Daraxt

Daraxtni inson umriga qiyoslashadi… Nihol payti-bolalik, meva bera boshlashi-o‘smirlik va nihoyat quriy boshlashi-keksalik… Hovlimizdagi daraxtlarga boqaman-u, hayol suraman… Bolalik paytim bir tup anor daraxti bo‘lardi. Mevasi ko‘pligidan shoxlari egilib ketardi… Peshin mahali onam ukam ikkimizni uxlatish uchun uyga olib kirardilar. Uxlash qayoqda? Tezroq qo‘shnimiz chaqirib chiqishini-yu, o‘yinga qochishni o‘ylayman. O‘y-hayollarimni bilgandek, o‘rtoqlarim chiqishardi va sekingina chaqirishardi. Chunki, onam sezib qolsalar, o‘yindan mahrum bo‘lardik-da. Oyoq uchida uydan chiqar ekanman, uyquga ketgan onam bilan ukamga yana bir bor nazar tashlaymanda, ishonch hosil qilib jadallik ila hovliga chiqaman… O‘rtoqlarim esa, sekingina anorga ishora qilishadi. Men ham nima deyishayotganini darrov faxmlab, ularni anor tomon boshlayman. Etaklarimizni to‘ldirib ko‘chaga yuguramiz, doimgi joyimizga borib, qo‘lga kiritgan ‘‘o‘lja’’mizni paqqos tushiramiz-u, ‘‘Mehmom-mehmon’’, ‘‘Quvlashmachoq’’, ‘‘Bekinmachoq’’ kabi o‘yinlarni o‘ynaymiz.

Kech tusha boshlagach, onam ovqat tayyor bo‘lganini aytib chaqiradilar… Hammamiz uy-uyimizga tarqalamiz. Onam esa, qilgan ishimdan og‘rinmaydilar ham, faqat:-’’Peshinda uxlash kerak, ertaga ulg‘aygach, uxlayman deganingda, vaqt topa olmaysan’’, deb qo‘yardilar… Bir necha yil o‘tgach, anor daraxti kesib tashlandi… Unga qo‘shib yuragimning bir parchasi ham kesilgandek bo‘ldi go‘yo. Axir u beg‘ubor bolaligimga guvoh bo‘lgan, men uchun qadrli bo‘lishga ulgurgan daraxt edi-da… O‘rniga yana anor ko‘chati ekilib, u ham hosil bera boshlagan bo‘lsa-da, men hali-hamon bolaligimdagi anorni qo‘msayman. O‘sha anorning mazasini yana bir bor totgim, betashvish bolaligimga qaytgim keladi. Balki, men sog‘inayotgan narsa anor emas, o‘tmishga aylangan, ortga qaytmas bolaligimdir… Bilmayman… Hayol surar ekanman, shu daraxt xotiramda qolgani singari, odamlar qalbida qolishim uchun biror yaxshi amal qoldira olarmikanman, deya o‘ylayman… Qurishga ulgurmasimdan ezguliklar qilib qolishim kerak… Axir, inson umri-daraxt kabidir. Nihol payti-bolalik, meva bera boshlashi-o‘smirlik va nihoyat quriy boshlashi-keksalik…

 

Zahro Nurzoda

Яна ўқинг:  Қалбга озор етказилса…

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: