ASRLAR OSHA YANGRAYOTGAN OHANGLAR
Davrlar o‘tishi, turmush tarzining o‘zgarishi, dunyoqarash, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishlar sababli ko‘hna bilimlar unitilib, ularning o‘rnini zamonaviy fan yutuqlari egallab borishiga qaramay, eskilarning izi xalq xotirasida turli ko‘rinishlarda saqlanib kelmoqda.
Xalqimizning quyosh taqvimi, yil davomida kechuvchi tabiatdagi o‘zgarishlar mavsumi haqidagi bilim va tajribalari mavsumiy marosimlar, ularda kuylanuvchi qo‘shig‘u aytimlar, naql, afsonalar, maqolu topishmoq va folklorning boshqa janrlari tarkibida saqlanib kelmoqda. Shu jihatdan olib qaralsa, Navro‘z bayrami qo‘shiq-aytimlarida bu kunning ahamiyati, xalq hayotida tutgan o‘rni yanada mukammal badiiy ifoda topganligini kuzatamiz.
Odatda unitilgan deb hisoblanuvchi qadim marosimlarning izlari bolalar folklori tarkibida suv yuzasida qalqib, ko‘zni quvоntiruvchi nilufar gul singari bizgacha omon yetib kelganligiga guvoh bo‘lamiz. Sirtdan qaragan kishiga nilufar guli suvning hadyasidek ko‘rinadi. Aslida esa u suv ostida mustahkam ildizlarning mevasi ekanligini suv tubiga nazar tashlab bilib olamiz. Xuddi shuningdek deyarli barcha qadimiy bolalar o‘yinlari, aytim, qo‘shiqlari, ertak, naqllari, topishmog‘u maqollar qaysidir marosimning aks-sadosidir.
“Boychechak” qo‘shig‘i va bolalar tomonidan o‘tkaziluvchi Boychechak marosim ham shunday noyob namunalar sirasiga kiradi. Boychechak marosimi respublikamizning deyarli barcha viloyatlarida, ba’zi o‘rinlarda qisqa urf-odat ko‘rinishida, bir qator hududlarda faqat qo‘shiq shaklida saqlanib kelmoqda. Qadim Boychechak marosimi Jizzax, Samarqand, Urgut, Namangan, Andijonda bolalar tomonidan uyushtiriluvchi urf-odat shaklida qayd etilgan. Bunda bolalar ilk chiqqan boychechakni olib, xuddi Ramazon qo‘shig‘ini aytgani kabi xonadonma-xonadon yurib, quyidagi qo‘shiqni kuylashgan.
Bota-bota boychechak,
Uyingizga choch tilla,
Xudoyim o‘g‘il bersin,
Otginasi Rahmatilla…
Yoki:
Baka-baka-bot, boy tilla,
Eshigingizga oy tilla…
Xonadon egalari boychechakchilarga xuddi Ramazon aytib keluvchilarga tortiq berganidek, ko‘ngillaridan chiqarib hadyalar ulashishgan, bolalar qo‘lidagi boychechakni tavof etib:
– Omonlik, somonlik,
Hech ko‘rmaylik yomonlik,
deb olqishlar aytishgan.
Tortiq olganlar esa xonadon egasiga xuddi ramazonchilar aytgandek tilak bildirishgan. Aslida bugun urfga aylangan Ramazon aytish odati Boychechak marosimining tadrijiy, o‘zgargan shakli hisoblanadi.
Mamlakatimizning barcha hududlarida turli usullarda kuylanuvchi “Boychechak” qo‘shig‘ini ko‘klam olqishi deyish mumkin:
Boychechagim boylandi,
Qozon to‘la ayrondi.
Ayroningdan bermasang,
Qozonlaring vayrondi.
Qattiq yerdan qazilib chiqqan
boychechak,
Yumshoq yerdan yugurib
chiqqan boychechak!
Qo‘shiq davomida ko‘klamda o‘tgan “Boychechak” marosimi tartibini kuzatishimiz mumkin. Boychechaknining terilishi, maxsus marosim daraxtiga bezak sifatida taqib chiqilishi va:
Qilich bilan chopdilar,
Baxmal bilan yopdilar.
Qattiq yerdan qazilib chiqqan boychechak,
Yumshoq yerdan yugurib chiqqan boychechak!
Deb kuylash zamirida qishning uyquga ketib, ya’ni ma’lum mavsumga halok bo‘lib, uning o‘rnini ko‘klam egallashini anglaymiz. Bolalarning “Boychechakchi” – ko‘klam elchilari sifatida xonadonma-xonadon yurib marosim shartlarini bajarishi ushbu misralarda aks etgan.
Og‘ritmang-o, og‘ritmang,
Bolalarni javratmang.
Boychechagim bolasi,
Qulog‘imda donasi,
Donasin olay desam,
Chiqib qoldi onasi.
Qattiq yerdan qazilib
chiqqan boychechak,
Yumshoq yerdan yugurib
chiqqan boychechak!
Boychechagim boylandi,
Ko‘chama-ko‘cha aylandi.
Boychechagim ko‘k somsa
Cho‘ntaklarga joylandi.
Qattiq yerdan qazilib
chiqqan boychechak,
Yumshoq yerdan yugurib
chiqqan boychechak!
Bir so‘z bilan aytganda “Gunafsha”, “Yomg‘ir yog‘oloq”, “Chuchvara qaynaydi-yo”, “Chitti gul”, “Oppoqoy” kabi betakror qo‘shiqlarning barchasi ko‘klam tasavvurlari, Navro‘z bayrami marosimlari tizimining go‘zal halqalarini tiklab, idrok etishimizga xizmat qiladi.
Xullas bahor bayrami – Navro‘z o‘yinlari, tomoshalari, qo‘shiqlarida xalqimizning tabiatdagi o‘zgarishlar, fasllar almashinuvi bilan bog‘liq e’tiqodiy qarashlari va inson ko‘nglidan kechuvchi nekbin his tuyg‘ular o‘zining badiiy ifodasini topganligini ko‘ramiz.
Shomirza TURDIMOV,
Filologiya fanlari doktori