Bir yilda uch marta hosil
Samarqand viloyati aholisining yetmish foizi qishloqlarda istiqomat qilishi va ularning tasarrufida bir necha ming gektar yer mavjudligini hisobga olsak, viloyat oziq-ovqat yetishtirishda naqadar katta resursga ega ekanligi ayon bo‘ladi.
– Tomorqadan oqilona foydalanilsa, bir yilda bemalol uch marta hosil olish mumkin, – deydi Pastdarg‘om tumani “Qo‘qoni” mahallasida yashovchi Komil Quvondiqov. – Tasarrufimizda 15 sotix yer uchastkasi bor. 8 sotixi xo‘jalik binolari, mevali daraxt, tok bilan band bo‘lganida ham 7 sotix dehqonchilikka qoladi. Tajribamdan ma’lum, agar yer obi-tobida ishlov berilib, mahalliy o‘g‘itga to‘ydirilsa, bir sotix yerdan o‘rtacha 300 kilogramm kartoshka, 350 kilogramm pomidor, 250-300 kilogramm sabzi olish mumkin. Ertangi hosil yig‘ishtirib olinishi bilan ikkinchi ekin sifatida bodring, makkajo‘xori eksa bo‘ladi. Ulardan bo‘shagan yerga uchinchi marta kuzgi sabzi, turp, sholg‘om ekib, bir tonnadan ziyod hosil olish imkoniyati mavjud. Ayniqsa, kechki karam hosildor bo‘ladi. Bir sotixdan 650-700 kilogramm hosil ko‘tarish, kech kuzda yana yerga to‘qsonbosti qilib, piyoz, sarimsoqpiyoz, shivit, petrushka va ismaloq ekish mumkin. Xullas, bir parcha tomorqa yerdan unumli foydalanilsa, bir yilda hatto, to‘rt marta ekin eksa bo‘ladi.
Bunaqa quyoshli yurt yana qayda bor? Ter to‘kib, mehnat qilgan kishini yer quruq qo‘ymaydi. Endilikda tomorqadan falonchi 30-40 million so‘m daromad olibdi, desa hech kim ajablanmay qo‘ydi. Sababi, kimdir limon, kimdir issiqxonada, ochiq maydonda sabzavot yetishtirib, buni isbotlayapti. Shu bois, bozorlarimiz yil – o‘n ikki oy noz-ne’matlar bilan to‘la.
Tog‘aymurod ShOMURODOV