Milliy kutubxonada besh kun

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi yoshligimiz o‘tgan qutlug‘ maskan. O‘sha paytda ulug‘vor ko‘ringan bu ilm maskani ikkita o‘quv zalidan iborat edi. Birida bizdek talabalar va barcha mushtariylar mutolaa qilsa, ikkinchisida olimlar ilm bilan mashg‘ul bo‘lishardi. Qadrdon kutubxona qirq besh yil ichida to‘rt joyga ko‘chdi. Bugungi muhtasham ziyo maskani bilan qiyoslasangiz oldingilari mo‘jazgina bo‘lib ko‘rinadi.

Milliy kutubxona besh qavatdan iborat bo‘lib, barcha shart-sharoitlarga ega beshta o‘quv zali, katta-kichik majlislar zali, kinozal, ko‘rgazmalar zali va bolalar xonasidan tashkil topgan. Kutubxonaga a’zo bo‘lish tartibi juda qulay. Ikki daqiqada rasmingiz tushirilgan a’zolik xujjatini qo‘lingizga tutqazishadi. O‘quv zallari kompyuterlashtirilgan va ular internetga ulangan. Birinchi qavatning ayvonida INFOLIB-2015 IV Axborot-kutub­xona haftaligining tantanali ochi­lishi bo‘ldi. Chor-atrof sharlar bilan bezatilgan. Orkestr yoqimli kuyni ijro etmoqda. O‘zbekiston milliy simfonik orkestrining chiqishla­rini xuddi teatrlardagidek ikkinchi qavatning ayvonidan ham tomosha qilish mumkin. Bularning bari Vatanimiz mustaqilligining, mamlakatimizdagi islohot-u bunyodkorlik­ning sharofati, albatta. Ushbu ziyo maskanida o‘sha muhtashamlikka yarasha dillarga ziyo ulashadigan o‘ttizdan ortiq tadbir bo‘lib o‘tdi. Haftanoma qamrovliligi, ayniqsa yosh mutaxassislar, bolalar, umuman yoshlarning keng ishtiroki hisobga olinganligi bilan ham o‘ziga xos bo‘lib, katta tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘ldi. Haftanomaning har bir kuni alohida nomlandi.

Birinchi kun – ochiq eshiklar kuni

Mutaxassislar uchun “Foydala­nuvchilarning axborot madaniyati va mediasavodxonligini shakllantirishda axborot-kutubxona muassasalarining o‘rni” mavzuida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Kutubxonaning kichik zalida navoiyxonlik soatlari o‘tkazildi. Ali­sher Navoiyning “Hamsat ul-mutaxayyiriyn” asarining akademik Aziz Qayumov va filologiya fanlari doktori Dinara Azimovaning sa’y-harakatlari bilan rus tiliga o‘girilgan kitobining taqdimoti bo‘ldi. Shuningdek, Markaziy Osiyoning ilk ovozsiz filmlari foto ko‘rgazmasi tashkil etilib, filmlar namoyishi bo‘lib o‘tdi. San’atshunoslik fanlari nomzodi Nigora Karimova­ning “Muqaddima” loyihasi asosida tayyorlangan tadbir yurtimizda kino sohasi uzoq yillik rivojlanish yo‘lini bosib o‘tganini ko‘rsatadi.

Ikkinchi kun – mutaxassislar kuni

Axborot kutubxona sohasi mutaxassislari mahoratini yuksaltirish, kasb nufuzi va ahamiyatini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Axborot tenologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi axborot-kutubxona muassasalari mutaxassislari o‘rtasida “Axborot kutubxona muassasasi­ning eng yaxshi mutaxassisi” tanlovining respublika bosqichi o‘tkazildi. Mutaxassislar to‘rt yo‘nalishda o‘z iqtidorlarini namoyish etdilar. Innovatsion texnologiyalar bo‘yicha o‘tkazilgan bellashuvi ayniqsa qiziqarli kechdi. Har bir komanda yangi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi. Ma­salan, Toshkent shahrining “Olmos” komandasi O‘ztelekom korxonasi bilan hamkorlikda “SMS-xabarnomasi tashkil etish” g‘oyasini ilgari surdi. Andijon viloyati guruhi esa bolalar uchun tayyorlangan “Kitob­lar qasri – orzular ro‘yobi” innovatsion texnologiyasini taqdim etdi. Kutubxona qoshida kichkintoylarni kitoblar olamiga yetaklovchi kitob­lar qasri bunyod etish lozimligini ta’kidlab, uning loyihasini namoyish etdilar.

Яна ўқинг:  Бу ёруғ оламда Ватан биттадир

Bellashuvda farg‘onaliklar birinchi, andijonliklar ikkinchi, Toshkent shahri komandasi uchinchi o‘rinni egalladi. Shuningdek, Buxoro va Toshkent viloyatlariga ham keyingi o‘rinlar ajratildi. Har bir ishtirokchiga esdalik sovg‘alari topshirildi.

Uchinchi kun – ijod kuni

Bu kun asosan yosh ijodkorlar bilan ishlash soatlari bo‘ldi. Butun e’tibor yosh o‘quvchilarga qaratildi. Bu bejiz emas, albatta. Zero, mamlakat kelajagi va ilmiy salohiyati yoshlar qo‘lida. Kutubxonaning “Tafakkur”zalida 6-7-sinf o‘quvchilari o‘rtasida “Adabiyot bilimdoni” tanlovida klassik va zamonaviy adabiyotining eng yaxshi bilimdoni aniqlandi.

“Ijod” zalida Toshkent shahar musiqa kollej va litseylari o‘quvchilari uchun “Musiqa bilimdoni” tanlovi o‘tkazildi.

Kinomarkazda esa boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari va o‘quvchilari uchun axborot madaniyati va media­savodxonlik bo‘yicha ko‘plab mahorat darslari o‘tkazildi.

YuNeSKOning “Axborot-kutubxona muassasasi mutaxassislarining axborot madaniyatini va mediasavodxonligini shakllantirish” loyihasi doirasida bo‘lib o‘tdi. Rus madaniyat markazi bilan hamkorlikda Toshkent shahar maktablari­ning 3-4-sinf o‘quvchilari o‘rtasida “Biz kitobni sevamiz” nomli bolalar chizgan rasmlari ko‘rgazmasi uyush­tirildi.

“Barkamol avlod” bolalar markazining musiqiy chiqishi hamda O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davron bilan ijodiy uchrashuv ishtirokchilarga bir olam zavq bag‘ishladi.

To‘rtinchi kun – xorijiy tillar kuni

Mamlakatimizda bolalarning til o‘rganishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2012-yil 10-dekabrda mamlakatimiz Prezidentining “Chet tillarini o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur qarorda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida “Jahon” zalida AQSh elchixonasi bilan hamkorlikda davra suhbati uyushtirildi. Davra suhbati doirasida xat va insho yozish ko‘nikmalari bo‘yicha trening o‘tkazildi va mavzuni mustahkamlovchi viktorina uyush­tirildi.

Kichik majlislar zalida esa Britaniya kengashi bilan hamkorlikda “Ingliz tili bilimlari bo‘yicha xalqaro IELTS testlari: amaliy savollar” mavzuida suhbat bo‘ldi. Unda ishtirokchilar IELTS testlariga tayyorgarlik va uni topshirishga doir o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

Toshkentdagi Gyote instituti bilan hamkorlikda nemis tilini o‘rganuv­chilar bilan amaliy mashg‘ulotlar u­yushtirildi.

Koreya elchixonasi va “Maragi” klubi bilan hamkorlikda koreyscha so‘zlashish klubining faoliyati bilan tanishdilar. Koreya ta’lim tizimi va koreys tili bilimlarini aniqlash bo‘yicha xalqaro TOPIS testi haqida ma’lumot berildi.

Beshinchi kun – madaniyatlar xilma xilligi kuni

Яна ўқинг:  Миннатдорлик мактуби

Mamlakatimizda bir yuz o‘ttizdan ortiq millat vakillari istiqomat qiladi. Bu kun tashkil etilgan ko‘rgazmalar, konsertlar millatlararo do‘stlik, hamkorlik, osoyishta hayotimizning ramzi bo‘ldi. Bu esa o‘z navbatida yurtimizda turfa millat hunarmandchiligi ardoqlanayotganini aks ettirdi. Turli zallarda xalq amaliy san’ati, badiiy o‘ymakorlik, gilamdo‘zlik, kashtachilik bo‘yicha mahorat darslari o‘tkazildi. Zargarlik buyumlari ko‘rgazmasida o‘z mahsulotlarini namoyish etayotgan Fotima Yusupova shunday deydi: “Men Nizomiy nomidagi pedogogika institutining kasb ta’limi fakultetini bitkazib, ota-bobolarimning kasbini davom qildirayapman. E’tibor bergan bo‘lsangiz, mahsulotlarim milliy va o‘zga millatlarning zargarlik usullarini o‘zida ifodalaydi. Men hamisha izlanishdaman. Boshqa millat vakillaridan ham o‘rganaman”.

Pskentlik tadbirkor Dilnoza Rahmonqulova milliy mato adrasdan tayyorlangan, chapon, kostyum, nimcha, ko‘ylak, sumka, hamyon kabi mahsulotlari bilan qatnashdi. “Pskent tuman hunarmandlar uyush­masida 70 ta kasanachi va 8 ta tadbirkor bor, ular xalq amaliy san’ati va iste’mol buyumlari ishlab chiqarishning 42 xil yo‘nalishi bo‘yicha mehnat qilishadi. Xalqimiz orasida iste’dod egalari juda ko‘p. Ayni kunda yangi bir yo‘nalishni – toshga ishlov berib turli munchoqlar, esdalik buyumlar yasashni yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Intilishlar oilamizga ham yurtimizga ham qut-baraka keltiradi” – deydi u.

Tadbirkor Jahongir Umarov hamkorlikda yaratgan o‘quv dasturi bo‘yicha Toshkent shahridagi Olmazor yengil sanoat kasb-hunar kollejida gilamchilik mahoratidan dars berilmoqda. “Bunday ko‘rgazmalar, mahorat darslari bizni tajriba almashishga va ijodkorlikka chorlaydi, – deydi u.

Tadbirning so‘nggi kunida Ozarbayjon yozuvchisi Yunus O‘g‘izning o‘zbek tiliga tarjima qi­lingan “Malika va jodugar” tarixiy romanining taqdimoti o‘tkazildi.

Tadbir yakunida O‘zbekiston baynalminal madaniyati markazi qoshidagi ozarbayjon, koreys, rus, uyg‘ur, polyak, tatar, qozoq madaniyat markazlarining badiiy chiqishlari bo‘ldi. Bularning bari osoyishta yurtga to‘ylar, bayramlar yarashishining yaqqol ifodasidir.

Ra’no ZARIPOVA

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: