Oriyati doston bo‘lgan el

Keksa momom muk tushib “Alpomish”ni o‘qib o‘tiradi. Dostondan parchalar yod oladi.

– Shu yoshida kitob o‘qib zarurmikan? – xayolimdan o‘tgan fikrni unga aytolmayman, istihola qilaman. – O‘rniga biror badiiy asar mutolaa qilsa ham bo‘ladiku. Buncha shu dostonga yopishib olmasa-a?!

Momom nega “Alpomish”ni qayta-qayta o‘qishini, bizga ham o‘qishni maslahat berishini keyinchalik ulg‘ayganimda anglab yetdim. Mazkur doston o‘zbek xalqiga qo‘yilgan haykaldir. Unda milliy mentalitetimiz, xalqimizgagina xos bo‘lgan xislatlar juda go‘zal aks ettirilgan. “Alpomish” millatimizning qadimiy qadriyatlarini, milliy g‘ururini yuqori pardalarda kuylagan mukammal xalq eposi hisoblanadi. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, uning yaralishiga asos bo‘lgan eng ko‘hna xalq ertaklari va afsonalari bundan 2,5-3 ming yillar avvalgi zamonga borib taqalar ekan. Dostonni o‘qir ekansiz, milliy g‘ururdan qalbingiz nurga, bilagingiz kuchga to‘ladi. Yoki baxshiyona qilib aytadigan bo‘lsak, Vatan ori uchun “suv kelsa simirib, tog‘ kelsa kemirib” kurashishga chorlaydi. Dostonning syujeti xalqning boylaridan bo‘lmish aka-uka Boybo‘ri va Boysarining to‘yga borishi, u yerda esa aka-ukaga farzandlari bo‘lmagani uchun hech kim izzat-ikrom ko‘rsatmagani bilan bog‘liq voqeadan boshlanadi. Shunda aka-uka boylarning ori kelib:

Befarzandning yiqqan moli zoyadi,

Yaratganim bir tirnoqdan ayadi,

Shul sababdan xumor ko‘zim yoshlandi…

deya el-ulusni tark etdilar… Bu yerda aka-ukalarning taqdiri oriyat nuqtai nazaridan tasvirlanmoqda.

Butun syujet mana shu voqeaga asoslanadi. Bundan kelib chiqadiki, “Alpomish” dostoni oriyat asosiga qurilgan asar. Qolaversa, asardagi bir necha o‘nlab holatlarda, jumladan, Boysarining Chambilbelga ketib qolishi, Alpomish Barchinning orqasidan borishi, Barchin Alpomishni hamma qatori musobaqada ishtirok etishini talab qilishi, Alpomish zindonda yotganida Qorajonning yordamini qabul qilmasligi, hatto Yodgor onasining to‘yiga qarshi chiqishida ham oriyat bosh mavzuga aylanadi.

Momomning muk tushib “Alpomish”ni o‘qishida ham o‘zligidan ayrilmaslikdek ko‘hna an’ana mujassam. Shunday ekan, bu dostonni o‘qish, uni yod olish yosh avlod oldidagi ulkan mas’uliyatdir. Zero, xalqni oriyatli o‘g‘il-qizlar yuksaltiradi.

Dilrabo Chorshanbiyeva,

O‘zMU talabasi

Яна ўқинг:  Микрокредит аҳоли фаровонлигини таъминлашга хизмат қилади

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: