Eng bebaho ne’mat
E’tibor berganmisiz har kuni quloqlarimiz ostida «Assalomu alaykum» degan so‘z ko‘p marotaba yangraydi. Siz-u biz har kuni qo‘llaydigan ushbu so‘z uning zamirida ulkan ma’no mujassam. Ya’ni «Assalomu alaykum» arabcha so‘z bo‘lib, «salima» hozirgi-kelasi zamon «yaslamu» fe’li shaklidan olingan. «ala» – «-ga» qo‘shimchasi va «kum» – «siz» degan ma’noni beradi. Umumiy tarzda «Sizga salomatlik, tinchlik, osoyishtalik bo‘lsin» deb tarjima qilinadi. Endi bir-birimizga shunday niyatni tilashimizda ham hikmat bor. Sababi inson hayotining mazmuni uning jismonan, ham ma’nan sog‘lomligi bilan belgilanadi.
Arastu o‘zining «Xitoba» («Ritorika») asarida shunday yozadi: «Ajoyib jismoniy fazilatlarga ega bo‘lgan yigitlar – sog‘lom, bo‘ydor, sport musobaqalarida chaqqon yoshlar har qanday davlatning boyligidir».
Bugun moziyning muborak sirlari barchamizga asta-sekin ayon bo‘lmoqda. Birgina Abu Ali ibn Sinoni olsak, mutaffakkir bobomiz o‘z davrida sog‘lik bilan insoniyat baxtli ekanligiga alohida e’tibor qaratgan.
2012 yilda Ergash Ochilov tomonidan nashrga tayyorlangan «Men anglagan dunyo» kitobida tabobat ilmi sultonining ko‘plab g‘azal, qit’a, ruboiy, bayt, hikmat va tibbiy o‘gitlari berilgan. Ibn Sino sog‘liqni saqlash, avvalo, insonning o‘z-o‘ziga bo‘lgan e’tiboriga bog‘liq deb hisoblaydi. Ya’ni, har bir odam quyidagi 7 narsani mo‘tadil qilishga ko‘proq e’tibor berishi kerak:
– mijozni mo‘tadil qilish;
– yeyiladigan va ichiladigan narsalarni tanlash;
– tanani xiltlardan tozalash;
– qomatni jismoniy harakatlar bilan saqlash;
– burunga tortiladigan havoni yetarli va ravon qilish;
– kiyimlik narsalarni yaxshilash, ya’ni faslga qarab tabiiy tolali liboslarni kiyish;
– jismoniy va ruhiy harakatlarni mo‘tadil qilish.
Shu harakatlar jumlasiga ma’lum darajada uyqu va uyg‘oqlik ham kiradi.
Ibn Sino bir qator tibbiy asarlarini she’riy shaklda ham yozgan. Ular urjuzalar deyiladi. Urjuzalardan biri go‘dak tarbiyasi zikrida bo‘lib, unda chaqaloqning voyaga yetishishi uchun ko‘rsatmalar beradi.
Onasining qornidayoq go‘dakni qil ehtiyot,
Unga biror ofat yetmay, tug‘ilsin u barhayot.
Ehtiyot qil qo‘rqishdan-u baqirish, hayajondan,
Bular bari bolaga ham yetishar, o‘tar jondan.
Chaqaloqni cho‘miltirib, so‘ng yo‘rgakka joylagil,
Badanini yumshatuvchi yog‘lar bilan moylagil.
Muomalang yumshoq bo‘lsin, doim bo‘lgin mehribon,
Uyquda ham cho‘chimasin, orom olsin murg‘ak jon.
Gohi-gohi bol yalatgil, tanglayiga surt asal,
Go‘dakka kuch-quvvat berar, uni yengolmas kasal.
Ibn Sino nafaqat inson yoshligida, balki butun umri davomida o‘z sog‘lig‘iga e’tiborli bo‘lishi kerakligini yozadi:
Istisnosiz so‘zim shu, amal etsin har kishi,
O‘z sog‘lig‘in saqlamoq, har kishining o‘z ishi.
Inson bu go‘zal hayotda yashar ekan, o‘z oldiga ko‘p ulkan maqsadlar qo‘yadi. Ammo orzu-umidlarning ushalishi inson sog‘lig‘iga ko‘p jihatdan bog‘liq. Shu sababdan har bir insonnning oliy maqsadi o‘z sog‘lig‘ini asrash bo‘lishi kerak. Sog‘liq bizga Olloh tomonidan tuhfa etilgan bebaho ne’mat, uni doimo mustahkamlab borish har birimizning mas’uliyatli vazifamizdir.
Nafisa AROLOVA,
O‘zMU talabasi