Tibbiyot sohasidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi

Bugun yurtdoshlarimiz barcha sohalarda olib borilayotgan islohotlar samaralarini, xususan, aholi uchun munosib hayot darajasining sifati tubdan yaxshilanayotganini o‘zlarining kundalik turmushlari misolida ko‘rib turibdi.

Zero, fuqarolarning baxtli-saodatli, farovon umr kechirishini kafolatlash, huquq hamda erkinliklarini muhofaza qilish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi.

Aholi salomatligini muhofaza qilishni yanada yaxshilash, xalqimizni tibbiyot tizimi faoliyatidan rozi qilish – barchamizning eng muhim vazifamizdir, dedi davlatimiz rahbari.

Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash sohasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimizning ushbu sohani rivojlantirish, uni tubdan isloh qilishga qaratilgan qator farmon va qarorlari qabul qilindi. Bu borada birlamchi tibbiyot xizmati, shoshilinch va tez tibbiy yordam, ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat, xususiy tibbiyot, aholining reproduktiv salomatligini asrash kabi yo‘nalishlar ustuvor vazifa qilib belgilangan.

2016 yil bilan qiyoslaganda o‘zgarishlar yaqqol ko‘zga tashlanadi. Joriy yilda oilaviy poliklinikalar 793 taga ko‘paydi. Tunu kun faoliyat ko‘rsatadigan 793 qishloq oilaviy poliklinikasi tashkil etilib, ularda tez tibbiy yordam shoxobchasi hamda kunduzgi statsionarlar ochildi. Sil bilan kasallanish keskin kamaydi. Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari mutaxassislari hududlarga 2407 marta chiqdi, vaholanki, 2016 yilda bu raqam 500 dan oshgan edi. O‘tgan yili ularning xizmatidan 30 ming kishi foydalangan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 220 mingga yetdi. 100 ga yaqin o‘zbekistonlik malakali shifokor xorijdan yurtimizga qaytib, xalqimizga xizmat qilmoqda.

Tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatishga alohida e’tibor berilmoqda. Muhtoj fuqarolarni reabilitatsion texnik vositalar bilan ta’minlash 90 foizgacha oshirildi. Nogironlar aravachalari, eshitish moslamalari kabi buyumlar bilan ta’minlash ikki hissa ortdi. Tibbiy-ijtimoiy muassasalarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun 49,3 milliard so‘m, ya’ni 2 barobar ko‘p mablag‘ ajratildi.

Soha uchun kadrlar tayyorlash ko‘lami kengaymoqda. Oliy ma’lumotli shifokorlar tayyorlash uchun qabul kvotalari soni 3445 taga yetkazildi, shundan 1180 tasi maqsadli hududiy kvotadir. Klinik ordinaturada tayyorlash bo‘yicha ham kvotalar oshirildi.

Tibbiyotda xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida ixtisoslik turlari 50 tadan 126 taga ko‘paydi, soliq va bojxona imtiyozlari 2022 yilga qadar uzaytirildi, “Asakabank” huzurida Nodavlat tibbiyot muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etildi, xususiy tibbiyot muassasalari soni 400 taga ko‘paydi. Ayni paytda davlatga qarashli va xususiy tibbiyot muassasalari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhiti shakllandi.

Yana o‘qing:  SAMARQAND BO‘YLAB SAYOHAT

Davlat tibbiyot tashkilotlariga dori vositalari va tibbiy buyumlar sotib olish uchun ajratilgan mablag‘ miqdori 821 milliard so‘mni tashkil etdi. Bu 2016 yildagidan 3,5 barobar ko‘pdir.

Shu bilan birga sohaga jalb qilinayotgan xorijiy investitsiya miqdori oshib bormoqda. 2016 yilda 40,2 million dollar o‘zlashtirilgan bo‘lsa, joriy yilda bu raqam 93,5 millionga yetdi.

Lekin hali sohada amalga oshirish lozim bo‘lgan ishlar ko‘p.

Shavkat Mirziyoev sog‘liqni saqlash tizimidagi muammo va kamchiliklarni hududlar kesimida tahlil qilib, joylardagi tibbiyot muassasalarining kadrlar ta’minoti va salohiyati yetarli emasligi, ya’ni bugungi kunda mamlakatimizda 11 mingdan ziyod shifokor yetishmasligi sababli yangidan tashkil etilayotgan tibbiyot muassasalari tomonidan aholiga sifatli tibbiy yordam ko‘rsata olinmayotgani, buning sabablari, oqibat va yechimlariga alohida e’tibor qaratdi.

Shuningdek, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasi zaifligi, qishloq oilaviy poliklinikalarida zarur bo‘lgan tez tibbiy yordam shoxobchalari va dorixonalar tashkil etilmagani, xususiy tibbiyot tizimini rivojlantirishda tadbirkorlar ishiga to‘siq bo‘layotgan rahbarlar faoliyati tanqid qilindi.

Ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam tizimi faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida farmon va qarorlar qabul qilinganiga qaramay, respublika ixtisoslashtirilgan markazlarining hududlardagi faoliyati talab darajasida tashkil etilmayotganiga alohida e’tibor qaratildi.

Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya, xirurgiya, urologiya, ko‘z mikroxirurgiyasi, kardiologiya, dermatovenerologiya, endokrinologiya, neyroxirurgiya kabi ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari faoliyatida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar, xususan, mahalliy mutaxassislarni tayyorlash, ularning malakasini oshirish ishlari yetarli emasligi, joylarda zamonaviy diagnostika va davolash usullari sust tatbiq etilayotgani, kasalliklarni erta aniqlash va davolash hamda aholi o‘rtasida profilaktika ishlari talab darajasida tashkil etilmayotgani muhokama qilinib, mutasaddi rahbarlarning hisobotlari tinglandi.

Yig‘ilishda ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida 2018 yilning birinchi yarmida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan qator strategik vazifalar belgilab berildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni doimiy nazorat qilish va monitoringini yuritish maqsadida olti oylik ish rejasini ishlab chiqishi va uning qat’iy ijrosini ta’minlashi lozimligiga e’tibor qaratildi. Shuningdek, bir hafta muddatda har bir hudud bo‘yicha rahbar xodimlardan iborat doimiy ishlaydigan ishchi guruhlarni tuzish va ularning samarali faoliyatini tashkil etish muhimligi ta’kidlandi.

Yana o‘qing:  Buxoroda qovun sayli

Ishchi guruhlari tomonidan amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan tuman (shahar) hokimliklari bilan birgalikda “yo‘l xaritalari” ishlab chiqilib, Qonunchilik palatasi tomonidan tasdiqlanishi va qat’iy nazoratga olinishi qayd etildi.

Ushbu ishlarni amalga oshirishda tekshirish emas, balki joylardagi real holatni chuqur o‘rgangan holda, mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatish usulini ishlab chiqish va joriy etish talab etildi.

Kadrlar ta’minoti masalasi yechimi sifatida Sog‘liqni saqlash vazirligi, hududiy hokimliklar bilan birgalikda tibbiyot kadrlariga bo‘lgan ehtiyojni hududlar, tumanlar va muassasalar kesimida aniqlash, 2018 yilda bakalavriat ta’lim yo‘nalishining maqsadli qabul kvotasini 2017 yilga nisbatan 20 foiz oshirish, maqsadli magistraturani 10 foiz, klinik ordinatura qabul kvotasini 15 foiz oshirish belgilandi.

Tez tibbiy yordam tizimida dori vositalari uchun ajratilayotgan mablag‘larni 2018 yilda kamida ikki barobar oshirish va hududlar kesimida bir me’yorda moliyalashtirish bo‘yicha choralar ko‘rish topshirildi.

Shuningdek, onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish, bunda homilador ayollarga ko‘rsatilayotgan perinatal xizmatni takomillashtirish, onalar, go‘daklar va bolalar o‘limini kamaytirish, tug‘ma nuqsonli va nasliy kasalliklar bilan tug‘ilishlarning oldini olish, tug‘ruq komplekslari va bolalar shifoxonalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash, ayollar o‘rtasida onkologik kasalliklarning oldini olish, erta aniqlash va davolash maqsadida ayollar tibbiy ko‘rigini to‘laqonli tashkil etish tizimini joriy qilish vazifasi yuklatildi.

Xususiy tibbiyotni tizimli asosda rivojlantirishga qaratilgan topshiriqlar berildi. Xususan, poytaxtimizda faoliyatini boshlagan “Akfa medlayn” xususiy tibbiyot muassasasi negizida mamlakatimizda xususiy tibbiyotni rivojlantirish va ularga malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha o‘quv-davolash markazini tashkil etish, mazkur tibbiyot markazi hamkorligida Koreya Respublikasining oliy ta’lim tibbiyot muassasasi va uning hududiy filiallarini tashkil etish vazifasi qo‘yildi.

Bu borada Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman hokimliklariga Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda aholining hududlarga xos kasallanish ko‘rsatkichlari va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, tor yo‘nalishlarga ixtisoslashgan statsionar sharoitdagi xususiy tibbiyot tashkilotlarini ko‘proq tashkil etish topshirildi.

O‘zA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: