Baxt kulib boqqan kun

Alisher Ivanovning orzulari bisyor, maqsadi aniq yoshlardan. U Sergeli tumanidagi “Bolalar markazi”da uch yoshdan olti yoshgacha bo‘lgan kichkintoylarga musiqa, kuy-qo‘shiqdan saboq berib kelayapti.

Alisher goh bolalar jo‘rligida qo‘shiq ijro etadi, goh turli she’rlar, tez aytish, topishmoqlar aytib birgalikda qiziqarli mashqlar o‘tkazadi. Uning dars jarayonini kuzata turib, o‘z ishiga zavq bilan yondashayotganiga guvoh bo‘lamiz. Bu bejiz emas, zero Alisher ham ana shunday mehr maskanida ulg‘aydi, kamol topdi.

Xlebushkina nomidagi 22-“Mehribonlik” uyi taqdirning izmi bilan yaqinlaridan judo bo‘lgan Alisherning oilasiga aylandi. Bolakay tengdoshlari kabi bu maskanda o‘qidi, o‘rgandi, bu Vatanda inson qadri aziz ekanini yuragidan his etdi. Ko‘p yildan beri “Mehribonlik” uyida faoliyat yuritib kelayotgan ustozi Sergey Lexanov esa bolakayning yuragida musiqaga nisbatan chuqur muhabbat uyg‘ota oldi. San’atga oshno Alisher o‘zining namunaviy xulqi, odobi, mehnatsevarligi, shuningdek, iqtidori bilan tengdoshlaridan ajralib turardi.

– Har yili ko‘pgina o‘g‘il-qizlarimizni yaxshi niyatlar bilan mustaqil hayotga yo‘llaymiz, – deydi muassasa direktori o‘rinbosari Xursand Xolova. – Bolalarimiz har sohada o‘z iqtidorini namoyish etyapti. Shulardan biri Alisher Ivanovdir. Uning nomini eshitganimizda ko‘z oldimizda samimiy tabassum qilib turgan yigitcha gavdalanadi. U har jabhada faol va tashabbuskor, do‘stlariga sodiq, ustozlariga mehribon. “Mehribonlik” uyini tamomlaganiga ko‘p vaqt bo‘lsa-da, Alisher hali ham biz, ustozlarini, ukalarini yo‘qlab muassasamizga tez-tez kelib turadi.

Alisherning orzulari ushalib, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat Pedagogika universitetining musiqa fakultetiga o‘qishga qabul qilindi. Talabalik davrida iqtidori hamda bilimi bilan o‘zini ko‘rsata oldi. U mahalla-ko‘yda ham shunday sifatlar bilan hurmat-e’tiborga sazovor bo‘ldi.

– Alisherni mahallamizda hamma yaxshi taniydi, – deydi Sergeli tumanidagi “Madaniyat” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Munira Sulaymonova. – U mahallada tantana, to‘yu marosim bo‘ldi deguncha vaqtini ayamay darhol xizmatga chog‘lanadi. Kattaga hurmatda, kichikka izzatda. Barcha bilan birdek til topishib ketadi.

Yurtimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlab, ularga ko‘plab imkoniyatlar yaratilmoqda. Alisher ham bunday e’tibor va g‘amxo‘rlikdan bebahra qolmadi. 2010-yilda unga Sergeli tuman hokimiyati tomonidan uy-joy topshirildi. Yangi uy ostonasiga o‘tgan yili katta to‘y-u tantana bilan kelin keldi. Mariya Rodman xushmuomala, saranjom-sarishta, epligina. U Nizomiy nomidagi Toshkent davlat Pedagogika universitetining talabasi. Shunga qaramay turmush o‘rtog‘i Alisher bilan birgalikda “Bolalar markazi”da faoliyat yurtib kelayapti. Yaqinda homiylar tomonidan yosh oilaga maishiy texnika jihozlari topshirildi.

Яна ўқинг:  ЮРТИМИЗДА КЎЗ УЧУН ПЛЁНКА ИХТИРО ҚИЛИНДИ

– Oila men uchun muqaddas. Bolaligimda o‘z oilam bo‘lishini chin dildan orzu qilardim. Mana ahil oilam, sevimli kasbim bor. Demakki, men baxtiyorman. Meni tarbiyalab, kamol toptirib, har tomonlama qo‘llab-quvatlab kelgan Vatanimdan behad minnatdorman, – deydi Alisher Ivanov.

Alisher o‘qishni tamomlab, magistratura yo‘nalishini davom ettirish niyatida. Kelajakda katta sahnalarda qo‘shiq kuylashni niyat qilgan bo‘lsa-da, bolajonlar davrasini tark etgisi yo‘q.

– Men ana shunday davralarda ulg‘aydim, – deydi u. – Ustozlarimning mehnati bebaho sanaladi. – Ularning ishonchini oqlashga, jonajon Yurtim taraqqiyotiga, mehribon xalqimizning farovon turmushiga o‘z hissamni qo‘shishga intilaman. Shu yo‘lda tinmay mehnat qilaman.

Ha, yaxshilik va ezgulikning tuprog‘i yengil. U hech zamonda zaminga singib ketmaydi, yer yuzasiga qalqib chiqaveradi. Buni biz Alisher kabi hayot yo‘lini topa olgan, jamiyatda o‘z o‘rniga ega yoshlar misolida ko‘rishimiz mumkin.

Ma’rifat TOLIPOVA,

Sog‘lom avlod” muxbiri

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: