Vatan ostonadan boshlanadi
O‘shanda beshinchi yo oltinchi sinfda o‘qir edim. Qo‘shni qishloqdan biz tengi bolalar maktabimizga kelib futbol musobaqasi uyushtirishni taklif qilib qolishdi.
Xasta edim, futbol o‘ynay olmasdim, ammo qolgan do‘stlarim taklifga rozi bo‘lishdi. Xullas, men tomoshabinga aylanib, do‘stlarim musobaqani boshlashdi. Tan olish kerak, qo‘shni qishloqning bolalari bizdan ko‘ra bo‘ydor, yugurish tezliklari ham anchayin yuqori edi. Musobaqa natijasi biz uchun sharmandali bo‘ldi: yetti-yu nol…
Qo‘shni qishloq bolalari qaytib ketayotib, ustimizdan rosa kulishdi, bizni emas, mahallamizni mazax qilishdi aslida…
Men o‘shanda birinchi marta aniq-tiniq his qildim Vatan tuyg‘usi nima ekanligini. Do‘stlarim yig‘layotganlarini bir-biriga sezdirmaslik uchun ariqdagi suvga yuzlarini “bot-bot” yuvayotganlarida, futbolga qo‘shilolmaganimdan alamim kelib o‘zim ham “qult-qult” yutinganimda, ko‘zlarimni hammadan yashirincha yengimga artib-artib olayotganimda his qildim…
Oddiy musobaqada yutib chiqqan qo‘shni qishloq bolalarining quvonchi ichiga sig‘may bir-birlarini osmonga otishib, kulishib-hayqirib qishlog‘iga qaytganlarini ham tushunish qiyin emas. Axir ko‘hna haqiqat shunday: Vatan ostonadan boshlanadi. Vatanga muhabbat ham o‘z uyi, o‘z mahallasidan boshlanadi…
Bayram ALI