Eng mangu qo‘shiqsan

O, baland tog‘larim, bobotog‘larim! Osmonga ustun bo‘larli salobati, nuroniy ko‘rki bor. Har tong yelkasi uzra navqiron quyoshni tik ko‘tarar ekan, ona O‘zbekiston diyori ajib go‘zallik og‘ushida sollanadi. Falak o‘zining zarrin nurlari bilan yurtimni madh etadi, zarra tuprog‘ini ko‘ziga surtadi.

Ha, bu serquyosh o‘lka elning baxti, najotidir. Bu zarzamin uchun boboquyosh ham jon fido qiladi. Kun bo‘yi bor mehri, haroratini armug‘on etgach, zarra-zarra qumliklarga singib ketadi. Ufqda tiriklik timsoli, hayot timsoli, shu xalqning kelajak orzu-umidlari shu’lasi bo‘lmish alvon rangdan bo‘yoq beradi. Abdulla Oripov she’ri, Mutal Burhonov musiqasi asosida tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Davlat Madhiyasi ilk notalaridanoq, ilk so‘zlaridanoq ko‘z o‘ngimizda ana shunday samimiy tasvirlarni chizadi. Ha, bu qo‘shiq qo‘shiqlarning sardori va umriboqiysidir. Boisi unda ona Vatan tarannum etilgan. Uning ohanglari shu zahmatkash elning yurak urishidan, asriy orzu-maqsadlari hosilasidan bunyod bo‘lgan. Ehtimol, u yangraganda millionlab yurtdoshlarimiz ko‘zlariga yosh olishi sababi shundandir.

Darhaqiqat, vatanparvarlikni o‘rgatib bo‘lmaydi. U avloddan-avlodga, qondan-qonga o‘tadi. Vatan sotib olinmaydi. U peshonaga bitilgan qismat. Insonga Yaratganning bitmas-tuganmas in’omidir. Ota-bobolarimizda bir gap bor: qoningni toza saqla, bolam!

Ha, insonning ilk tomgan qoni – kindik qoni, tug‘ilgan tuprog‘iga, tug‘ilgan zaminiga singadi. Demak, u dunyoga kelishidanoq Vatani bilan qondoshga aylanadi. Qondosh, qavmu qarindosh sha’nini asrash ming yillarkim, o‘zbek xalqining o‘lmas qadriyatiga aylangan. Vatan tirik, Vatan o‘lmaydi, u million-million insonlarning yuragida yashaydi, ko‘ksida urib turadi. Shuning uchundir, madhiya yangraganda o‘zini shu xalqqa, shu tuproqqa daxldor bilgan kishilarning vujudi jimirlab ketadi. Butun ruhi faxrga aylanadi. Iftixor tuyg‘usi bilan yashayotgan elni esa hech qanday kuch yenga olmaydi.

Ruhga quvvat, tanga kuch

Vatan uchun xizmat qilish har bir fuqaroning muqaddas burchidir. Zero, bundan ulug‘ maqsad yo‘q. Buni teranroq anglamoqchi bo‘lsangiz, harbiy xizmatga borayotgan yigitning ko‘zlariga boqing, qaytganidagi qat’iyatini ko‘ring. Ha, qalbi faxr tuyg‘usiga limmo-lim ming-minglab yigitlarimiz har yili ona Vatan oldidagi muqaddas burchini o‘tash uchun hozirlik ko‘radi. Bir yil harbiy va jismoniy ko‘nikmaga ega bo‘ladi. O‘z yurtining zarra tuprog‘ini ham yovga berib qo‘ymaydigan darajada kuchga, salohiyatga to‘ladi. Bunday jasoratning tagzamiri esa ma’naviyatga kelib taqalsa, ajabmas. Har kun saf tortgan askarlar baland ovozda, baralla madhiyani kuylab, tongni qarshi oladi. Qadamidan o‘t chaqnab xizmatga otlanadi. Tungi safda yana shu umriboqiy qo‘shiqni avj pardalarda, maromiga yetkazib ijro qiladi.

Yana o‘qing:  Ezgu ish hayotga ishtiyoq beradi

Darhaqiqat, bu qo‘shiq ruhga quvvat, tanga kuch beradi. Tomirimizdagi qonga singadi. Ha, bu tarona vujudimizda tirikligimiz kafolati – qon bo‘lib oqadi. Ulug‘ bobolarimiz Jaloliddin Manguberdi, Amir Temurga xos bo‘lgan mardlik, jasorat, vatanparvarlik va aqlu zakovat kabi ezgu amallarni eslatib turadi. Zero, o‘tmishini unutmagan, ota-bobolari tutumiga sodiq qolgan xalqning yo‘li oydin, kelajagi porloq bo‘ladi.

Vatan kabi e’zozli va qadrli

Bir o‘q bilan Asqartog‘ni qulatgan Alpomish haqidagi doston o‘z-o‘zidan yaralib qolmagan. Xalqimiz ana shunday alpkelbat polvonlari bilan har qancha faxr etsa arziydi. Yelkasi yer ko‘rmagan Pahlavon Mahmudday bobolarimiz nomi ham bilagidagi kuchi, yuragidagi Vatan tuyg‘usi, shu elga, shu xalqqagina mos va xos bo‘lgan oriyati sabab asrlar osha o‘tib kelmoqda. So‘nggi yigirma olti yil davomida sportchilarimiz erishgan yutuqlar ham O‘zbekiston degan davlat tasodifan dunyo xaritasidan joy olmaganini qayta-qayta isbotlamoqda.

Jahon arenalarida 20-25 yoshli yigit-qizlar o‘zining bor mahoratini ishga solib, g‘alaba qozonmoqda. Butun xalqni junbushga keltiradigan holati esa madhiya yangraganda ularning ko‘zidan oqayotgan yoshlardir. Ha, bu sevinch yoshlarining har tomchisi O‘zbekistondek go‘zal va betakror yurtning farzandi ekanidan minnatdorlik ifodasidir.

Bu vatanparvarlik Ona zaminimizga bo‘lgan mehru muhabbatning samimiy izhoridir. Ayniqsa, zafar quchgan o‘zbek yoshlari raqibiga quchoq ochib, unga do‘stona munosabatda bo‘lishi, zafarlar tilashi ko‘rgan kishiga huzur bag‘ishlaydi. Ular insoniy fazilatlar hali ham o‘lmaganini, bag‘ri keng o‘zbek xalqining iymoni hech qachon o‘chmasligini namoyish qilishadi. Madhiya sadolari ostida muqaddas bayrog‘imizni ko‘zga surtishadi. Ha, madhiya ham Vatan kabi e’zozli, Vatan kabi qadrlidir.

O‘zbekiston Respublikasi qonun bilan tasdiqlanadigan o‘z davlat ramzlari – bayrog‘i, gerbi va madhiyasiga ega.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, 5-modda

“Olamni mahliyo aylagan diyor”

Ma’rifatparvar bobomiz Cho‘lpon “Xalq dengizdir, xalq to‘lqindir, xalq kuchdir”, deb yozadi. Darhaqiqat, ulug‘ xalq qudrati jo‘sh ursa, unga hech qanday kuch to‘sqinlik qilolmaydi. Bugun o‘zbek xalqi ozod va obod diyorda ana shunday shiddat bilan el-yurt manfaati yo‘lida kamarbastalik qilib kelmoqda. Bu ishlarga esa Yurtboshimizning o‘zi bosh-qosh. Bugun nufuzli xalqaro doiralarda O‘zbekiston mavqei yanada yuksalib borayotganini hammamiz ko‘rib, dildan his etib turibmiz. Mamlakatimiz Prezidenti ko‘plab davlatlar bilan iqtisodiy-siyosiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqdi. O‘sha mamlakatlarda bizning madhiyamiz yangradi. O‘zga xalq vakillari oldida xalqaro siyosiy maydonlarda o‘z madhiyang yangrayotganini ko‘rish qanchalar huzurbaxsh. O‘zbek xalqi hammaga yaxshilik sog‘inishini, hammaga ezgu nigoh bilan boqishini, haqiqiy tinchlik posboni ekanini namoyish qilib ulgurdi. Bir so‘z bilan aytganda O‘zbekiston olamni mahliyo aylagan diyor bo‘ldi.

Yana o‘qing:  Kitob – oftob: oftobni chaqaga pullayotganlar

Elga baxt, najot

Erta tongdan televizorni yoqaman. Unda O‘zbekiston Respublikasi Davlat Madhiyasi yangraydi. Qizalog‘im qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, jo‘r bo‘ladi. Men ham o‘rnimdan turib, qo‘limni ko‘ksimga qo‘yaman. Bu holatim unga zavq bag‘ishlaydi. U o‘zini yanada erkin his etadi. So‘ng boshini asta silayman. Axir, u Vatanimning ertasi! Zero, erkin, yosh avlodlar Vatanning metin qanotlaridir.

Derazani ochaman. Boboquyoshni yelkasida tutgan tog‘larga boqib, o‘zimga kuch olaman: Serquyosh hur o‘lkam, elga baxt, najot!

Bahodir HALIMOV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: