Tibbiyot asbob-uskunalari eksport qilinmoqda
Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini yanada takomillashtirish, davolashning zamonaviy texnologiya va usullarini amaliyotga keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bugungi kunda xalqimizning munosib hayot sifatini ta’minlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, har tomonlama sog‘lom avlodni tarbiyalash, tibbiy xizmat sifatini oshirishga qaratilgan tizimli ishlar izchil davom ettirilmoqda. Hozirda yurtimizda ishlab chiqarilgan tibbiy asbob-uskunalar qator xorij davlatlariga ham eksport qilinmoqda. Bunda O‘zbekiston tibbiyot asbob-uskunalar ishlab chiqaruvchilar va yetkazib beruvchilar uyushmasining ham munosib hissasi bor.
– Odamlarga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishda zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar muhim ahamiyatga ega, – deydi uyushma raisi Otabek Jiyanboyev. – Chunki, shifokor qanchalik malakali va salohiyatli bo‘lmasin, tibbiy asbob-uskunalar zamon talablariga javob bermas ekan, bemor u ko‘rsatgan xizmatdan rozi bo‘lmaydi, davo topmaydi. Mazkur uyushmaning tashkil topishi ham ana shunday talab va ehtiyojdan kelib chiqqan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Uyushma shu kunga qadar Sog‘liqni saqlash vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi va qozog‘istonlik hamkorlar bilan memorandumlar imzolandi. Bu esa yurtimizda ishlab chiqarilayotgan tibbiyot uskunalarini xorijga keng ko‘lamda eksport qilishga imkon yaratadi.
Markaz bugungi kunda yurtimiz tibbiyot sohasi uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalarni xorijdan olib kelish, buyurtmachilarga yetkazib berish, mamlakatimizda ishlab chiqarilgan tibbiyot buyumlarini chet elga eksport qilish bilan shug‘ullanmoqda. Ayni paytda yaqin istiqbolda hal qilish uchun katta salohiyatga ega bo‘lgan sohani rivojlantirish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Islomjon QO‘ChQOROV