Tabiat insonga hayot tortiq etib, dard tortyapti

Sayyoramizni o‘z holiga tashlab qo‘yish o‘zimizni halokatga mahkum etish bilan barobar ekani bugun hech kimga sir emas. Bizdan keyingi avlodga qanday zaminni qoldiramiz? Atrof-muhitni asrash uchun nimalar qilish lozim?

Ana shu savollarga javob izlash asnosida ekologik tarbiya masalasi ko‘ndalang turadi. U insoniyatni cho‘kishdan asraydigan yagona qutqaruv halqasidir. Ekologik tarbiya va madaniyatni shakllantirish nechog‘li muhimligi haqida bahs boylashga o‘rin yo‘q. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, toza, obod, yashnab turgan joyda musaffo havodan nafas olib, zilol suv ichib, xavfsiz oziq-ovqat tanovul qilib ulg‘aygan bola bilan, chiqindilar ichida, badbo‘y hid anqigan yerda, yegan-ichgani tayinsiz katta bo‘lganlar orasida nechog‘li katta farq bor? Shunday emasmi? Biroq, biz ma’qul bilgan birinchi holatni yuzaga keltirish ham o‘zimizning qo‘limizda ekanini unutmaslik lozim. Ekologik tarbiyaning eng muhim sharti ham shu.

Inson tarbiyasi uzoq davom etadigan muttasil jarayon. U dastlab oiladan boshlanishini bilamiz. Ota-ona o‘z farzandini tabiatni sevishga, atrofni toza tutishga o‘rgatish asnosida ekologik madaniyatni ham shakllantirib boradi. Ayni paytda tarbiya beshigi – oilada o‘simlik va jonivorlarga e’tiborli bo‘lish, ularni asrashga doir dastlabki ko‘nikmalar hosil qilinadi. Chunonchi, bola uyda ota-onasining gullar parvarish qilgani, nihollar ekkani, qush yoki baliqlar boqqani, turar joyni ozoda tutganini ko‘rib katta bo‘ladi. Bu jarayonlarda o‘zi ishtirok etadi va ba’zan bunga bog‘liq yumushlarni bajaradi. Afsuski, qutilar qolib yerga axlat to‘kishni yoki yaqinroqdagi ariqqa chiqindi tashlashni ham ota-onasidan o‘rganadi. Jamiyatning bir bo‘g‘ini bo‘lgan oilada go‘dak tabiatga bo‘lgan munosabatning ilk amaliy va nazariy jihatlarini o‘zlashtiradi. Bora-bora ko‘nikmaga aylanadigan mazkur jihatlar keng olganda jamiyatda ekologik madaniyatni yuzaga keltiradi.

Ekologik madaniyati yuqori darajada taraqqiy etgan mamlakatlarning tajribasi shuni ko‘rsatadiki, mazkur davlatlarda iqtisodiy tomondan ham yuksalish bo‘lar ekan. Chunki bunday jamiyatda turli kasalliklar bilan og‘rish darajasi ham past bo‘lib, odamlar uzoqroq umr ko‘radi. Xo‘sh, ekologik madaniyat nimalarga tayanadi? Uchta ustunga. Bular – ekologik tarbiya va ekologik bilimlar hamda ekologik ongdir. Tarbiya va bilimga yo‘naltirilgan axborotlar oila, boshlang‘ich ta’lim muassasalari, maktabdan, yana ekologik maskanlar hamda muzeylardan olinadi. Yurtimizda bu borada tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Ta’lim muassasalarida ekologik tarbiyaga alohida e’tibor qaratilgan. Bunga yordamchi vosita sifatida yana, muzeylarning ham alohida o‘rni bor. Jumladan, O‘zbekiston davlat tabiat muzeyi ana shunday ma’rifiy maskanlardan. Ularga uyushtiriladigan tashriflar yoshlar dunyoqarashini kengaytirib, tabiatga inson munosabati qanday bo‘lishi kerakligini ko‘rgazmali tarzda ochib beradi. Ikki og‘iz mazkur dargoh haqida. 2010 yilning may oyida yangi binoda qayta ishlangan va to‘ldirilgan ekspozitsiya asosida ish boshlagan muzey, aslida bir yarim asrlik tarixga ega. Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan mazkur muassasaning boy ilmiy fondi mavjud. Muzey mamlakatimiz tabiatiga doir ko‘plab eksponatlar, fauna va flora olami namunalari o‘quvchi-yoshlarga, fuqarolarimizga sohaga doir atroflicha ma’lumot beradi. Yurtimiz bioxilma-xilligi, ekotizimlari borasidagi tasavvurlarini boyitadi. Muzeyning 4 mingdan ortiq umurtqali hayvon va qushlarga oid zoologiya fondi, 350 mingdan ziyod hasharotlar namunasidan iborat entomologiya jamlanmasi noyobligi bilan e’tiborlidir. Ushbu maskanga tashrif o‘quvchi yoshlar uchun odatiy zerikarli vaqt o‘tkazish bo‘lmasligi lozim. Muzey eksponatlari bilan tanishish asnosida bolalar, o‘quvchi-o‘smirlarga diyorimiz landshaftlari, ekologiyasiga bee’tibor bo‘lmaslikka qaratilgan ta’sirli, faktlarga boy muloqotlar o‘tkazilishi va ma’lumotlar berilishi darkor. Bolalarga qarata o‘ylantiradigan savollar berish ham o‘rinli. Chunonchi, 4 million litr toza ichimlik suvini yaroqsiz holga keltirish uchun atigi 4 litr mashina yonilg‘isi yetib ortishini bilasizmi? Yoki Tinch okeanida AQSHning Kaliforniya shtati maydoniga teng plastik chiqindilar to‘plangani va bu axlat uyumini qayiqda bir haftada kesib o‘tish mumkinligidan xabaringiz bormi? Aynan o‘sha hududda birorta tirik jon va o‘simlik yo‘q hamda mazkur chiqindi maydoni yil sayin kengaymoqda. Ularning 80 foizi quruqlikdan shamol orqali kelib qolganinichi, bilasizmi? Jahondagi 40 foiz toshbaqalar me’dasida plastik bo‘laklar borligiga nima deysiz? Bitta arzimasdek ko‘ringan alyuminiy idishning tabiatda parchalanishi uchun 200-500 yilgacha vaqt kerak bo‘lishini bilarmidingiz? Uzoqqa bormaylik, Toshkent hayvonot bog‘ida mana bir necha yildirki, jonivorlar nobud bo‘layotgani, ularning me’dasidan plastik ashyolar topilgani ham achinarlidir. Bunday noxush holatlar takrorlanmasligi uchun nimalar qilish kerak, kabi mulohazali savollarga muzey mehmonlari javob berishsin va fikrlashsin. Yana mashhur brendlarning ekologik muammolarni hal etishga qo‘shayotgan tashabbuslari haqida ham ma’lumot berish yaxshi samara beradi. Chunonchi “Nike” kompaniyasining eski krossovkalar utilizatsiyasidan sport maydonlari uchun qoplamaga xom ashyo ishlab chiqarayotgani kabi.

Yana o‘qing:  Kir yuvish mashinasi o‘rnini bosuvchi sumka

Xullas, muzey bo‘ylab ona Vatanimiz tabiati haqida yoshlarga so‘zlab, ana shunday o‘ylantiradigan muloqotlar uyushtirish kerak. Shu ma’noda ingliz faylasufi Frensis Bekonning quyidagi so‘zlarini keltirish o‘rinli: “Tabiat – faqat unga bo‘ysunganlarga bo‘yin egadi. Faqat uning qonunlariga itoat etibgina, uni yengish mumkin”. Yoki Gippokratning ushbu so‘zlarini eslasak: “Tabiat har kuni bizga nechog‘li kam va nihoyatda kichik narsalarga muhtoj ekanini eslatib turadi”. Bu esa biz so‘z ochgan e’tibor va tabiat taqdiriga daxldorlik hissidir. Ekologik tarbiyaning mohiyati ham ana shunda. Mazkur tarbiya uyda, bog‘chada, maktabda, oliy o‘quv yurtida uzluksiz davom etishi, ekologik bilimlarni uyda, ta’lim dargohlarida amaliy qo‘llash, o‘quvchilar ishtirokida ekobog‘lar tashkil etish, ekoto‘garaklar faoliyatini yanada jonlantirish, ekomuloqotlar, ekoreydlar, ekspeditsiyalar o‘tkazish ham yaxshi samara beradi. Shunday avlodni tarbiyalash lozimki, tug‘ilib o‘sgan mahallasi, qishlog‘i, qo‘yingki, mamlakatimizni o‘z uyi deb bilsin va ularni asrab-avaylasin. Buning uchun avvalo, biz, kattalar o‘zimizdan boshlashimiz, befarqlik degan illatni tomiri bilan yo‘qotib, ajdodlarimizning ko‘p asrlik ma’naviy merosi, qadriyatlariga suyangan holda, namuna va ibrat ko‘rsatishimiz zarur bo‘ladi. Bunga tayyormisiz? Javob berishdan avval yana bir bor o‘ylab ko‘ring. Zero, jamiyatimizda aholi o‘rtasida yuqori darajadagi ekotarbiya va ekomadaniyatni shakllantirish bilangina Ona tabiatni bugungi holatda saqlab qolamiz. Ikkinchi yo‘l yo‘q. Ekologik tanazzulning oldini olish muammosining yechimi ham shunda.

Feruza AKRAMXODJAYEVA,

O‘zbekiston Davlat tabiat muzeyi katta ilmiy xodimi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: