O‘zbekiston qizamiq va qizilcha kasalliklaridan xoli mamlakat deb tan olindi
O‘zbekiston Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tomonidan qizamiq va qizilcha kasalliklarini bartaraf etgan mamlakat sifatida tan olindi.
Mamlakat 2014 yilning yanvar oyidan 2016 yilning dekabrigacha bo‘lgan davr ichida ushbu kasalliklarni bartaraf etishga erishdi.
Yevropa mintaqaviy komissiyasining ta’kidlashicha, bu holat butun Yevropa mintaqasida qizamiq va qizilcha kasalligini bartaraf etish maqsadiga erishishga sezilarli darajada hissa qo‘shadi. 2007 yilda O‘zbekiston Milliy emlash taqvimiga qizamiq, tepki va qizilchaga (QTQ) qarshi vaksina kiritildi. 12 oyligida va 6 yoshida bolani QTQga qarshi emlash ushbu kasalliklarga nisbatan umrbod immunitetni shakllantiradi. Mamlakat bo‘yicha QTQga qarshi emlash ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lib, 2016 yilda qamrov birinchi emlashda 99,5 foizni va qayta emlashda 99,7 foizni tashkil etdi.
YUNICEF O‘zbekiston hukumatiga yangi vaksinalarni kiritish va sotib olish, ularning sifatli saqlanishi uchun sovuq zanjir tizimini yanada yaxshilash, vaksinalarni xarid qilishda mustaqil moliyalashtirishga erishish va emlashga bo‘lgan talabni doimiy ravishda oshirishda ko‘mak berib kelmoqda.