Ko‘rkam, shinam, qulay
yashash yaxshi, yaxshi yashash undan-da yaxshi
Mamlakatimizning eng so‘lim va ko‘hna vohalaridan biri – Xorazm. Qadimiy va ulug‘vor yurt. Vatanimizning bir bo‘lagi bo‘lmish mashhur Xorazmda O‘zbekistonning hayratomuz go‘zalliklari mujassamlashgan. Ochiq osmon ostidagi Xivaning oy bilan chiroy talashib turishi tasodif emas, albatta. U xalqning bunyodkorlik salohiyatini o‘zida aks ettiradi. Bir necha asrlar ilgari yaratilgan koshonalar, bog‘u rog‘lar, inson va uning qadoq qo‘li, qaynoq qalbi hamda nozik didining mo‘jizalaridir.
Xorazmliklar azal-azaldan ilmga chanqoq, mutolaaga mushtoq el. Bilimga intilish va mutolaaga ishtiyoq baland joyda ma’naviyat, ma’rifat, mehnat, ijod va zavq – pirovardida, salohiyat bo‘ladi.
Ayni shu salohiyat mustaqillikning o‘tgan yigirma ikki yili mobaynida viloyatda bunyodkorlikda o‘ziga xos tajriba maktabini yaratdi…
O‘nlab litseylar, kollejlar, tibbiy salomatlik majmualari, bolalarning yozgi dam olish sihatgohlari, ravon yo‘llar, ko‘priklar qatorida ulkan-ulkan koshonasifat bir-biriga uyg‘un namunali uylar viloyat ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turibdi.
2012 yil 9 oktyabr kuni muhtaram Prezidentimizning Xorazmga tashrifidan so‘ng viloyatni ijtimoiy iqtisodiy-rivojlantirish hamda aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga qaratilgan 4 ta muhim dasturlar qabul qilindi.
Mazkur dasturlar asosida 2013-2017 yillarda jami uch trillion so‘mlik loyihalarni amalga oshirilishi belgilangan. Ana shu dasturlarga namunali uylarni qurish ishlari ham kiritilgan.
“Istiqlol” – yangi mahalla
Xonqadagi «Olaja» qishlog‘ida qad rostlayotgan yangi mahallaning namunali uy-joyi bilan tanishdik. Bu yerda «Istiqlol» nomli yangi mahalla bosqichma bosqich bunyod qilinayapti. Mazkur mahallada 2011 yilda 20ta uy foydalanishga topshirilib, uning har biri 72 million so‘mdan narxlangan bo‘lib aholiga 15 yilga kreditga berildi. 2012 yilda har biri 102 million so‘mlik 28 ta uy egalariga o‘z vaqtida qurib berildi. 2013 yilda esa 20 ta uy qurib bitkazildi, uning har biri 140 million so‘mni tashkil etadi. Eng asosiysi bu mahallaning qurilishi hali davom qiladi. Bu yerdagi uylarni 120 taga yetkazish rejalashtirilgan
Ayni kunda 68 ta xonadon istiqomat qiladigan mahallada aholi uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Bu yerda bolalar maydonchasi mavjud. Mini futbol va basketbol maydonlari qurilmoqda. Dorixona, sartaroshxona, tikuvchilik sexi, mini bank, supermarket, novvoyxona, sartaroshlik, etikdo‘zlik, hammom kabi ijtimoiy-maishiy xizmat shahobchalari ham bunyod etilyapti. Masalan, bu yerda Xonqa don mahsulotlari korxonasiga qarashli 20 xil non mahsulotlari ishlab chiqariladigan novvoyxona qurilayapti. Ana shunday maishiy va ijtimoiy ob’yektlarning qurilishlari turli tashkilotlarga bo‘lib berilgan.
«Qishloq qurilish invest» injenering kompaniyasi Xorazm viloyati filiali rahbari Jumaboy Sultonovning ta’kidlashicha, bu yerda «Obi hayot» va «Taraqqiyot» qurilish korxonalari mehnat qilyapti. Keng ko‘lamli qurilishlarning boshlangani aholini ish bilan ta’minlashga ham munosib hissa qo‘shyapti. Zero, namunaviy mahallani bunyod etishda ikki ming nafar quruvchi ishlayapti.
Eng asosiysi namunali uylar qurilishiga 12 xil qurilish materiallari imtiyozli narxda, ya’ni yarim narxida davlatimiz tomonidan yetkazib berilyapti. Masalan, Sirdaryo-Xitoy qo‘shma korxonasi kafelni o‘z narxida, ya’ni bozordan uch barobar arzon tarzda yetkazib beryapti. Taxtaning bir kub metri bozor narxida 1 million 100 so‘mni tashkil qilsa, davlatimiz uni 500 ming so‘mdan yetkazib beryapti. Sementning bir tonnasi 69 ming so‘m bo‘lsa u ham namunali uylar qurilishiga teng yarimga arzon narxlarda yetkazib berilyapti. Xullas, ana shunday gaplar. Bu albatta davlatimizning xalqimizga bo‘lgan g‘amxo‘rligidir.
Endi qurilayotgan uylarning sifati qanday degan savol tug‘ilishi tabiiy? Uylarning sifati endi uni o‘z zimmasiga olgan qurilish tashkilotlariga bog‘liq. Jumaboy Sultonovning ta’kidlashicha, bu uylarning kafolati 700 yil ekan. Darhaqiqat, kottejlarning poydevori yer osti 1 metr-u 20 santimetr va yer ustida esa 20 santimetr balandlikda qurilgan.
Xuddi ana shunday uylar Xorazmning har bir tumanida qurilmoqda. Masalan, Xiva tumanining «Shomaxulun», «Julyon», «Sayot», «Eskiqiyot» qishloqlarida qator na’munali uylar qurilib, foydalanishga topshirilgan. Biz ular bilan ham tanishdik.
Gulbahorning quvonchi
«Eskiqiyot» qishlog‘ida 2011 yili 20ta namunali kottej ishga tushdi. Ulardan biri Xiva tumani «Mahalla» jamoat fondida faoliyat yuritadigan Gulbahorga nasib qildi. To‘rt xonali 600 kvadrat metrdan iborat bo‘lgan uy unga 75 million so‘mga berildi. «Bu uy bizga 2011 yili oktyabrida topshirildi. Yosh oilalarga bankdan beriladigan imtiyozli kredit asosida o‘g‘limga rasmiylashtirilgan uyda o‘g‘lim, kelinim va nevaralarim bilan yashaymiz. Qo‘p qavatli uyda turardik, Vohamizda ko‘p qavatli uylarda yashash qiyin. Nafaqaga chiqishimda menga shunday uy nasib qiladi deb hech o‘ylamagan edim. O‘g‘lim tadbirkor. U yonimizdagi tikuvchilik sexini ijaraga olgan. Kelinim Marhabo o‘qituvchi, maktabda boshlang‘ich sinflarga dars beradi. Tikuvchilikka ham usta. Tikuvchilik sexida elga xizmat ko‘rsatish bilan birga yoshlarga kasb ham o‘rgatayapti. Uchalamizning oyligimizdan namunali uyga hozir har oyda 530 ming so‘m to‘layotgan bo‘lsak, ushbu summadan soliq olinmaydi.» – deydi mamnunlik bilan Gulbahor.
Xonalarni bir bir aylanib chiqamiz. Uning bezatilishi shahar uylaridan qolishmaydi.
Farhodning dil so‘zlari
«Qumyaska» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Farhod Aminovning ham ikki farzandi bor. U o‘zi va o‘g‘illari bilan anchadan buyon yaxshi uy olish maqsadida pul jamg‘arib kelishardi. Mablag‘larini jamlab, ana shu namunali uydan birini sotib oldi. U shunday deydi: «Ota-onaning burchi uchta. Farzandga ta’lim va tarbiya berish, sunnat qilish va uylantirib qo‘yish. To‘rtinchidan imkoniyat bo‘lsa uyli-joyli qilish. Menda ana shunday imkoniyat yo‘q edi. Ana shu imkoniyat va imtiyozni hukumatimiz yaratdi. Agar o‘zim uy qurganimda bunday narxga shunday chiroyli uyni yigirma yilda ham qurib tugata olmasdim. Men Prezidentimizdan juda minnatdorman. Ikkala o‘g‘lim ham uyli-joyli bo‘ldi. Biri ota meros uy bo‘lsa, ikkinchisi yangi uy. Yangi uyning pulini birgalashib to‘layapmiz. Yurtboshimiz shahar bilan qishloqning borib-borib farqi qolmaydi. Aksincha qishloq afzal bo‘lib boradi, degan so‘zlarining aynan isbotidir».
Xulosa
Hukumatimiz namunali uylar qurishini boshlaganidan buyon Xorazmda ana shunday imoratdan 2 ming 500tasi qurilib foydalanishga topshirildi. Va bu qurilish yildan yilga keng quloch yozmoqda. Jumladan, 2013 yilda 230 ta uy egalariga yetkazib berilgan bo‘lsa, kelgusi yili bunday uylar soni 780 taga ko‘payadi.
Namunali uylar bilan birga shaharu qishloqlar qaytadan qad rostlayapti.
Mustaqillik epkinlari esa boshlagan o‘tgan yigirma ikki yil mobaynida mamlakatimizning qo‘hna vohasida yangidan bunyod etilgan salobatli, Amudaryoga qurilgan ko‘prik Qoraqalpog‘iston va Xorazmni bog‘lovchi xalqaro andozalarga mos zamonaviy obidadir.
Vohani kesib o‘tuvchi Shovot kanaliga qurilgan ko‘priklar yurt ko‘rkiga ko‘rk qo‘shish bilan birga xalqning og‘irini yengil qilib turibdi. Aslida ushbu inshootlar obodonchilik ramzi sifatida savlat to‘kib turibdi. Ulkan bunyodkorlik ishlarini kuzatganimizda shoir Maqsud Shayxzodaning ushbu satrlari beixtiyor xayolimizdan kechadi:
Shaharlar boqiydir, umr – o‘tkinchi,
Daryolar sobitdir,suvlar – ko‘chkinchi,
Har kim o‘z shahrida qo‘yganesdalik,
Yo bino qurishda katta ustalik…
«Obod turmush yili»da qurilgan ko‘prik, namunali uylar avlodlar yukini ko‘targay beshak!
Ta’bir joiz bo‘lsa, ularni nafaqat yo‘llarni-yo‘llarga yillarni-yillarga, dillarni-dillarga, asrlarni-asrlarga, pirovardida, avlodlarni-avlodlarga bog‘lovchi ulkan obidalar, ulkan me’morchilik inshootlari, degusidir. Yohud, shoir aytgani kabi shaharlar boqiy bo‘lganidek, inshootlar ham boqiydir.
Zotan, «Imorat qurmoq – savobdir» – deydi xalqimiz. Savobning esa umri boqiy bo‘ladi. Demak, shahar ham boqiy, shahar qurganlar ham…
Ularni ozod hamda hayotbaxsh mehnat, tinchlik va osoyishtalik samarasi, baxt va farovonlik timsoli desak arziydi!
Ra’no ZARIPOVA,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist