Yangi yil – mo‘jizalar bayrami

Yam-yashil yasatilgan archaning “yal-yal” yonib turgan chiroqlarini bir olam zavq bilan kuzatib turgan bolakayga hech nazar solganmisiz?! Uning murg‘ak qalbi bu bayramdan o‘zgacha mo‘jiza kutayotgandek, jumlai-jahon shu archaning mitti chiroqlaridan nur olayotgandek, o‘sha nurning bir shul’asi bolajonning jajji ko‘zlarida porlayotgandek, go‘yo.

Ushbu shodiyonani bolakaylar archa, “Qorbobo, qorqiz”, turli ertak qahramonlarisiz aslo tasavvur eta olishmaydi. Bolajonlar uchun ayniqsa, hayvonlar bilan birgalikda nishonlangan Yangi yil bayrami o‘zgacha taassurotlarga boy bo‘ladi.

Sir emaski, Yangi yil shodiyonasi arafasida qo‘g‘irchoq teatrlari, turli bolalar studiyalari, mittivoylardan tashkil topgan guruhlar kichkintoylar uchun yoqimli bayram dasturlarini namoyish etishga astoydil harakat qiladi. Aksariyat ota-onalar ayniqsa, Yangi yil bayrami arafasida respublikamizda uyushtirilayotgan bu kabi tomoshalarga alohida qiziqish bildiradi. Axir, farzandingiz bilan birgalikda madaniy hordiq chiqarishga nima yetsin! Bu borada O‘zbek sirk jamoasi ham bayramda bolalar uchun mo‘ljallangan maxsus dastur hozirlashmoqda. Biz Yangi yil arafasida sirk jamoasi xodimlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar borasida qiziqdik.

O‘zbekiston Davlat sirkiga tashrif buyurganimizda Aleksandr Volkov asari asosida sahnalashtirilgan “Zumrad shahar sehrgari” nomli Yangi yil bayrami katta dasturining repetitsiya jarayonining guvohi bo‘ldik. Aytish joizki, bu yerda bolajonlar uchun 28 dekabrdan 10 yanvargacha namoyish etilishi rejalashtirilayotgan bayram tomoshasiga tayyorgarlik ishlari qizg‘in tus olgan.

Bu yilga bayram dasturimizni oldingi yillardagidan o‘zgacha tarzda o‘tkazishni maqsad qilganmiz. Dasturga 42 nafar sirk artistlari, akrobatlar, havoda harakatlanuvchi gimnastikachilar, ko‘zboylog‘ichlar, balerinalar, halqa o‘yini, monotsikl, fokuschilar jalb etilgan. Ushbu bayramning o‘ziga xos qahramonlari sanalgan hayvonlar ham dasturimizning asosiy qahramonlari sanaladi. Ulardan itlar, mushuklar, echkilar, tuyalar qatnashishadi. Ushbu ertakni sahnalashtirishdan ko‘zlangan asosiy maqsad, bolalarni ahil, mehribon, qo‘rqmas va mard bo‘lishga undashdan iborat, – deydi O‘zbek davlat sirki bosh rejissyori Gulnora Karimova.

Ertakning qisqacha mazmuni shundan iboratki, Elli ismli qizcha kichkina bir uychada Totoshka nomli kuchukchasi bilan Kanzas o‘lkasida yashaydi. Kunlarning birida kuchli bo‘ron turib, qizcha va uning mo‘jaz uychasini uchirib yuboradi. Ertak qahramonlari havoda parvoz etib, sehrli bir mamlakatga borib qolishadi. Elli va Totoshka o‘z vataniga qaytguniga qadar ko‘p sarguzashtlarni boshdan kechirishadi. Qo‘riqchi, temir o‘tinchi va qo‘rqoq sher bilan yovuz sehrgarlarni yengib, Zumrad shahar sehrgari Gudvin yoniga yo‘l oladi…

Yana o‘qing:  Saraton kasalligi iqlimga bog‘liqmi?

 

Dilfuza AZIMOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: