Kutubxona – ziyo maskani
Kitob – barcha bunyodkorlik, yaratuvchanlik va aql-idrok, ilmu donishning asosi, hayotni o‘rgatuvchi murabbiydir. Ushbu ma’naviyat maskanini vaqt to‘lqinlarida suzib, avloddan-avlodga qimmatbaho yukni ehtiyotlab yetkazuvchi xayollar kemasiga qiyos etishadi. Eng ko‘p kitob jamlay olgan kutubxonalar esa haqiqiy durdonalar makonidir.
Qadimiy kutubxona
Londonda joylashgan Oksford universitetining “Bodleian” nomli kutubxonasi dunyodagi qadimiy ma’naviyat maskanlaridan sanaladi. U 1602 yilda tashkil etilgan. Kutubxona hozirda ham faoliyat yuritadi. U yerga kun davomida to‘rt ming o‘quvchi tashrif buyuradi. Yil davomida tashrif buyuruvchilar soni bir yarim millionga yetadi.
Eng katta elektron kutubxona
Hozirda elektron kutubxonalar tez sur’atlar bilan rivojlanib bormoqda. Biz ularning ayrimlaridan xabardormiz. “The Google Books” eng yirik elektron kutubxona sanaladi. U Google tomonidan yaratilgan. Bu yerda bir yuz o‘ttiz milliondan ortiq kitob raqamlashtirilgan bo‘lib, ular 480 tilga tarjima qilingan. Bu raqamlar dunyo bo‘yicha yozilgan kitoblarning 20 foizi raqamlashtirilganidan va ularning barchasi elektron kutubxonaga joylashtirilganidan dalolat beradi. Google dunyodagi barcha kitoblar raqamlashtirilmaguncha bu boradagi faoliyatini davom ettirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.
Eng nodir kitoblar saqlanadigan yirik kutubxonalar
Bugungi kunda “Congress” kutubxonasi dunyodagi eng yirik va go‘zal kutubxonalardan biridir. 1800 yil 740 ta kitob bilan tashkil etilgan ushbu ma’naviyat maskanining bugungi kitob fondi 155 milliondan ortadi. Ular 470 tilga tarjima qilingan. Ta’kidlash joiz, ushbu kutubxonada dunyodagi eng mashhur va eng qimmat kitoblar saqlanadi. Bundan tashqari ushbu dargohda qo‘lyozmalar, audio yozuvlar va filmlar nusxalari ham bor. Kutubxonada 18 ta o‘quv zali mavjud. Kun davomida bir yarim ming o‘quvchi tashrif buyuradi. Yil davomida kutubxona xizmatidan 1 million 700 mingdan ortiq inson foydalanadi. Bu maskanda ishlovchilar soni esa 3 ming 600 nafarni tashkil etadi.
Dunyoning yirik kutubxonalaridan yana biri Rossiya Milliy kutubxonasidir. Sant-Peterburg shahrida joylashgan mazkur kutubxona Yevropada paydo bo‘la boshlagan ilk kutubxonalardan sanaladi. Kitoblar orasida ko‘plab xorijiy tillarda nashr etilgan asarlarni uchratish mumkin. Ushbu maskanda o‘ttiz uch milliondan ortiq kitob mavjud. Bu yerga yil davomida kamida bir yarim million odam tashrif buyuradi.
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi
Poytaxtimizda joylashgan ushbu maskan ham o‘zining chiroyi va kitoblar fondi bilan jahon kutubxonalaridan kam emas.
Ushbu dargoh 1870 yil may oyida Toshkent ommaviy kutubxonasi sifatida ochilgan. 1870 yil may oyida 2200 tomdan (1200 nomdagi) ortiq adabiyotlar yig‘ilib, kutubxona fondining asosi yaratilgan.
O‘zbekiston Milliy kutubxonasida foydalanuvchilarga jahon andozalari darajasida xizmat ko‘rsatish uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Jumladan, 800 o‘rinli 13 ta o‘quv zaliga axborot-kutubxona faoliyatini yuqori darajada olib borishga mo‘ljallangan zamonaviy asbob-uskunalar va texnik vositalar o‘rnatilgan bo‘lib, Wi-Fi tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
1948 yili kutubxonaga buyuk o‘zbek shoiri Alisher Navoiy nomi berildi. O‘sha paytda nodir va qadimiy nashrlar bo‘limi tashkil etilib, unda 2 mingdan ortiq kitob, jumladan, 250 ta avtografli, 151 ta ekslibrisli kitoblar jamlangan edi. Ayni paytda bu fond 16 mingdan ortiq hisoblanadi.
2002 yil 12 aprelidan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi “Milliy” maqomini oldi.
Kutubxona tarixidagi keyingi bosqich O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining tashabbusi bilan 2011 yili poytaxtimizda shaharsozlik madaniyatining yana bir noyob namunasi – “Ma’rifat markazi”ning bunyod etilib, undan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasining joy olishi buyuk mutafakkir bobomizga bugungi avlodlarning yuksak ehtiromi namunasi bo‘ldi.
“Turon” kutubxonasi
Mazkur dargoh respublikamizdagi eng yirik kutubxonalardan biri sanaladi. 1919 yil “Turon” nomi berilgan kutubxona binosida dastlab Abdulla Avloniy boshchiligida “Turon” teatr truppasi tuzilgan. Toshkent ma’rifatparvarlarining “Turon” jamiyati tashabbusi va ularning shaxsiy kitoblari va sovg‘a qilgan jamg‘armalari asosida mazkur kutubxonaga asos solingan. Ushbu maskan Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy, Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, G‘ulom Zafariy, Shokirjon Rahimiy, Mannon Uyg‘ur kabi taraqqiyparvar ziyolilarni birlashtirgan.
Hozirgi kunda kutubxonaning kitob fondi juda boy. Qolaversa, 100 ga yaqin davriy nashrlar bilan kutubxona fondi muntazam to‘ldirib boriladi. Ushbu maskanda avtomatlashtirish keng yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib kutubxona jamg‘armasidagi 75 ming nusxa o‘zbek tilidagi adabiyotlarning elektron katalogi tuzilgan.
X. HUSENOVA