Iftixor timsoli

O‘zbekiston davlat mustaqilligiga erishgach, o‘zining xalqaro talablar va me’yorlar doirasida qiyofasini ko‘rsatmog‘i, buning uchun esa o‘zining butun imkoniyatlarini, o‘ziga xos jihatlarini ifodalovchi davlat ramzlariga ega bo‘lmog‘i lozim edi. Odatda ramzlar shunchaki ranglar yig‘indisidan iborat bo‘lgan shakllar emas, ular ayni ana shu davlatning va shu mamlakat fuqarolarining o‘zligidan kelib chiqqan, qolaversa, davlat siyosatining mazmun – mohiyatini o‘zida mujassam etmog‘i kerak.

1992 yil 2 iyulda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining X sessiyasida «O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi to‘g‘risida» Qonun qabul qilindi. Bu bilan mamlakatimiz mustaqilligi mustahkamlandi. Xalqimiz o‘zi istagan va tanlagan yo‘l – erkin, obod va farovon hayot barpo etish yo‘lida yana bir muqaddas timsolga ega bo‘ldi. O‘zbekiston xalqi o‘z qadr-qimmatini, tayanchi va suyanchini chuqurroq anglay boshladi. Shu sanadan e’tiboran davlatimiz gerbi tasviri mamlakatimizdagi barcha davlat tashkiloti binolari peshtoqiga o‘rnatildi. Oliy ramzimiz tasviri muhrlarda va davlat idoralari hujjatlarida, rasmiy nashrlarda, qog‘oz va tanga pullarda, qimmatli qog‘ozlar va fuqarolik pasportida hamda qonunda belgilangan boshqa hujjatlardan joy olmoqda. O‘zbekiston gerbi davlatimiz chegaralarida o‘rnatildi. Bu mus­taqil Vatanimiz tenglar ichra teng bo‘lganining yorqin dalilidir.

Ajdodlarimiz davlat tamg‘asini azaldan muqaddas timsol, deb bilgan. Sohibqiron Amir Temur tamg‘asida «Kuch – adolatda» ma’nosini anglatuvchi yozuv-muhr bo‘lgan. Ulug‘ bobomiz saltanat asosini ana shu ulug‘ hikmat asosiga qurgan. Bularning barchasi davlat tamg‘asi xalqimiz hayoti va milliy davlatchilik tariximizda ozodlik, g‘urur-iftixor va or-nomus timsoli bo‘lganidan, bobolarimiz uni muqaddas va aziz sanaganidan dalolatdir.

Davlatimiz gerbidagi har bir belgi chuqur ma’noga ega.

Gerb markazidagi humo qushi – baxt-saodat va erksevarlik ramzi.

Gerbning yuqori qismidagi sakkiz qirrali yulduz respublikamizning sobit va barqarorligi timsoli sifatida tasvirlangan.

Quyosh – davlatimizning yo‘li hamisha nurafshon bo‘lishi bildirilgan yaxshi niyat, ayni paytda u O‘zbekistonning noyob iqlimiga ega mamlakat, serquyosh o‘lka ekanligini bildiradi.

Boshoqlar – rizq-ro‘zimiz timsoli, to‘kin-sochinlik ifodasi. Oppoq paxta – O‘zbekiston dong‘ini dunyoga taratgan bebaho boyligimiz ramzi.

Bug‘doy boshoqlari va paxta chanoqlarining Davlat bayrog‘iga tasma bo‘lib o‘ralganligi O‘zbekistonda yashayotgan xalqlar do‘stligi va yakdilligi ifodasi hisoblanadi.

Yana o‘qing:  Askarlar uyga qaytdi

Gerb rangli tasvirda bo‘lib, Humo qushi – kumush rang­da, quyosh, boshoqlar, paxta chanog‘i va «O‘zbekiston» degan yozuvlar – tilla rangda, g‘o‘za shohlari, barglari va vodiylar – yashil rangda, tog‘lar – havo rangda, chanoqdagi paxta, daryolar, yarim oy va yulduz – oq rangda.

Bugun Yurtimiz yoshlari sport, san’at, ilm-fan yoki boshqa yo‘nalishda xalqaro maydonda g‘alabaga erishar ekan, bayrog‘imiz baland ko‘tarilishi va madhiyamiz baralla yangra­shi bilan birga gerbimiz ham o‘zga davlatlar tamg‘asidan yuqoriroq o‘rin egallaydi. Shunday lahzalarda mus­taqilligimiz qadr-qimmatini, mamlakatimizdagi tinchlik-osoyishtalikning ahamiyatini yanada chuqurroq anglaymiz. Zero, o‘z qadr-qimmatini, tayanchi va suyanchini anglagan xalq o‘z milliy timsollarini hamisha e’zozlaydi, ma’naviyati butun xalqni hech qanday kuch o‘zi tanlagan yo‘ldan chalg‘ita olmaydi.

Navro‘z NORBOBOYEV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: