Kuygan non hikoyasi
O‘shanda hali bola edim, – deya eslaydi Hindistonning 2002–2007 yillardagi Prezidenti Doktor Abdul Qalam. – Onam mashaqqatli ish kunidan qaytib, har kech biz uchun non pishirardi.
Bir kuni vaqt allamahal bo‘lgan, onaizorim shosha-pisha biz uchun kechki ovqat tayyorlardi. Bir ozdan keyin u otamning oldiga ovqat va non qo‘ydi. Mening ikki ko‘zim nonda edi. Kimdir nonning kuyganiga e’tibor berarmikan deb kutib turdim. Lekin otam nonni indamasdan chaynadi va mendan maktabdagi kunim qanday o‘tganini so‘radi.
O‘sha kun unga qaytargan javobimni eslay olmasam ham, ovqatdan keyin volidamning otamga non bir oz o‘tib ketganini ming xijolat bilan aytgani kechagidek qulog‘im ostida. Otam o‘sha kuni jilmayib turib, onamga “Azizam, kuygan non menga yoqadi-ku,” dedi.
Uxlashdan oldin otamga xayrli tun tilash uchun uning oldiga kirdim va undan kuygan nonni rostdan ham yaxshi ko‘rish-ko‘rmasligini so‘radim. Otam meni bag‘riga bosib, qattiq quchoqladi.
“O‘g‘lim, onang kun uzoq ishlab, juda charchagan. Bir marta kuygan non yesam, menga biror nima bo‘lmaydi. Lekin, yomon so‘z onangni qattiq jarohatlagan bo‘lar edi,” dedi.
Biz barchamiz xom sut emgan bandalarmiz. Kezi kelganda muhim sanalarni, zarur narsalarni, burchlarimizni esdan chiqarib qo‘yamiz. Shuncha yillar mobaynida o‘rgangan narsam shuki, bir-birimizni kamchiliklarimiz bilan qabul qilishimiz kerak. Boisi hayot afsuslar bilan uyg‘onish uchun juda ham qisqalik qiladi.
Ingliz tilidan Shuhrat SATTOROV tarjimasi