Kitob – oftob: oftobni chaqaga pullayotganlar

Bir kuni onam bilan bozorga bordik. Barcha kerakli narsalarni xarid qilibmiz-u, faqat ziravorlar olish yodimizdan ko‘tarilibdi. Shoshib ziravor sotadigan xolaning yoniga bordim.

Onaxon oldidagi qog‘ozlardan qo‘lbola qadoq tayyorladi-da, unga zira, qalampir, murch solib, qo‘limga tutqazdi. Uyga kelgach, bu mahsulotlarni o‘z idishlariga soldim. Keyin sotuvchi xola o‘rab bergan qog‘ozlarni tekislab, o‘qib ko‘rsam, unda shunday so‘zlar yozilgan ekan:

– Qachon yubormoqchi bo‘lasiz endi? – deb so‘radi Oftoboyim. Qutidor biroz o‘ylab olg‘ach, Kumushga qarab javob berdi:

– Otabek bilan ketma-ket chopishmog‘imiz ham uncha ma’qul ko‘rinmaydir. Undan so‘ng qish kuni arava safari ham qulay ish emas. Shuning uchun oradag‘i uch oy qishni o‘tkazib jo‘narmiz, – dedi…

Bu, shubhasiz, asr oshgan asarlar qatoridagi Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanidan parcha edi. Shunda o‘ylanib qoldim. Nahotki, yozuvchi bobomiz ushbu romanni ming mashaqqatlar bilan bozorda ziravorlar o‘rab berish uchun yozgan bo‘lsa? Kitobning atiga bir varag‘i menda, ammo qolganlari kimning qo‘lida ekan? Demak, bu asarning bugungi holiga achinganlarning soni kam emas…

***

Bir kuni singlim bilan yo‘l chetidagi sotuvchidan pista sotib oldik. Sotuvchi xola pistani qog‘oz “voronka” ichiga solib, qo‘limizga tutqazdi. Yo‘l – yo‘lakay suhbatimiz qizib, manzilga yaqinlashib qolganimizni ham sezmabmiz. Bobomning uyiga eshik qoqib kirishimiz bilan, kishi bizga, aniqrog‘i, qo‘limizdagi qog‘ozga tikilib qaradi. Salomlashib bo‘lgach, bizni yoniga o‘tqazdida, “Bilasizlarmi, bu nima?” – deb, qo‘limizdagi qog‘ozga ishora qildi. Ochig‘i, “biror xato ish qilib qo‘ydikmikan” deb juda qo‘rqib ketdik. Ammo buvam qog‘ozni qo‘llari bilan tekislab, undagi chiroyli, bolalarcha soddalik bilan chizilgan suratga sinchkovlik bilan qaradi-yu, so‘zini davom ettirdi:

– Qizlarim, nega kitobning varaqlarini yirtib oldingiz, Axir… dedi-yu, chuqur xo‘rsinib qo‘ydi.

Pista o‘ralgan qog‘oz o‘zbek xalq ertaklari kitobining bir varag‘i ekan. Buvamning aytishicha, uning otasi xalq ertaklarini yig‘ib, bolalarga aytib berishni yoqtirgan ekan. Donishmand bobomning bilimli inson bo‘lishiga ham ertaklar sababchi bo‘lgan desam mubolag‘a bo‘lmas. Bobojonim doim bir narsani uqtirib keladi: ota-ona kabi kitob ham insonni tarbiyalaydi. Ular farzandni kamolga yetkazsa, kitob ma’naviy barkamollikka yetaklaydi. Shunday ekan uni ota-onangday hurmat qil, avayla, o‘zgalar qo‘lida aslo qadrsizlantirib qo‘yma…

Yana o‘qing:  Inklyuziv ta’lim: mohiyat, maqsad va muruvvat

Shu kuniyoq bu varaqlarni kutubxonamizdagi eng qadrli kitoblar orasiga qo‘shib qo‘ydik. Mana, endi bildim, bobom bizdan nega ranjiganligini!

***

Bugun kitoblar soni ko‘paygan, ammo ular orasida ming bitta javohirga alishmaydigan asarlarimiz hali-hamon o‘z mavqeini yo‘qotmagan. Yillar o‘tgani sayin ularning qadr-qimmati ham ortib bormoqda. Eng yaxshi sovg‘a kitob deyishsa, avvallari ishonmasdim. Ammo, endi amin bo‘ldimki, chindan ham kitoblar umrimiz davomida bizga hamrohlik qiladigan bebaho boylik ekan.

Amerikalik siyosatchi Linkoln ta’kidlaganidek: “Eng yaqin do‘stim, menga hali o‘qimagan kitobimni sovg‘a qilgan insondir”. Bunga javoban “Zararli inson o‘z xalqi boyligini bo‘laklab, pulga chaqadigan insondir”, deyishimiz mumkin. Kitobning varaqlarini yirtish oson, ammo haqiqiy inson bo‘lib uni qadrlash, e’zozlash qiyin.

Ulug‘ mutaffakir bobomiz Abu Rayhon Beruniy shunday deydi: “Mening hamma istaklarim, butun vujudim ila ilm tarqatishga qaratilgandir va men buni o‘zim uchun eng ulug‘ baxt deb bilaman”.

Kitoblarni o‘zgalarga ulashish yaxshi, ammo pista yoki ziravorlarga qo‘shib emas.

Mardona ZOKIROVA,

Angren axborot texnologiyalari va sanoat kasb-hunar kolleji o‘quvchisi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: