Sovg‘a (hikoya)

Ko‘chada muzlagan xalqob ko‘lmaklar ustida sirpanib dilini chog‘layotgan bolalar orasidagi ko‘zlari mungli qizaloq dabdurstdan darvoza tomon otildi. Hovliga kirdiyu ho‘ngrab yig‘lab yubordi. Ro‘zg‘or yumushlari bilan kuymalanib yurgan onasi xavotirlanib so‘radi:

– Nima bo‘ldi? Yiqildingmi?..

Qizaloq “lom-mim” demay uyga kirib ketdi. Ona javrab ko‘chaga chiqdi. Qiyqirib o‘ynayotgan bolalarning birpasda uni o‘chdi:

– Kim itarib yubordi? Kim yig‘latdi? Kim bilan urishdi?

Ona qo‘shni bolalarning yuziga tarsaki tortgudek g‘azabga mindi. Bolalar taajjub bilan orqaga tisarildi:

– Biz hech narsa qilmadik, –birvarakayiga dedi ular.

– Hech narsa bo‘lmasa, nega yig‘laydi? – Onaning battar xunobi oshdi.

– Biz bilmadik, – dedi bolalar bir-biriga qarab…

Qizaloq shu oilaning kenjasi – hamma uning ra’yiga qaraydi, injiqligini ko‘taradi. Lekin hech qachon hozirgidek uvvos solib yig‘lamagan, arazlamagan. Onaning ich-etini iztirob kemira boshladi: “Yo biror joyi og‘ridimikan?!”.

Uyga kirib yostiqqa yuzini bosib yig‘layotgan qizining boshini mehr bilan silab yana so‘radi:

– Nima gap, dardingni ayt, jon qizim, biror joying og‘riyaptimi?

– Yo‘o‘q! – Qiz yana o‘ksib yig‘iga tushdi.

Dili xufton onaizor yana ko‘chaga hatladi. Qo‘shni bolalar hadiksirab yaxmalak o‘ynashdan to‘xtadi. Bu gal ayolning avzoyidagi jahldan asar ham yo‘q edi, yuzu ko‘zida o‘kinch bor edi:

– O‘zi nima bo‘luvdi, bolalarim, – dedi ona xomush, – u nimadan xafa bo‘ldi?

– Bilmadik?! O‘ynayotganimizda anavi… Yo‘ldosh tog‘a salomlashib o‘tib qoldi. Keyin u… uyga yugurib ketdi. Biz ham tushunmadik, – deb yelka qisdi devordarmiyon Qo‘zi kaltaning novcha o‘g‘li.

Ona shu onda bir narsani fahmlagandek bo‘ldi.

Qishning tund havosi shiftiga dud urgan xonani yanayam zimiston qilardi. Ona-bola bir-birini quchoqlab uzoq yig‘ladi: “Piq-piq-piq…” ikkisi ham bir xil xayol surar, bir xil g‘am chekardi.

…Qizaloqning otasi juda xushchaqchaq odam edi. Yo‘ldosh tog‘a bilan bir korxonada ishlar, ayonki, har kuni ishdan hamroh qaytardi. Albatta, otaning ishdan kelishi farzandlar uchun hamisha bayram. Ayniqsa, Yangi yil arafasida ishxona ma’muriyati tomonidan ishchi-xodimlarning farzandlariga berib yuborilgan sovg‘alar kichkintoylarning bayram zavqini oshirardi. Shuning uchun qizaloq otasini bayram ostonasida har doimgidan ham intiqlik bilan kutardi. Otasi har yili shu pallada Yo‘ldosh tog‘a bilan birga qaytishar, yo‘lxaltadan katta qadoqdagi sovg‘ani uning qo‘liga tutardi…

Qizaloq endi hech qachon bunday bo‘lmasligini bugun, yaxmalak uchib turganda tushinib qoldi.

Yo‘ldosh tog‘a ishdan yolg‘iz qaytib kelar, ustiga-ustak yo‘lxaltasining og‘zidan qizaloqqa tanish qadoqda sovg‘alar yelkandek chayqalib ketib borardi…

 

Faxriddin HAYIT

Yana o‘qing:  Ezgulik va yaxshilik kuychisi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: