Ongni faqat miya boshqaradimi?
XX asrning o‘rtalarigacha odam organizmini o‘rganish bilan shug‘ullanuvchi mutaxassis olimlarning barchasi bosh miya (aniqrog‘i, bosh miya suyuqligi) fikrlash, xotirlash jarayonlarining asosiy manbai ekaniga hech bir shubha qilmaganlar. Biroq, ayrim hayotiy dalillar olimlarning aqlini shoshirib qo‘ydi.
AQL-HUSHDAN AYRILGAN ODAMLAR
XX asrning boshlarida «Tabiat va odamlar» deb nomlangan jurnalning sahifalarida A.Buke degan mutaxassis olim tomonidan ilm-fan olamini larzaga solgan g‘aroyib faktga bag‘ishlangan ilmiy maqola chop etilgan. Maqola muallifining e’tirof etishicha, odamda fikrlash va xotirlash kabi aqliy-psixologik hodisalar kechishi uchun bosh miya eng muhim bo‘lgan omillardan emas ekan. O‘z fikrini dalillash uchun Buke quyidagi voqeani misol qilib keltirgan:
«XYI asrlarda Gollandiyada yashab o‘tgan o‘rta asrlar shifokori Luzitanus qoldirgan yozma manbalarda keltirilishicha, uning ko‘rigiga jiddiy jarohat olgan o‘n yoshlar chamasidagi bolakayni olib kelishadi. Bemor bosh miyasining orqa qismiga rapira (qilichbozlikda qo‘llaniladigan chor qirrali qurol) vositasida jiddiy jarohat yetkazilgan ekan. Yetkazilgan jarohatni kuzatgan shifokorning ta’riflashicha, bosh miyaning jarohatlangan qismida kalla suyaklari maydalanib ketgan, bosh miya pardasi yirtilgan va jarohatdan miya suyuqligi sizib oqib turgan.» Eng ajablanarlisi shuki, shunday og‘ir jarohat olishiga qaramay bolakay tirik qolgan. Olingan jarohati bilan bola yana uch yil davomida yashaydi. Ammo, organizm yetkazilgan jarohatning o‘rnini to‘ldirish (davolash) maqsadida aynan shu yerga ko‘p miqdorda hayotiy kuch-quvvatga to‘liq suyuqlikni yuborib turgani bois bolakayda istisqo (organizm to‘qimalari, bo‘shliq yoki a’zolarida ortiqcha suyuqlikning yig‘ilishi) rivojlangan va bemor tez orada nobud bo‘lgan. Patologoanatomlar bunday g‘aroyib hodisaning klinik xususiyatlarini o‘rganish maqsadida bolakayning bosh miyasini ochib ko‘rganlarida bemorning bosh miyasi butunlay yo‘q ekanligiga shohid bo‘ladilar.
Yuqoridagi hodisaga o‘xshash yana bir voqelik ta’rifini jazoirlik doktor Deto va uning yordamchisi Braklar keltirishadi. Kunlarning birida ularning huzuriga konsultatsiya uchun bir bemor kishi keladi. Shifokorlar bemorni ko‘zdan kechirganida uning bosh sohasida, aniqroq qilib aytganda, chap qoshining ustki qismida kalla suyaklari maydalanib ketgani ma’lum bo‘ladi. Bunday jarohat kundalik yumushda uchrab turadi, ba’zi bir muolajalar qilinsa hammasi bitib ketadi degan o‘y-fikr bilan shifokorlar bemorga tibbiy yordam ko‘rsatib, vaqti-vaqti bilan unga tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun kelib turishini tayinlashadi va uyiga jo‘natib yuborishadi. Darhaqiqat, ma’lum fursat o‘tgach bemor sog‘ayib kundalik hayot yumushlariga ovora bo‘lib ketadi. Shifokorlar bemorning sihat-salomatligidan ortiqcha xavotirlanish uchun asos yo‘q degan bir paytda shikast olgan odam to‘satdan hayotdan ko‘z yumadi. Shifokorlar odatdagidek, bemorning tanasini ochib kuzatishadi. Ne ko‘z bilan qarashsaki, bemorning bosh miyasi peshona qismida juda katta yiring o‘chog‘i bor ekan. Taxminan uch oy mobaynida rivojlangan patologik jarayon bemorning bosh miyasining oltidan bir qismini yemirib ulgurgan ekan.
Yuqorida ta’rifi keltirilgan voqealarga o‘xshash yana bir hodisa Parijdagi Fanlar Akademiyasining a’zosi, tibbiyot fanlari doktori Robinsonning referatida bayon etilgan. Tan jarohatidan shikoyat qilib shifokor huzuriga 60 yoshlar chamasidagi odam keladi. Shifokor kalla suyagining orqa tomonida uchi o‘tkir qurol vositasida bosh miyaga shikast yetkazilganini aniqlaydi. Qizig‘i shundaki, jarohat olgan kimsa bir oy davomida hech narsa bo‘lmaganidek hayot kechirishda davom etavergan. Bir oydan so‘ng bemor ko‘zlari xiralashib borayotganini payqagan. Biroq? ortiqcha hech qanday alomatlar kuzatilmagan. Bemor epilepsiya (tutqanoq)ning galdagi xuruji vaqtida to‘satdan vafot etadi. Shifokorlar bemorni yorib ko‘rishganida uning bosh miyasi yiringlash jarayonlari rivojlangani bois butunlay yemirilib ulgurgan ekan. Faqatgina bosh miyaning daraxt bargicha keladigan yupqalikdagi qismi salomat ekanligi ma’lum bo‘ladi. Tasavvur qiling, bemor bir oydan ortiqroq vaqt davomida bosh miyasiz hayot kechirgan.
Ta’kidlashimiz joizki, bunday g‘aroyib hodisalar bizning davrimizda ham uchrab turibdi. 1978 yilda Podmoskovyedagi ilmiy muassasalarning birida juda muhim ilmiy izlanishlar olib borilayotgan bir paytda uskuna ishdan chiqadi. Nosozlikni fizik olim Anatoliy Bugorskiy bartaraf etishga kirishadi. Ammo kutilmaganda baxtsiz hodisa yuz berib olimning bosh miya sohasiga 70 mlrd. elektronvolt kuchiga ega bo‘lgan protonlar tutami ta’sir qiladi. Bu 200 ming rentgenga teng edi. Mutaxassislarning aytishicha, bunday kuchli nurlanish ta’sirida odamning miyasi shu zahoti kuyib ketishi lozim bo‘lgan, biroq, olim tirik qoladi. Eng ajablanarlisi shuki, Anatoliy nafaqat yashashda davom etgan balki, ish faoliyatini davom ettiravergan. Har holda bo‘lib o‘tgan noxush hodisa o‘zidan keyin ma’lum izlar qoldirgan. Anatoliy Bugorskiyning bosh va yuz sohasida ikkita bitib ketmagan yara o‘rni saqlanib qolgan.
Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi, odam hayoti uchun juda zarur deb hisoblangan bosh miyaga jiddiy ziyon yetkazilishiga qaramay nima sababdan odamlar ma’lum vaqt davomida yashayvergan. Ehtimol buning sababi bosh miyaning funksional vazifalarini qandaydir boshqa a’zolar bajarib turganligidadir?.
ODAM YURAGINING XUSUSIYATLARI
Odam organizmida yurak faqatgina qon aylanishini ta’minlovchi vosita (nasos) vazifasinigina bajarmasligi haqida jiddiy fikr yuritgan olimlardan biri rossiyalik fiziolog Ivan Pavlov edi. Olimning ta’kidlashicha, qadimgi yunonistonliklar «yurak» deganda odam hayoti uchun muhim sanalgan a’zonigina emas, balki moddiy a’zolar yordamida his etib bo‘lmaydigan qalbni, aqliy jarayonlarni ham nazarda tutishgan. O‘z fikrini davom ettirar ekan, bu behuda gap emas deydi, buyuk olim, «zotan yuqorida aytib o‘tilgan barcha psixik jarayonlarning zamirida o‘ziga xos fiziologik jarayonlar yotadi. Ta’bir joiz bo‘lsa aytishimiz mumkinki, odam yuragi funksional jihatdan to‘g‘ri ishlab tursa, bu oqibatda odamga nafaqat jismoniy balki, qaysidir ma’noda ma’naviy orom baxsh etadi. Odam yuragining jismoniy jihatdan bardamligi va tetikligi ko‘p jihatdan ma’naviy barqarorlikka aloqadordir».
Oradan uzoq yilar o‘tgach buyuk fiziolog olimning fikrlarini nazariy jihatdan amerikalik fiziologlar Glen Devidson va Lester Vertenlar yana bir bora tasdiqlab berishdi. Amerikalik mutaxassislarning olib borgan ilmiy izlanishlari natijasiga ko‘ra odam yuragi to‘qimalaridagi asab tolalari psixologik muhit orqali odam ongiga ta’sir ko‘rsatuvchi barcha jarayonlarni his etish hamda qaysidir ma’noda «idrok qilish»ga moslashgan ekan. Odam yuragining bunday g‘aroyib xususiyati haqida shoirlar va yozuvchilar yaxshi bilishgan. Axir odam qalbi aynan yurak sohasida deb bejizga aytmaydilar.
BUTUN VUJUDIMIZ FIKRLAYDI
XX asrning boshlarida ingliz olimi Jon Nyuport Lengli olib borgan ilmiy tadqiqotlar odamning me’dasi hamda ichaklaridagi asab tolalarining umumiy miqdori 100 milliondan ortiq ekanini tasdiqladi. Bu orqa miyadagidan ancha ko‘proq. Qorin sohasida juda keng tarqalgan neyronlar to‘ri va turli xil qo‘shimcha vazifalarni bajaruvchi to‘qimalar mavjudligi aniqlandiki, olim ularni o‘ziga xos «aqliy markaz» deb e’tirof etadi.
Tyubingen universitetining professori Paul Enkning aytishicha, qorin sohasidagi «aqliy markaz»ni qizilo‘ngach, me’da va ichak tizimini o‘rab olgan o‘ziga xos parda sifatida tasavvur etishimiz mumkin. O‘z fikrini tasdiqlash uchun olim Alsgeymer xastaligiga chalingan bemorlarning bosh miyasida kuzatiladigan patologik jarayonlar aynan qorin sohasidagi a’zolarning asab to‘qimalarida ham uchrashini aytib o‘tadi.
Ba’zi bir mutaxassislarning fikricha, odamning sihat-salomatligi haqidagi turli xil ma’lumotlarning 90 foizi aynan qorin sohasidagi va bor-yo‘g‘i 10 foizigina bosh miya retseptorlar orqali o‘zlashtirilar ekan.
Kaliforniya universitetining professori E.Mayer tomonidan olib borilgan tadqiqotlarga ko‘ra qorin sohasidagi «aqliy markaz» organizmdagi juda ko‘p emotsional jarayonlarni boshqarishda faol ishtirok etadi. Boshqacha qilib aytganda, biz intuitiv tarzda his etadigan narsalarimiz shunchaki xayoliy narsa emas balki real asosga egaekan.
Amerikalik fiziolog olim A.Damesioning fikriga qaraganda, bosh miya xuddi hisoblash mashinasi kabi ishlagani bois biron bir xulosa chiqarishi uchun unga juda katta hajmdagi materiallarni tahlil qilish uchun uzoq vaqt talab etiladi. Holbuki, qorin sohasidagi «aqliy markaz» esa buning uchun juda qisqa fursat talab qiladi.
ODAM AURASI NIMAGA QODIR?
Yurak hamda me’dadan tashqari fikrlash jarayonlarida odamning aurasi ham ishtirok etishi mumkin deb hisoblaydi rossiyalik ufolog Yu.Fomin. Yuriy bu fenomenni odamning informatsion-taqsimlovchi tuzilmasi (ITT) deb aytaydi. Bunday antiqa g‘oyani kashf etishida mutaxassisga odam organizmining morfogen maydoni haqidagi konsepsiya yordam bergan ekan. Ushbu konsepsiyaga ko‘ra odam organizmining har bitta hujayrasi individual morfogen maydonga ega bo‘lib, ayni maydonda odam tanasiga aloqador bo‘lgan barcha ma’lumotlar mujassam. Shu tariqa turli xildagi ma’lumotlar o‘zaro birikib umumiy morfogen maydonni tashkil qiladi. O‘z navbatida morfogen maydon organizmning har bir hujayrasi bilan doimiy aloqada bo‘lib, alohida hujayralar hamda umuman organizmning shakllanishi va funksional jihatdan faoliyat yuritishida bevosita qatnashar ekan. Ufolog taklif etgan gipoteza (ilmiy faraz) ayrim vaqtlarda moddiy olamda namoyon bo‘ladigan notabiiy fenomenlarni izohlashga imkon bermoqda.
Ba’zi bir olimlarning ta’kidlashicha, tabiat va shu jumladan, Ona zaminning informatsion maydoni alohida insonning va umuman insoniyatning taqdirini belgilashda faol ishtirok etar ekan. Shunday fikr-mulohazalarni ilgari suruvchi mutaxassislarning ta’kidlashicha, aynan yurak odamning informatsion-taqsimlovchi tuzilmasini Ona Yerning informatsion maydoni bilan bog‘laydi. Bu hol ilmiy jihatdan aniq izohlab berish mushkul bo‘lgan telepatiya, kelajakni va o‘tgan hayotlarini ko‘ra bilish va boshqa shu kabi ko‘pgina fenomenlarni tushunib yetishga yordam beradi.
Bundan tashqari, odamning hayoti davomida morfogen maydonda to‘plangan ma’lumotlar va o‘zlikni anglash jarayonlarining mahsuli bo‘lmish ongli jarayonlar moddiy tana nobud bo‘lganidan keyin ham informatsion-taqsimlovchi tuzilma sifatida saqlanib qolaverar ekan.
Halima RUSTAMOVA
tayyorladi