O‘zbekistonda ilk bor global tadbirkorlik haftaligi

Keyingi yillarda yurtimizda iqtisodiyotni yanada liberallashtirish bo‘yicha salmoqli islohotlar amalga oshirildi va aytish joizki, hozir ham bu jarayon shiddat bilan davom etmoqda.

Jumladan, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagidagi fuqarolarimiz uchun ko‘plab imtiyoz va imkoniyatlar yaratib berildi. Natijada aksariyat aholi vakillari o‘zining shaxsiy daromadiga ega bo‘lib, ular yurtimiz iqtisodiyotiga munosib hissa qo‘shayotir.

Joriy yilning 13 noyabr sanasida O‘zbekiston yoshlar ittifoqining hamkorlikdagi loyihasi – “Global tadbirkorlik haftaligi” start oldi. E’tiborlisi, ushbu haftalik yurtimizda ilk bor o‘tkazilmoqda.

Tadbirning ochilishida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Qahramon Quronboyev so‘zga chiqdi.

Kichik biznes va tadbirkorlik sohasini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, bu sohada yoshlarning ulushini yanada oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berish bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan biri hisoblanadi. Nega deganda tadbirkor yoshlar safining kengayishi mamlakatimizda malakali kadrlar tayyorlash bilan birga milliy iqtisodiyotni innovatsion rivojlanish yo‘lidan borishini ta’minlaydi. Aynan mana shu taraqqiyot yo‘li yosh, tashabbuskor, yangicha fikrlaydigan tadbirkorlar avlodini shakllantirishni taqozo etadi. Shuning uchun yoshlarni ishbilarmonlik sohasiga keng jalb etish bo‘yicha boshlagan ishlarimizni yangi bosqichga ko‘tarishimiz lozim, – dedi Q. Quronboyev.

Global tadbirkorlik haftaligini o‘tkazishdan asosiy maqsad – muvaffaqiyatga erishgan tajribali ishbilarmonlar bilan yosh tadbirkorlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik aloqalarini shakllantirish, ularni yangi g‘oyalarga ilhomlantirish, mamlakatimizda tadbirkorlik ekotizimini rivojlantirish, biznesni qo‘llab-quvvatlashda qo‘l keladigan dunyodagi ilg‘or tajriba va zamonaviy vositalar bilan yoshlarni tanishtirish hamda yangi takliflarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etishdan iborat.

Joriy yil 13-19 noyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan Haftalik doirasida tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 30 dan ortiq tadbirlar, mahalliy va xorijiy biznes vakillari bilan uchrashuvlar tashkil etiladi. Shuningdek, Samarqand, Farg‘ona viloyatlari va Toshkent shahrida tajribali tadbirkorlar ishtirokida 5000 dan ortiq yosh tadbirkorlar uchun “Muvaffaqiyatga erishish sirlari” mavzusida “Mahorat darslari” tashkil etilishi hamda 10 dan ortiq yirik korxonalarga yoshlarning tashriflari uyushtirilishi rejalashtirilgan.

Haftalik doirasidagi tadbirlarda yurtimizdagi tadbirkorlar bilan birgalikda Rossiya, Icroil, Ozarbayjon, Gruziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston kabi davlatlardan 40 dan ortiq xorijiy investorlar, biznesmenlar, marketologlar va malakali trenerlar ishtirok etmoqda.

Yana o‘qing:  Bo‘sh vaqtga mazmun naqd

O‘zbekistonda tadbirkorlik muhiti yaxshi rivojlanmoqda. Ayniqsa, yoshlarni bu sohaga jalb etish va ularga zarur imkoniyatlar yaratib berilgani e’tiborli, – deydi “TC Holdings” kompaniyasi rahbari Tal Katran (Isroil). – Haftalik tadbirlari doirasida o‘zbekistonlik yoshlarga istiqbolli rejalar tuzish, muvaffaqiyatli biznes-loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha tajribamiz haqida gapirib beramiz, ular bilan fikr almashib, taklif-mulohazalarini o‘rganamiz.

Global tadbirkorlik haftaligi O‘zbekiston milliy tadbirkorlik ekotizimini yaratish, mamlakatga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, tadbirkorlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash uchun muhim katalizatorga aylanishi kutilmoqda.

Ushbu yirik tadbir O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, Xalqaro biznes va texnologiyalari assotsiatsiyasi hamda boshqa manfaatdor tashkilotlar va tadbirkorlik sub’yektlari vakillari bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.

Global haftalik doirasida mahalliy va chet ellik ishbilarmon doira vakillarining Samarqand va Farg‘ona shaharlariga tashrifi rejalashtirilgan. Mutaxassislar ushbu yirik tadbir zamonaviy va xalqaro amaliyotlar uyg‘unligida mamlakatimizda biznesni rivojlantirish borasida yangi takliflarni ishlab chiqish, ishbilarmonlikni taraqqiy ettirishga xizmat qiladigan chora-tadbirlarni rejalashtirishga katta imkoniyat yaratadi, deya baholamoqda.

Xurshida HUSENOVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: