Bitiruvchilarga BANK KREDITLARI
Namangan viloyati Uychi tumanida kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Namangan viloyati bosh boshqarmasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat kengashi, viloyat mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish yo‘lida amalga oshirilayotgan izchil ishlar yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi. Davlatimiz rahbarining 2014-yil 6-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilmoqda.
Joriy yilda Namangan viloyatidagi kasb-hunar kollejlari bitiruvchilariga tadbirkorlik faoliyatini boshlashi uchun tijorat banklari tomonidan 9 milliard so‘m miqdorida kredit ajratiladi.
Mamlakatimizda o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish istagida bo‘lgan iqtidorli yoshlarning biznes-loyihalarini ro‘yobga chiqarishiga ko‘maklashish maqsadida tijorat banklari tomonidan imtiyozli kredit va mikrokreditlar ajratish amaliyoti o‘z samarasini bermoqda. Uychi tumanida o‘n bir nafar kasb-hunar kolleji bitiruvchisiga 63 milllion so‘mdan ziyod imtiyozli kredit ajratilib, yosh tadbirkorlarning tikuvchilik, maishiy xizmat ko‘rsatish, parrandachilik va boshqa yo‘nalishlarda o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishi rag‘batlantirildi.
Tadbirda mutaxassislar yoshlarga sohaga doir qonun hujjatlari, bank xizmati turlari, imtiyozli kredit olish shartlari va boshqa muhim masalalar xususida atroflicha tushuncha va tavsiyalar berishdi.
A.SATTOROV,
O‘zA muxbiri