Maktabgacha ta’lim tizimiga mustahkam poydevor zarur
Mutaxassislarning ilmiy xulosalariga ko‘ra inson umri davomidagi barcha ma’lumotlarning 70 foizini 5 yoshgacha bo‘lgan davr oralig‘ida oladi. Misol uchun, buyuk bobomiz, muhaddis olim Imom al-Buxoriy 5-6 yoshda islom ilmini chuqur o‘qib o‘rgangan.
Hazrati Navoiy 4 yoshda o‘qishni mukammal bilgan. Al-Beruniy, Al-Xorazmiy ham ular qatorida yoshlikdanoq ilm cho‘qqilarini zabt etgan.
Bugunga kelib, yosh avlodni ajdodlarga munosib farzand qilib tarbiyalash maqsadida qator xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 30 sentyabrdagi “Maktabgacha ta’lim tizimi boshqaruvini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ta’lim sohasi rivojida yangi davrni boshlab berdi. Mazkur tizim mutaxassislari bilan o‘tkazilgan stol atrofidagi davra suhbatimiz tizimdagi o‘zgarishlar haqida bo‘ldi.
Gulbahor PARPIYEVA,
Maktabgacha ta’lim vazirligi bosh mutaxassisi:
CHET TILI TO‘GARAKLARI BEPUL BO‘LADI
– Yurtboshimiz farzandlarimizning chuqur bilim olishi, o‘z iqtidor va salohiyatini to‘la namoyon etishi uchun ta’lim sohasiga jiddiy e’tibor qaratmoqda. Bu borada muhim tarixiy hujjatlar imzolanmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 30 sentyabrdagi “Maktabgacha ta’lim tizimi boshqaruvini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ana shunday muhim qarorlardan biri bo‘ldi. Ushbu sa’y-harakatlar tufayli yangi – Maktabgacha ta’lim vazirligi tashkil etildi. Vazirlik faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida boshqaruv xodimlari cheklangan soni 47 nafardan iborat bo‘lgan markaziy apparat tuzildi.
Vazirlik ish boshlaganidan buyon oldimizga qo‘yilgan aniq maqsadlar sari harakatlanyapmiz. Eng avvalo, joylardagi maktabgacha ta’lim tizimining moddiy-texnik bazalari o‘rganildi. Hududlardagi qarovsiz binolarni maktabgacha ta’lim muassasalariga aylantirish rejaga kiritilmoqda. Shuningdek, maktabgacha ta’lim muassasalari rahbar va mutaxassislarini qayta tayyorlash hamda malakasini oshirish bo‘yicha dastur tuzilmoqda. Endilikda MTMlarda faqat oliy ma’lumotli kadrlar mehnat qiladi.
Shuningdek, o‘rganishlar natijasida shu narsa ma’lum bo‘ldiki, ayrim chekka hududlarda umuman bog‘cha faoliyat ko‘rsatmaydi. Bu muammoning ham yechimini topishga harakat qilyapmiz. Misol uchun Navoiy viloyatining Qizilcha va Temirtov qishloqlarida 2018 yilning sentyabr oyida maktabgacha ta’lim muassasasi binosi qurib, foydalanishga topshirilishi rejalashtirildi. Chekka hududlarda ota-ona tomonidan to‘lanadigan badal puli ham 50 foizga arzonlashtirildi.
Kelgusidagi rejalardan yana biri maktabgacha ta’lim muassasalarida chet tili to‘garagi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. E’tiborlisi, mashg‘ulotlar mutlaqo bepul bo‘ladi.
Abdurashid SODIQOV,
Maktabgacha ta’lim vazirligining oziq-ovqat sifatini nazorat qilish bo‘lim boshlig‘i:
KELGUSIDA BARCHA BOG‘CHALARDA SUV HAVZALARI QURILADI
– Maktabgacha ta’lim muassasalarida oziq-ovqat sifati hamisha bosh masala hisoblanadi. Yurtboshimizning tizimga qaratgan e’tibori samarasida sifatli oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazish masalasining yangi tarmog‘i yo‘lga qo‘yilmoqda. Endilikda hududlardagi bog‘chalar ko‘p tarmoqli fermerlarga biriktiriladi. Bu degani, poliz yoki go‘sht mahsulotlari kabi oziq-ovqat yetishtiruvchi fermerlarning hisob raqamiga tarbiyalanuvchilar uchun ota-onalar tomonidan to‘lanadigan badal pulidan ma’lum qismi o‘tkaziladi va ular o‘zlariga biriktirilgan bog‘chalarni kerakli mahsulotlar bilan ta’minlaydi. Sifatli mahsulot yetkazib beradigan fermerlarga yoqilg‘i va yem arzon narxda yetkazib beriladi.
Shuningdek, kelgusida barcha bog‘chalarda bolalarning jismonan chiniqishi uchun suv havzalari quriladi. Bu bo‘yicha ham rejalar tuzilmoqda. Yurtimizning chekka hududlarini o‘rganish uchun borganimizda ayrim maktabgacha ta’lim muassasalarida ichimlik suvining toza saqlanishiga ehtiyoj borligiga guvoh bo‘ldik va bu borada ham takliflar o‘rganilmoqda.
Joylarda ota-onalar bilan suhbatlashganimizda ular bizga “Bog‘chadagi oziq-ovqatni kim nazorat qiladi? Bolalarga qanday ovqat berilyapti?” kabi savollar bilan ko‘p murojaat qilishadi. Shu fursatdan foydalanib, ota-onalarga shuni aytmoqchiman. Hurmatli ota-onalar, farzandingizni maktabgacha ta’lim muassasasiga olib kelganingizda oshxonaga bir razm soling. Kunlik taomnoma bilan tanishing. Shaxsan o‘zingiz tayyorlanayotgan ovqatning sifatini ko‘rishingiz mumkin. Unutmang, farzandingiz shu yurtning kelajagi. Uning salomatligiga esa barchamiz mas’ulmiz.
Durdona SAYFULLAYEVA,
bolalar psixologi:
AGAR FARZANDINGIZNI TARBIYALAMASANGIZ BOSHQALAR “TARBIYALAYDI”
– Prezidentimiz maktabgacha ta’lim tizimiga alohida e’tibor qaratmoqda. Bunday paytda barchamiz ushbu xayrli ishga o‘zimizning munosib hissamizni qo‘shmog‘imiz lozim.
Maktabgacha ta’lim tizimining takomillashuvi ota-onaga yanada katta mas’uliyat yuklaydi. Mehnat faoliyatimdan kelib chiqqan holda shuni aytishim mumkinki, ayrim ota-onalar farzandini bog‘chaga bergach, uning ta’lim olishi, tarbiyasiga e’tiborsiz bo‘ladi. Ular barcha mas’uliyatni tarbiyachilarga yuklashadi. Aslida bu ish unchalik to‘g‘ri emas.
Ba’zan farzandimiz biror ishni noto‘g‘ri qilsa, “bola-da” deb qo‘yamiz. Bu bilan katta xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lamiz. Aslida shirintoylarimizning har bir so‘zini diqqat bilan tinglab, ularga to‘g‘ri javob qaytarishga og‘rinmaslik kerak.
Bugun axborot xurujlari, eng avvalo, yoshlar ongiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Farzandlarimizni ana shunday yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolishdan asrash maqsadida maktabgacha ta’lim tizimini tubdan isloh qilishga katta e’tibor qaratilmoqda. Unutmang, agar farzandingizni o‘zingiz tarbiyalamasangiz, boshqalar “tarbiyalaydi”.
Xulosa o‘rnida Yurtboshimizning quyidagi so‘zlarini aytib o‘tsak, “Qaysi sohani olmaylik, biz zamonaviy yetuk kadrlarni tarbiyalamasdan turib biron-bir o‘zgarishga, farovon hayotga erisha olmaymiz. Bunday kadrlarni, millatning sog‘lom genofondini tayyorlash, avvalo, maktabgacha ta’lim tizimidan boshlanadi”.
Dildora FAYZIYEVA yozib oldi.