QADRDON QUSHLAR

Zangori samo bag'rida suzayotgan bir parcha oq bulut o'zidan xiyol pastda halinchak solib uchayotgan bir gala qaldirg'ochlarga havas bilan termuladi. O'z tilida nimalarnidir vijirlayotgan bahor elchilari chor-atrofga Navro'zi olam shodligini ulashadi. Galadan ajralgan bir juft qaldirg'och hovlida gir aylanib ayvon ustuniga yaqin simyog'ochga kelib qo'nishdi. Ularni kuzatib turgan o'spirinning ko'zlari sevinchdan porlab ketdi.

– Vu-y-y, ur-r-e-e! Buvijo-o-n, qarang qaldirg'ochlarim yana qaytib kelishibdi, – shodlanib chapak chaladi Akbarjon, ayvon sahnida gul urug'ini saralayotgan buvisini quchoq­la­ganicha.

– Ob-bo omon bulgurey, keladi-da, uyasini buzmay asrab tur­ganingdan keyin kelmay qayoqqa ham borishadi, – deganicha jilmayib nabirasining yelkasiga qoqadi, Gulzoda buvi.

Qaldirg'ochlar o'tgan yili qurishgan ayvon ustunidagi qadrdon uyalarining u yon-bu yonidan uchib o'tishib, yana uchib ketishdi.

– Buvijon, nega qaldirg'ochlar uyalariga qo'nishmadi, ular bizdan xafa bo'lishdimi? – deya so'radi chapak chalib uchqur qushlarni chorlayotgan Akbarjon birdan xomush tortib.

– Yo'g'-e-e qarog'im, qal­dirg'ochlar aqlli qushlar, ular qishki yog'in-sochin sabab uyalarini u yer bu yerini ko'chib tushganini ko'rib tuzatish uchun rejalar tuzib uchib ketishgan. Ko'rasan hali zamon vijirlab qaytib qolishadi.

Buvisining so'zlari sabab Akbarjonning qalbida umid uchqunlari alangalanib, sabrsizlik bilan qaldirg'ochlarini kuta boshladi. Ammo ulardan darak yo'q.

Kech tushib, quyosh yotog'i sari og'a boshladi.

– Akbarjon, ho Akbarjon, kel o'g'lim ovqating soviydi, – oyisining qayta-qayta chorlovidan so'ng qushlarini kuta-kuta toqati toq bo'lgan bolakay sekin o'rnidan turib hafsalasizlik bilan dasturxon bo'yiga kelib oila davrasiga qo'shildi.

– Ha polvon, nega qovoq solib oldingiz?, – o'g'lining indamay bosh egib o'tirganini ko'rib so'raydi dadasi Azamat aka.

– Akbarjonning qaldirg'ochlari qarindoshlarinikiga mehmonga ketishgan chog'i uyalariga qaytishmadi, shunga nabiram xunob bo'layapti, – nabirasidan avval javob berdi Gulzoda buvi.

– Ey-y-y, Akbarjon nega kam gap bo'lib qoldi desak, gap buyoqda ekanda, gapga

qo'shildi Asror bobosi, kulimsirab. – Buving to'g'ri aytayapti, mana sen xolangni , tog'angni, amakilaring ammalaringni ko'rgani tez-tez borib turasan. Qaldirg'ochlar ham qarindoshlarini sog'inishadi-da. Bundan aslo xafa bo'lma, mana meni aytdi deysan ertaga yoki indinga ular albatta uyalariga qaytib kelishadi.

Яна ўқинг:  Вояга етмаганларни жиноятга нима (ким) ундайди?

– Rostdanmi bobojon? – bir zumda qoshiqdagi ovqatni shosha-pisha og'ziga solgan Akbarjonning yuzu ko'ziga tabassum yuguradi.

– Rost bo'lganda qandoq, gapimga ishonaver bolam. Bu qaldirg'ochlar qadimgi qushlar, bu issiqsevar qushlar odamlarsiz yashay olmaydi. Shu bois ham har bahor uzoq o'lkalardan yurtimizga tashrif buyurib, qadrdon uyalari tomon oshiqadi. Ayniqsa, Navro'zi olam sepini yoygan mahali qurgan yangi yoki tuzatgan eski uyalarida shodon yashab, bola ochib uchirma qilishadi. Bu xushyor hamda mehnatsevar qushlarning ta'rifiga so'z ojiz. Tunov kuni qo'shni mahalladagi ikki-uch nafar bolakaylar ularga tosh otayotganini ko'rib qolib, ularni yonimga chorlab rosa tushintirdim. Bunday yomon odat hech kimga yarashmasligini, odobli bolalar qushlarga ozor bermasligini aytdim. Ular xulosa chiqarishdi chog'i, boshlarini egib churq etmay qolishdi.

Bobosining gaplarini ting­layotgan Akbarjon ham shu payt qushlarga ozor berayotgan bolalarni ich-ichidan yomon ko'rib ketdi.

Kechki ovqatdan so'ng hamma o'z xonasiga kirib dam olishga chog'lana boshlaganida Akbarjon sekin deraza pardasini ko'tarib tashqariga ko'z tikdi. Uning nimalarni o'ylayotganini tushungan oyisi, “o'g'lim kel senga qaldirg'ochlar haqidagi ertakni o'qib beraman. Ertalab turganingda ular albatta uyimizga qaytib kelishadi”, – dedi.

– To'g'ri aytasiz oyijon, menimcha ular bobo va buvisini, tog'alarini ko'rgani ketishgan bo'lishsa kerak, mehmonga borgan joylarida uxlab qolishgan. Eh, tezroq tong ota qolsaydi. Oyisining o'qib bergan ertagi tugar-tugamas uyquga ketgan bolakay tushida ham qadrdon qushlarini qaytayotganini ko'rdi.

Ufq oqarib salqin sahar sep yoya boshladi. Ayvon ustuni yonida uyasiga goh qo'nib, goh yana vijirlab uchib ketayotgan qaldirg'ochlar tumshug'idagi loyni uyaning ustki qismidagi yomg'ir yuvgan joyiga yopishtirib ketishar, buni ko'rib Akbarjonnig quvonchi ichiga sig'mas edi…

Mehrixon ORTIQOVA

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: