Shifokorning ish vaqti: tibbiy xodimlarning o‘rindoshlik asosida ishlash tartibiga o‘zgartirishlar kiritildi
Yurtimizda tibbiyot sohasi rivoji Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan yangi bosqichga ko‘tarildi. Shu ma’noda bugun tibbiyot xodimlari zimmasidagi mas’uliyat va ularga qo‘yilayotgan talablar har qachongidan ham yuqori bo‘lmoqda.
O‘z navbatida shifokorlik kasbining murakkabligi va yuklamalarni hisobga olgan holda soha xodimlari hamisha davlatimizning e’tibor markazidadir. Ayniqsa, so‘nggi paytlarda tibbiyot xodimlari mehnatini munosib baholash va ularni rag‘batlantirish tizimining takomillashtirib borilayotgani e’tiborga molik. Joriy yilning 20 noyabr kuni qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori ham ana shu yo‘lda tashlangan yana bir muhim qadam bo‘ldi.
“O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash davlat tizimi tashkilotlarini kadrlar bilan ta’minlashni yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi mazkur qaror bilan sog‘liqni saqlash davlat tizimi tashkilotlari xodimlarini o‘rindoshlik asosida hamda bir necha kasb va lavozimda ishlash tartibi takomillashtirildi.
Endi shifokorlar uchun o‘rindoshlik asosidagi ish vaqtining davom etishi bir oylik norma miqdorigacha belgilanishiga ruxsat berildi. Tibbiyot xodimlarining boshqa toifalari uchun esa oylik normaning yarmidan ortiq bo‘lmasligi belgilandi.
Mazkur qarorga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 18 oktyabrdagi 297-son bilan tasdiqlangan “O‘rindoshlik asosida hamda bir necha kasbda va lavozimda ishlash tartibi to‘g‘risida”gi nizomiga ham qator o‘zgartirishlar kiritildi.
– Xodimning asosiy ishi mehnatning noqulay shart-sharoitlari bilan bog‘liq bo‘lgan holda o‘rindoshlik asosida shunday noqulay shart-sharoitlarda ishlashini (jumladan, laboratoriya, rentgen, radiologiya va h. k.) ta’qiqlash, shuningdek, o‘rindoshlik asosida ishlashning davomiyligi xodimlarga belgilangan ish vaqti normasining yarmidan ortiq bo‘lishi mumkin emas, degan cheklov bekor qilindi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi Iqtisodiyot, moliyalashtirish va istiqbolni aniqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i Mirazim Mirtolipov. – Yanada aniqroq qilib aytsak, shifokorlar uchun har ikkala – asosiy va o‘rindoshlik faoliyati noqulay shart-sharoitlar bilan bog‘liq bo‘lgan ishlarda ham ishlashiga ruxsat berildi. Bundan tashqari byudjet tashkilotlarida bir necha kasb va lavozimda ishlaganlik, xizmat ko‘rsatish hududini kengaytirganlik, ish hajmi ko‘payganligi uchun qo‘shimcha haq to‘lash miqdori bir necha kasb va lavozimda ishlagandagi lavozim maoshining 50 foizigacha ko‘tarildi. Ilgari ushbu miqdor 30 foizni tashkil qilar edi.
Ushbu qarorning amaliyotga joriy etilishi sog‘liqni saqlash davlat tizimi tashkilotlari xodimlarini moddiy rag‘batlantirish va ularning mehnatiga haq to‘lash tizimini yanada yaxshilashga, aholining to‘la hajmlarda tibbiy yordam olishiga, ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifati va samaradorligi oshishiga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati