QATRALAR
Qozonga yaqin yursang
Bitta mevali daraxt ikkinchisiga xasrat qilibdi: «Odamlar mevamni yeb, yana tosh otib, shoxlarimni sindirishadi, debdi. Ikkinchisi unga achinib: «Unday bo‘lsa bu yil meva qilma», – debdi. U ham sherigining gapiga laqqa tushibdi. Meva solmabdi. Bog‘bon uni ko‘rib mevadan qolibdi, deb o‘ylab shartta kesib o‘tinga aylantiribdi.
Hissa: tabiat qonuni shunaqa – mevali daraxtga tosh otiladi. Shunday ekan, kishi o‘zi haqida har xil ko‘ngilsizlikni qalbiga olmasligi, nodon kishilarining maslahatiga quloq solmasligi kerak.
Podshoh va munajjim
Podshoh saroyiga bir munajjim keldi. Bu munajjimning shunday iddaosi, kibri baland ediki, manmanligidan go‘yoki burniga ham narvon qo‘yib chiqilar edi. U podshohdan sovg‘a, maosh umidida osmondagi yulduzlar tartiboti, yulduzlarning odamlarga ta’siri haqida gapiraverdi. Ular saroy bog‘ida suhbatlashib ketishayotgan edi, shu payt yo‘ldan quduq chiqib qoldi va munajjim chuqurlikni ko‘rmasdan yiqilib tushdi. Podshoh unga darg‘azab va istehzoli qarab shunday dedi: «Ey badbaxt, hamma narsani bilaman deyishing qandoq bo‘ldi?! Har bir gapingda osmondan kelasan, osmondagi narsalarni bilaman deysan-u yerdagi narsalarni bilmas ekansan. Osmon qarab Yerning taqdirini bilaman dedingu oyog‘ingni tagidagini ko‘rmading. Xo‘sh shundan keyin senga ishonsa bo‘ladimi?! Endi senga jazo o‘laroq shu quduqda qolasan!»
Qissadan hissa: Ilmning ko‘pligi faxr emas, oz ilm bo‘lsa-da undan yaxshi foydalana olish faxrlansa arziydigan ne’matdir.
Shukur JABBOR