Bolalarga ziyon yetkazmang
Go‘dak dunyoga kelishining o‘zi bir mo‘jiza. Yaratgan kimgadir farzand atalmish ulug‘ ne’matni ato etsa, yana kimdir bu baxtdan mosuvo.
Jajji o‘g‘il-qizingizning beg‘ubor harakatlarini kuzatarkansiz, qalbingizda cheksiz shukronalik tuyg‘usini tuyasiz. Ularning kelajagini o‘ylab, shirin orzularga berilasiz.
Oramizda bunday baxtning qadriga yetmayotgan, o‘z bolasini turli yomon so‘zlar bilan xaqoratlab, hatto, voyaga yetmagan farzandini kaltaklash darajasiga borayotgan ota-onalarning borligi achinarli, albatta. Ular o‘zlarining bu harakatlari bilan farzandiga nimani tushuntirmoqchi ekan, deb o‘ylab qolasan, kishi. Axir psixologlar bolaga faqat yaxshi muomalada bo‘lish zarurligini uqtirishadi-ku! Keksalarimiz ham “Mehr ko‘rsatsang, mehr ko‘rasan”, deb bejiz aytishmagan.
Shukurki, yurtimizda bola huquqlari qonun bilan himoyalangan. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksida ota-onalarning voyaga yetmagan farzandlarini tarbiyalash, ularga ta’lim berish, moddiy ta’minlashga doir huquq va majburiyatlari belgilab qo‘yilgan. Xususan, ushbu kodeksning 96-moddasiga binoan bu majburiyatlarni ixtiyoriy ravishda bajarmagan ota(ona)dan sudning hal qiluv qarori yoki sud buyrug‘iga asosan aliment undirilishi belgilangan. Shunday ekan har bir ota yoki ona farzandiga zarar yetkazishdan oldin uning kelajagi xaqida o‘ylashi zarur. Shuningdek, Oila kodeksida ota-onalik majburiyatlari ma’lum darajada bajarmaganlik yoki umuman bajarmaganlik uchun huquqiy sanksiyalar: ota-onalik Huquqidan mahrum qilish, ota-onalik xuquqini cheklash, farzandlikka olishni haqiqiy emas deb topish va bekor qilish, alimentni sud tartibida undirish kabilar belgilangan. Qolaversa, Bosh Qomusimizda ham ota-onalarning farzand oldidagi majburiyatlari belgilab qo‘yilgan.
Davlatimiz voyaga yetmagan bolalar haqida qayg‘uradi va ularning kelajak hayotini munosib ta’minlab, himoya qiladi. Shunday ekan ularning mitti jonlariga ozor berib, kelajakda fe’l-atvorining noto‘g‘ri shakllanishiga sababchi bo‘lmang. Bu bilan barcha ota-onalarni ayblamoqchi emasmiz. Lekin, oramizda oilaviy muhit sabab farzandlar tarbiyasi haqida o‘ylab ko‘rmayotgan insonlar borligi hech kimga sir emas.
– Bolalar fe’l-atvori turlicha bo‘lib, ularning har biriga alohida muomalada bo‘lish lozim. Ba’zilari do‘q-po‘pisani ko‘tara olmasa, ayrimlari vaqt o‘tishi bilan bu qo‘pol muomalani esdan chiqaradi. Ammo, qattiq gapni ko‘tara olmaydigan bolaga kaltak bilan zarar yetkazsangiz, bu uning yodida bir umr saqlanib qoladi. Mazkur holat takrorlanavergach esa bola psixologiyasi zararlanib, voyaga yetganida undan yaxshi inson chiqishi dargumon, – deydi bolalar psixologi Dilnoza Avazova.
Nuroniy otaxon-u onaxonlar oila qurgan yoshlarni “Serfarzand va serdavlat bo‘linglar”, – deya duo qiladi. Zero, farzandlarni ilmli, hunarli, jamiyatda o‘z o‘rniga ega insonlar etib tarbiyalash, keksaygan chog‘ida ularning rohatini ko‘rish inson uchun ulug‘ saodatdir. Ammo, hayotda dilbandlari kelajagini o‘ylamay, oila degan muqaddas dargohni vayron qilayotganlar ham uchrab turibdi.
Tilagimiz, farzandingizga mehr bering. Mehr ko‘rmagan bolalaringizni mehrsizlar qo‘liga topshirib, ularni toshbag‘ir inson bo‘lib qolishiga yo‘l qo‘ymang. Tarbiyada adashmang, avvalo, o‘zingizni tarbiyalang. Farzandingiz sizning aksingiz ekanini aslo unutmang!
Huquqshunos Vohidjon TOPILDIYEV tavsiyalari asosida
Charos XUSHVAQTOVA tayyorladi.