, deya tilak bildiramiz.