Tajriba va malaka – tibbiyotning bosh mezoni
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan 2017–2021 yillarda respublikamizni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida kadrlar tayyorlashning ma’no-mazmunini tubdan yangilash, xalqaro standartlar darajasida oliy malakali mutaxassislar tayyorlash uchun zarur sharoitlar yaratishga doir muhim masalalar belgilangan.
Toshkent davlat stomatologiya institutida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 20 apreldagi “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan “2017–2021 yillarda Oliy ta’lim tizimini kompleks rivojlantirish” dasturiga muvofiq hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida tibbiy ta’lim tizimini yanada isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida bir qancha ishlar amalga oshirildi.
2016–2017 o‘quv yilida ko‘plab oliygoh talaba va ilmiy xodimlari Germaniya, Koreya Respublikasi, Rossiya, Tojikiston, Qozog‘iston, AQSH, Avstriya, Belarus va Norvegiya kabi xorij mamlakatlarida o‘tkazilgan mahorat darslari va konferensiyalarda ishtirok etdi.
Shu bilan birga institutning 3 nafar talabasi Moskva davlat stomatologiya tibbiyot universitetida tashkil qilingan xalqaro olimpiadada muvaffaqiyatli ishtirok etdi.
Bugun ushbu talabalar ta’limning magistratura va klinik ordinatura bosqichida o‘qishni davom ettirmoqda.
TDSI ko‘plab xorijiy OTM va kompaniyalar bilan hamkorlik memorandumi va shartnomalar imzoladi. Hozirda ushbu hamkorlik doirasida keng ko‘lamli ilmiy-amaliy ishlar olib borilmoqda. Shu kunlarda yana 5 ta hamkor tashkilot – Chilining Talka universiteti, Rossiyaning Sechenov tibbiyot universiteti, Qozog‘iston tibbiyot akademiyasi, Qozog‘iston tibbiyot universiteti va Koreyaning Kyung Puk universitetlari bilan memorandum imzolash ishlari amalga oshirilmoqda.
Germaniyaning Vitten-Xerdekke universiteti, Koreyaning Yonsey universiteti, Rostov ilmiy tekshirish instituti hamda Almati shahridagi Vrachlar malakasini oshirish institutidan professorlar oliygohga tashrif buyurib, talabalar, klinik ordinatorlar va magistrlar uchun ma’ruzalar o‘qidi. Ular yosh olimlar bilan davra suhbatlari, professor-o‘qituvchilar va shifokorlar uchun “Mahorat darslari” o‘tkazdi.
– O‘zbekistonga kelib ma’ruza o‘qishim, “Mahorat darslari” tashkil etish uchun 2017 yil oxirigacha 17 nafar xorijlik mutaxassis ro‘yxati shakllantirilgan. Malaka oshirish, amaliyot o‘tash, magistratura va doktoranturada ta’lim olish uchun Moskva davlat stomatologiya universiteti va Koreyaning Yonsey universitetlari bilan muzokara o‘tkazildi. U yerga yuborish uchun 19 ta xodim va bitiruvchi tayyorlanmoqda. Bundan tashqari, Koreyaning Seul milliy universitetiga 4 nafar talaba va 1 nafar professor o‘qituvchi 10 kunlik malaka oshirishga yuborish rejalashtirilgan, – deydi Toshkent Davlat stomatologiya instituti xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i, Baxtinur Xudanov.
Ushbu ishlarning mantiqiy davomi sifatida Koreyaning Yonsey universiteti, profilaktik stomatologiya va og‘iz bo‘shlig‘i salomatligi kafedrasi professori Xo Kyun Kvon, Dmitriy Kopi’lov, Elbert Jozelin de Yong institutga tashrif buyurdi.
Professor Kvon butun dunyo stomatologiya sohasida ulkan yutuqlarga erishgan olim hisoblanadi. U Koreya stomatologiya akademiyasi vitse-prezidenti, Yonsey universiteti stomatologiya instituti rektori lavozimida ishlagan. Kvon 5-12 noyabr kunlari institutda ma’ruzalar, “Mahorat darslari” o‘tkazishni rejalashtirgan.
– Elbert Yozelin de Yong dunyo miqyosida taniqli fizik olim, stomatologiya sohasida katta kashfiyotlar sohibi, kariyesni erta tashxislash, og‘iz bo‘shlig‘i gigiyenik holatini kompyuter texnologiyalari vositasida aniqlash bo‘yicha kashfiyot yaratgan. Dunyoning yetakchi oliygohlarida, jumladan, Liverpul universiteti, Niderlandiyaning Akta universitetlarida faoliyat yuritgan. Hozirda Koreyaning Yonsey universitetida professor lavozimida faoliyat yuritmoqda. Bizning institutimiz bilan 3 yildan beri hamkorlikda chuqur ilmiy izlanishlar olib bormoqda, – deydi Toshkent Davlat stomatologiya instituti matbuot kotibi, Shohinur Mirzayev
Dmitriy Kopi’lov taniqli rossiyalik stomatolog olim. “Kopi’lov Stomatologiya doktorlari” klinikasi ta’sischisi. Tishlarni tiklash va ularni oqartirish bo‘yicha bir qancha ilmiy ishlar muallifi.
Ushbu tadbirlar doirasida institut talabalari, klinik ordinatorlar va magistrlar uchun ma’ruzalar o‘qish, yosh olimlar bilan davra suhbatlari, professor-o‘qituvchi va shifokorlar uchun “Mahorat darslari” o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Xurshida HUSENOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri