Salomatlik posbonlari yana safarda

Jannatmakon O‘zbekis­tonda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlik yurtimizning barcha jabhasida tub islohotlarni amalga oshirishga keng imkoniyat yaratmoqda. Ayniqsa, xalqimiz genofondini sog‘lomlashtirish kun tartibidagi asosiy vazifaga aylandi. Aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, sog‘lom oilani shakllantirish, barkamol avlodni voyaga yetkazish va tarbiyalash, shuningdek, sportning barcha turini rivojlantirish orqali kelajak vorislari bo‘lmish farzandlarimiz salomatligiga e’tibor, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha islohotlarda mutasaddi tashkilotlar bilan nodavlat-notijorat tashkilotlarning ham hissasi katta bo‘lmoqda. Jumladan, Hukumatga qarashli bo‘lmagan «Sog‘­lom avlod uchun» xalqaro xayriya jamg‘armasi ham mana yigirma yildan beri el salomatligi yo‘lida jonbozlik ko‘rsatib kelmoqda.

Jamg‘arma aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam ta’minlangan qatlami (boquvchisini yo‘qotgan, nogiron, ko‘p bolalali oilalar, yolg‘iz va keksa fuqarolar), «Muruvvat», «Mehribonlik uylari», «Go‘daklar uylari» tarbiyalanuvchilari, «Saxovat uylari»dagi qariyalarga insonparvarlik yordamini ko‘rsatish uchun xorijdagi qator nufuzli tashkilotlar bilan har tomonlama hamkorlikni keng yo‘lga qo‘ygan. Shuningdek, jamg‘arma tibbiy-ijtimoiy patronaj tizimi orqali yurtimizning eng chekka hamda olis qishloq va ovullardagi fuqarolar salomatligini ham nazorat qilish maqsadida muntazam tibbiy ko‘riklar o‘tkazib kelmoqda.

Ana shunday xayrli va ezgu ishlar sirasiga O‘zbekisiton Sog‘­liqni saqlash vazirligi, Hukumatga qarashli bo‘lmagan «Sog‘­lom avlod uchun» xalqaro xayriya jamg‘armasi, shuningdek, «O‘zbekisiton temir yo‘llari» DAK bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan «Salomatlik poyezdi» safarini ham misol keltirishimiz mumkin. Yurtimizning ekologik jihatdan noqulay, chekka hududlarida istiqomat qiluvchi fuqarolarni salomatligini tekshirish maqsadida malakali mutaxassislar yordamida bepul tibbiy ko‘riklarning tashkil etilishi, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining qatlamiga beg‘araz, muruvvat (oyoq kiyimlari, 600 dona oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat paketlar, sanitariya va gigiyena vositalari, dori-darmonlar, tibbiy anjomlari, turli tibbiy mavzudagi broshyura va tarqatma materiallar) yuklarining topshirilishi ham O‘zbekistonda Prezidentimiz olib borayotgan odilona siyosatdan darak beradi.

Yaqinda yana Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari aholisi uchun «Salomatlik poyezdi» tashkil etildi. Bu poyezd Toshkent — Sariosiyo — Qumqo‘rg‘on — Boysun — Oqrabot — Dehqonobod — Toshkent yo‘nalishida 18-25 may kunlari safarda bo‘ladi. «Salomatlik poyezdi» jamoasi tarkibida yuqori malakali, tajribali shifokorlar guruhi bir hafta davomida aholiga tibbiy xizmat qo‘rsatishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, poytaxtdan tashrif buyurgan shifokorlar jamoasiga jamg‘armaning Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatining hududiy bo‘limlari mutaxassislari hamda «Ambulans» tibbiy-ijtimoiy patronaj brigadasi xodimlari yaqindan yordam berishadi.

Yana o‘qing:  Betakror yurtning bebaho obidalari

Ushbu xayriya aksiyasi davomida «Salomatlik poyezdi» jamoasi tomonidan aholiga va davolash-profilaktika muassasalariga qiymati 278,5 ming AQSH dollari va 42,5 million so‘mga teng insonparvarlik yuklarini yetkazib berish ko‘zda tutilgan.

«Salomatlik poyezdi» bugun o‘z faoliyatini Qashqadaryo viloyatida davom ettiradi.

Gulchehra ShIRINOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: