Mustaqil fikrlash: unga MTMda bolani qanday o‘rgatiladi?

Ilmiy tadqiqotlar natijasida inson o‘z hayoti davomidagi barcha ma’lumotning yetmish foizini besh yoshgacha bo‘lgan davrda olib ulgurishi aniqlangan.

Bu davrda inson bolasi dunyoni anglaydi, o‘z ona tilini o‘zlashtiradi. Ota-ona, oila, mahalla, Vatanga mehri uyg‘onadi. Bu borada oila bilan birga maktabgacha ta’lim muassasasi ham muhim o‘ringa ega. Shu bois, yurtimizda aynan maktabgacha ta’lim uzluksiz ta’limning ajralmas bo‘lagiga, ta’bir joiz bo‘lsa, uning debochasiga aylangan.

Maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilarining asosiy faoliyat turi o‘yin hisoblanadi. O‘yin jarayonida bola shaxsi shakllana boshlaydi. Pedagogik nuqtai nazardan to‘g‘ri tashkil etilgan o‘yin bolaning axloqiy, irodaviy, aqliy tafakkurini shakllantirishga xizmat qiladi.

MTMdagi o‘yinlarni uchta asosiy turga ajratish maqsadga muvofiq. Ular didaktik, tarbiyaviy va rivojlantiruvchi o‘yinlardir.

Jumladan, aqliy o‘yinlar MTMlarda ta’lim-tarbiya vositasi sifatida keng qo‘llaniladi. Bunday mashg‘ulotlar ta’lim jarayoni bilan bevosita bog‘liq bo‘lib, bolaning dunyoqarashini tubdan o‘zgartiradi, ularni fikrlashga chorlaydi. Aqliy o‘yinlar tarbiyalanuvchilarning tevarak-atrof to‘g‘risidagi bilimlarini kengaytirishga yordam beradi. O‘z shaxsiy tajribalari va mashg‘ulotlarda olgan bilimlarini amaliyotda qo‘llashga, uni bilishga o‘rgatadi. Ulardagi fikrlash qobiliyati va nutq jarayonini tartibga soladi. Bugungi kunda savol-javob, sanoq va to‘g‘ri so‘zlashga o‘rgatish o‘yinlari samarali hisoblanadi. Bola bilan turli mavzularda savol-javob qilish, to‘g‘ri javob berganida maqtash va noto‘g‘ri fikrlaganida xatosini to‘g‘rilash oqilona yo‘ldir. Bolakay savollarga javob berish jarayonida fikrlaydi va o‘z fikrini ravon ifodalashga odatlanib boradi. Aqliy mashg‘ulotlar ularning tafakkur doirasini kengaytiradi, fikrlashini takomillashtirib, tasavvurlarning rivojlanishiga ta’sir etadi. Birgalikda o‘tkazilgan aqliy o‘yinlar bolalar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Shuning uchun aqliy o‘yinlarning mazmuni xilma-xil bo‘lib, unda o‘yin elementlari qancha ko‘p bo‘lsa, bolakaylarga shuncha quvonch bag‘ishlaydi. O‘qituvchi, tarbiyachi, shifokor, musiqa xodimi, sotuvchi, haydovchi, Vatan posboni kabi kasblarga oid aqliy o‘yinlar tarbiyalanuvchilarning kasb tanlashiga, o‘ylab mushohada yuritishiga undaydi.

Aqliy o‘yinlarni olib borishda quyidagi talablarga rioya qilish zarur:

  • tanlangan aqliy o‘yinlar tarbiyalanuvchilarning yosh va individual xususiyatlariga mos kelishi;
  • har bir aqliy mashg‘ulot pedagogik va psixologik jihatdan asoslangan bo‘lishi;
  • bir xildagi o‘yinlarning ko‘p marta takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik;
  • o‘yinning ta’limiy, tarbiyaviy va rivojlantiruvchi jihatlariga e’tiborni qaratish;
  • mashg‘ulot yakunida g‘olib chiqqan bolalarni rag‘batlantirib borish.
Yana o‘qing:  Retseptsiz beriladigan dori vositalari ro‘yxati tasdiqlandi

Aqliy o‘yinlarni yechishda topqirlik, zehn va hazil tuyg‘usi talab qilinadi. Bunday mashg‘ulotlar bolalarni fikrlashga yo‘naltirib, ularda muhim ma’lumotlarni ajrata olish ko‘nikmasini shakllantiradi.

Masalan, ana shunday aqliy o‘yinlardan biri “Tez javob”. Bunda tarbiyachi tarbiyalanuvchilardan birini turg‘izadi va biror narsaning nomini aytadi. Bola shu narsa mansub bo‘lgan turga kiruvchi so‘z topib aytishi lozim. Masalan: Tarbiyachi: “Hayvon”, desa, bola: “Buzoqcha” deydi.

– “Multfilm”.

– “Bo‘ri va quyon”.

– “Meva”.

– “Olma” va hakozo.

Javob to uchgacha sanaguncha aytilishi kerak. Javob berolmagan bola o‘yindan chiqadi. O‘yin bitta ishtirokchi qolguncha davom ettiriladi. Bu mashg‘ulot bolalarda hozirjavoblik, mustaqil fikrlash qobiliyatini rivojlantiradi, atrof-muhitni sinchkovlik bilan kuzatishga o‘rgatadi.

Aqliy o‘yinlar murakkkablashtirilib barcha tartib qoidalarga rioya qilib o‘tkazilsa, tarbiyalanuvchilarni mustaqil fikrlashga o‘rgatib borishi, shubhasiz.

Dilfuza NIZOMOVA,

Toshkent pedagogika kolleji o‘qituvchisi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: