Bilim – maktab ko‘rki, obodligi
Maktab haqida gap ketsa odamning chehrasi yorishadi. Dil to‘lqinlanib ketadi. Bolalik xotiralari yodga tushib, bir zumga bo‘lsada maktab bag‘riga, jonajon sinf xonaga qaytkisi keladi. O‘zing o‘qigan maktabning yutuqlari haqida quvonib-quvonib, xalq tili bilan aytganda og‘iz to‘ldirib gapirging keladi.
Kasbim o‘qituvchi, taqdirim maorif yo‘li bilan bog‘langani tufayli institutni tamomlab kelgan paytlarim viloyatning nomdor maktablarda bo‘lishni, u yerdagi o‘quv xonalari va zallarini aylanib tomosha qilishni, shu maktabning ilg‘or o‘qituvchilari bilan chin ko‘ngildan suhbatlashib, yutuqlar sirini o‘rganishga, to‘plagan tajribalari bilan o‘rtoqlashish orqali o‘zim ham oz bo‘lsada tajriba orttirishga harakat qilardim. Shu maqsadda o‘zimizning Oltinsoy tumanimizdagi va, ayniqsa, Denov tumanidagi tilga tushgan maktablarni borib ko‘rganman. Shunda yashirib nima qilaman, u yerdagi ta’lim-tarbiya, o‘qitish jarayonlariga havas qilib «Qaniydi men ham shunday maktabda ishlasam, hayajonlanib darslar o‘tsam. Shunday maktabga rahbar yetakchi bo‘lsam va uni yana ham yuqoriroqqa olib chiqsam» deb orzu qilardim.
Shunda bu orzu-niyatlarim ro‘yobga chiqib, 2009 yili o‘zim ishlayotgan maktabga direktor bo‘ldim.
Havaslarim, tilga tushgan maktablardan olgan taassurotlarim endi ish bera boshladi. Odam chin dildan, qiziqib mehnat qilsa muvaffaqiyatlar qo‘lda ekan. Hamisha jamoa bilan kelishib, ular bilan bamaslahat ish olib borishga harakat qilaman. Zero, ahillik bor joyda yuksalish bor, deb bejizga aytishmagan.
Bugun jamoamizdagi X. Abrayqulov, B. Bobomurodov, A. Qobilov, R. Mahmudov, O. Bobomurodov, D. Pardayeva, Sh. Aliyorova, Q. Rajabov va S. Mirzayeva kabi o‘qituvchilar nomini alohida tilga olgim keladi. Ular har bir darsni yuksak mahorat bilan o‘tishga harakat qilishayapti. Shu bois bilim maskanimizdagi 817 nafar o‘quvchilarning barchasi ularni yaxshi ko‘rishadi. Mehr bilan ustoz deyishadi. Aslida, o‘qituvchiga bundanda yuksak hurmat-ehtirom bo‘lmaydi.
Joriy yilda 105 nafar o‘quvchi yangi hayotga yo‘llanma olishdi. Ularning salkam 90 foizi fanlarni to‘la namunali baholarga yakunlaganlari maktabimizning eng katta muvaffaqiyatlaridan biridir desam aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Zero, maktab ikkinchi oila, o‘qituvchilar esa xuddi ota-ona singari bolalarning kamolini, ularning ma’nan barkamol bo‘lishlarini xohlashadi. Shu sababdan farzandlarimizning yaxshi bilim olib katta hayotga qadam qo‘yishlarini ko‘rish biz o‘qituvchilar uchun eng katta davlatdir.
Maktab dovrug‘ini salohiyatli va bilimdon yoshlar ko‘taradi va uni sharaflaydi. O‘quvchilarimiz esa o‘zlarining keng qamrovli bilimini viloyat va respublika miqyosida o‘tkazilgan fan olimpiadasida namoyish etishdi. 2012-2013 o‘quv yilida 5-8 sinflarda o‘qiyotgan besh nafar o‘quvchimiz viloyat bosqichida muvaffaqiyatli qatnashishdi. 8-sinf o‘quvchisi Shahboz Jo‘rayev erishgan yutuq hammamizni quvontirib yubordi. U huquq fanidan o‘tkazilgan fan olimpiadasining respublika bosqichida ishtirok etib, maktabimizga diplom bilan qaytdi.
O‘quvchilarning bunday yutuqlarga erishishida avvalo o‘qituvchilarning beminnat mehnatlari mujassam, qolaversa ta’lim oluvchilar uchun maktabimizda yaratilgan barcha sharoitlar bunga esh bo‘ldi. Maktabimizda mavjud fizika, kimyo, biologiya xonalari zamonaviy jihozlangan. Bundan tashqari boshqa fanlarga mo‘ljallangan xonalar ham kerakli o‘quv qurollari bilan ta’minlangan.
Yurtimizda ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlarning samarasi o‘laroq maktabimizda o‘quvchilarning to‘la-to‘kis bilim olishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Faqatgina bu imkoniyatdan o‘quvchilar samarali foydalansalar bas.
To‘raqul ESHQOBILOV,
Surxondaryo vtloyati, Oltinsoytumanidagi 13-maktab direktorii