“Eldan o‘rganib, elga beryapmiz”
Qiziltepa tumanidagi “Bashir” mahallasida istiqomat qiluvchi Zavqiddin Samadov ham dehqonchilikda o‘z tajribasiga ega bo‘lgan mirishkorlardan.
Uning issiqxonasida bodringdan yilning uch faslida mo‘l hosil olinmoqda. Shuningdek, tomorqasida limon, apelsin ko‘chatlarini parvarish qiladi, ko‘katlar yetishtiradi.
– Har yili issiqxonadan 30 million so‘m atrofida sof foyda olyapmiz, – deydi tajribali dehqon. – Bundan tashqari, ro‘zg‘or uchun kerakli bo‘lgan meva-sabzavotlarni bozordan deyarli sotib olmaymiz.
Mahalladagi bog‘bonlar limonchilik bo‘yicha ham yaxshigina tajriba to‘plashmoqda. Ahliddin Samadov shaxsiy tomorqasining 3 sotixida 40 tupdan ortiq limon ko‘chatidan mo‘l hosil olmoqda.
– Bitta tup o‘rtacha 20-30 kilogramgacha meva beradi, – deydi A. Samadov. – Bir oydan so‘ng hosilni yig‘ib, bozorga olib chiqamiz. Har yili 30 million so‘m atrofida daromad ko‘rayotganimizni hisobga olsak, tomorqa bemalol bir ro‘zg‘orni har tomonlama ta’minlaydi. Bundan tashqari, qish davomida dasturxonimizdan osh-ko‘klar arimaydi.
Shu mahallada istiqomat qiluvchi Baxtiyor Hamdamov ham ishbilarmonlardan. U 3,5 sotix yerda 800 tup pomidor ko‘chati parvarishlamoqda. O‘tgan yilning oktyabr oyida o‘tqazilgan nihollar hosilga kirgan, tez orada pishib yetiladi. U faqat issiqxona bilan cheklanib qolmasdan, xonadonida chorvachilik va parrandachilikni ham yo‘lga qo‘ygan. Tovuq, kurka ko‘paytirib oila ehtiyojidan ortiqcha mahsulotlarni bozorga chiqarib, yaxshigina daromad olmoqda. 2 sotix maydondagi shaftoli, olma, o‘rik, gilos daraxtlari har yili mo‘l hosil berayotir.
– Fermerning ekindan bo‘shagan yeriga takroriy makkajo‘xori, sabzi ekdik, – deydi B. Hamdamov. – Sabzidan 21 tonna, makkajo‘xoridan 35 tonna hosil olindi. 15 bosh qoramol, 20 bosh qo‘y, 30 ta parranda parvarishlayapmiz. 5 bosh sog‘in sigirdan har kuni 40 litrgacha sut olinyapti. Mehnatimiz daromadiga farzandlarimizni o‘qitdik, avtomobillar oldik, do‘kon, uy-joy tikladik.
Mahallada har uchinchi xonadonda issiqxona bunyod etilgan. Ular tomonidan ichki bozorga bir mavsumda 80 tonnagacha meva-sabzavot yetkazib berilyapti. Ko‘rilayotgan umumiy foyda esa, o‘rta hisobda 20 milliard so‘mga yetmoqda. Albatta, bu yutuqlar zamirida hukumatimiz tomonidan tomorqa madaniyatini yuksaltirishdagi islohotlar samarasi, ishtiyoq va mehnat turibdi. Mahalla fuqarolar yig‘ini tomonidan issiqxonalar uchun ko‘mir yoqilg‘isi, mahalliy o‘g‘it, zararkunandalarga qarshi maxsus kimyoviy dori vositalari yetkazib beriladi. MFY raisi O. Zaripovning aytishicha, tomorqadan yaxshi foyda olayotgan oilalarning 60 foizida yengil avtomobil bor. Yerdan baraka topayotgan mehnatkashlarga havas qilib yashagan kam bo‘lmaydi.
Hilola ISMATOVA