“Aldashni o‘rgandim”
Qo‘ng‘iroq chalingach, o‘quvchilar papkalarini yelkalariga osib, uylariga yo‘l oldi.
– Ertaga aylangani chiqishimiz kerak ekan, – Anvar salomni ham unutib, eshikni ochgan onasiga shoshilib gapirdi. – Ustozimiz aytdi, agar insho yozib bormasak, ikki qo‘yarkan.
– Yaxshi, yaxshi, – oshxonaga qaytdi Malohat, – tez kiyimlaringni almashtir, ovqatlanamiz.
Kechqurun ishdan kelgan dadasiga ham onasiga aytganlarini takrorladi. Buni eshitgan ota boshini qashlab, Malohatga imladi:
– Ana, oying bilan aylanib kelasizlar.
– Yana menmi? O‘tgan safar ham bormagandingiz…
– O‘zi bir kun dam olsam… juda charchaganman.
– Mening esa mazam yo‘q. – Ayol boshiga tang‘ib olgan ro‘molga imo qildi, – boshim tars yorilay deyapti…
Azizbek ikkisiga mo‘ltirab turgan o‘g‘liga qaradi:
– Xo‘p, mana, yonimizdagi boqqa chiqamiz, birrovga, bo‘ptimi?
– Doim o‘sha yerga chiqamiz-ku, dada… muzeyga boraylik.
– Hay mayli, faqat odobli bola bo‘lib borib kelasan, kelishdikmi?
– Xo‘p bo‘ladi! – suyunib ketgan Anvar darhol xonasiga chopdi.
Tong otishi bilan o‘rnidan turib sayohatga hozir bo‘lgan bolakay otasining uyg‘onishini ikki soatcha kutdi. So‘ng nonushta qilib yo‘lga tushishdi…
Ertasiga birinchi soatda barcha daftarlarni yig‘ib olgan o‘qituvchi darsni boshladi. Tanaffus vaqtida insholarni birma-bir tekshirar ekan, Anvarnikini o‘qib, bir zum turib qoldi. Biroz muddat o‘yga cho‘mdi. So‘ng Anvarning oyisiga qo‘ng‘iroq qilib, kelib ketishini so‘radi. Malohat esa o‘g‘li maktabda birovni urib-netib qo‘yganmikin, degan xavotirda darhol yo‘lga tushdi.
– Anvar – a’lochi, – gap boshladi o‘qituvchi Malohatni bo‘sh xonaga boshlab, – ayniqsa, o‘qish darsini yaxshi ko‘radi, ajoyib insholar yozadi… Kecha ham bir insho yozgan ekan.
– Ha, dadasi muzeyga olib bordi! – ustozi o‘g‘lini maqtash uchun chaqirtirganini payqagan Malohat faxrlandi, – keliboq inshosini yozdi.
– O‘zingiz o‘qib ko‘rdingizmi?
– Qarang o‘qimabman-a, – o‘ng‘aysizlandi ayol.
– Unday bo‘lsa, albatta o‘qing. Bolalar biz kattalar ko‘ra olmagan ayrim haqiqatlarni teran ko‘radi, o‘rganadi, o‘zlashtiradi… Kerak bo‘lsa, biz kattalarga saboq beradi.
O‘g‘lining daftarini qo‘liga olgan Malohat hayron bo‘lgancha uni ochdi.
Muzeydagi taassurotlarim.
“Kecha men dadam bilan muzeyga bordim. Kichik sayohatimiz mobaynida ko‘p narsalarni o‘rgandim. Masalan, aldashni. Oyim dugonalari bilan qo‘ng‘iroqlashib dam olish kuni uchrashishga kelishib olgandi. Dadam kelishi bilan esa boshiga ro‘mol o‘rab “kasalman”, deb aldadi. Dadam bo‘lsa, meni muzeyga olib boraman, deb va’da bergandi. Ammo biz muzeyning yonida turib uni tashqaridan ancha tomosha qildik. Keyin esa kinoga tushdik. Chiptachi xotin yoshim nechadaligini so‘ragandi, dadam to‘qqizda deb aytdi. Aslida o‘n yoshman-ku, deb aytmoqchi edim, dadam “jim” deb ishora qildi. Keyin ko‘zim ro‘paramda ilib qo‘yilgan yozuvga tushdi. U yerda “o‘n yoshdan katta bolalarga bilet olinishi shart”, deb katta qilib yozib qo‘yilgan ekan. Biz bitta chipta oldik. Urush-urush kino ekan, dadam miriqib tomosha qildi. Men uxlab qolibman. Dadam uyg‘otib, muzqaymoq olib berdi va oyimga “muzeyga bordik”, deb aytishimni so‘radi. Men ham xo‘p, dedim va oyimni aldadim. Uyda bizni kutib olgan oyim tuzalib qolgan ekan. Oyim dadamdan “maktabda yig‘ishyapti ekan”, deb pul oldi. Ammo uni menga bermadi. Men esa xonamga kirib kiyimlarimni almashtirdim va dars tayyorlashga kirishdim. Mening dam olish kunidan taassurotlarim shular edi”.
Inshoni o‘qib bo‘lgan Malohat ko‘zlarini yashirdi. Ayol xijolat bo‘lganini sezgan o‘qituvchi uni xoli qoldirdi…
Nodira IBROHIMOVA