Ertak aytib beraymi, bolam?
Hurmatli ota-ona farzandingizga hech shu savolni berganmisiz?
Vatanparvarlik tuyg‘usi nima, degan savolga birov jonajon Vatanining sarhadlarini himoya qilishni, boshqasi esa uning taraqqiyoti yo‘lida ter to‘kib mehnat qilishni, o‘z yurtini sevishni, ardoqlashni, kerak bo‘lsa, uni yot unsurlardan asrashni vatanparvarlik deb tushunadi. Aslida bolaga to‘g‘ri tarbiya berish ham vatanparvarlikdir.
Оta-bobolarimiz yaratib ketgan xalq og‘zaki ijodining nodir durdonalari – dostonlar, xalq qo‘shiqlari, turli laparlar, va albatta, ertaklarni jajji avlod ongiga singdirish muhimdir. Zero, hayotga to‘g‘ri qarash ertakdan boshlanadi.
Yoshi ulug‘ kishilar bilan gaplashganimizda bolaligi haqida so‘zlarkan, albatta, ertak eshitib tong orttirgan kunlarini zavq bilan eslaydi. Bolaligiga qaytganday bo‘ladi. Dardini, hayot tashvishlarini bir lahza bo‘lsa-da unutadi. Ha, ertak shunday kuchga ega. Zero, u bilan go‘zal va unutilmas xotiralar ham yurakka muhrlanadi.
Bolaning vatanparvar bo‘lib ulg‘ayishiga qahramonlik ruhidagi ertaklarning o‘rni beqiyos. Bolada tug‘ilgan yurtiga sadoqat, mardlik va jasurlik, tanti va halol yashashga intilish hissi shakllanadi. Bir so‘zlilik, ahdga sodiqlik kayfiyati paydo bo‘ladi.
Ezgulik yo‘nalishidagi ertaklar kichkintoy qalbida yaxshilikka mehr uyg‘otadi. Uning psixologik dunyoqarashini shakllantiradi. Ruhiy irodasi kuchayadi. Bu birinchi masala. Eng muhimi esa unda tinglash qobiliyati rivojlanadi. Bu bilan esa keyinchalik dars jarayonlarini qiynalmay o‘zlashtirishga zamin yaratiladi. Yana ham soddaroq aytsak, “aytilgan gap bu qulog‘idan kirib, u qulog‘idan chiqib ketmaydi”. Qolaversa, bola ertak qahramonlariga taqlid qila boshlaydi. Yaxshilik va yomonlikning farqiga bora oladi. O‘ziga ishonchning paydo bo‘lishi esa uni faqat va faqat g‘alabalar sari chorlayveradi. Xususan, “Zumrad va qimmat”, “Bo‘g‘irsoq” kabi ertaklarda shunday g‘oya mujassam.
Ertakning xususiyati ko‘p. Uni tinglagan bola go‘zallikdan bahra olishni o‘rganadi. Muhabbatga oshno bo‘ladi. Bu esa bolaning ruhiyati sog‘lom bo‘lishini ta’minlaydi. Hayot mo‘jizalarga boy ekanini his qiladi. Mo‘jizalar yaratgisi keladi. Qani sehrgar bo‘lsa-yu, hamma birdek farovon turmush kechirishini ta’minlasa. U ana shunday go‘zal va toza maqsad bilan yashay boshlaydi.
Ertak irodani mustahkamlaydi. Qahramonlarning turli xatarli vaziyatlarda qolishi, qiyinchiliklarni sabot bilan yengib o‘tishini bola qalban o‘ziga singdiradi. Ulg‘ayganda turli qiyinchiliklarga duch kelganda ham o‘kinmaydi. Tushkunlikka tushmaydi. Bu qiyinchiliklarning ortida albatta, yaxshi kunlar borligini dildan sezadi. Shakllanib ulgurgan irodasiga tayanib oldinga boraveradi. Ertak tinglagan bolada yana bir muhim tushuncha – g‘urur shakllanadi. Millatiga, ota-ona sha’niga, farzandlik sha’niga dog‘ tushirmaslikka harakat qiladi.
Bola ertak tinglarkan, fikrlashni o‘rganadi. Ulg‘aygan sari mustaqil qarorlar qabul qila oladigan bo‘ladi. Yon-atrofdagi voqea-hodisalarga to‘g‘ri baho beradi. Shunday ekan, turli yot g‘oyalarning asiri bo‘lib qolmaydi. Yomon yo‘ldan yurmaydi. U o‘zining sog‘lom dunyoqarashi, favqulodda dolzarb fikr-mulohazalari bilan mahalla-ko‘y, do‘stlari, jamoadoshlari orasida obro‘ topadi. Buning orqasidan ota-onasiga rahmatlar aytuvchilarning soni kun sayin ortib boraveradi.
Bolani faqat ertak tinglash bilan cheklab qo‘ymaslik, aksincha uning o‘ziga ertak ayttirish ham yaxshi samara beradi. Bu mashg‘ulot orqali uning nutqi ravonlashadi. Ifodalay olish qobiliyati shakllanadi. Eng muhimi, bola ertak yo‘nalishini o‘zgartirib yuborish holatlari uchrasa, shu orqali uning qalbi nimaga moyillik sezayotganini bilib olish mumkin.
Xo‘sh, hurmatli ota-ona, sizchi? Bolangiz shu kabi fazilatlarga ega bo‘lishini istamaysizmi? Istaysiz. Buning yo‘li oson. Milliy qadriyatlarimizdan yiroq chet el seriallarini tomosha qilishdan bir dam o‘zingizni tiying-da, bolangizning yoniga boring va so‘rang: “Ertak aytib beraymi, bolam?”. U, albatta, ha degan javobni beradi.
Bahodir HALIMOV