Sog‘liqni saqlash tizimi taraqqiyoti tibbiy ta’lim sifatiga bog‘liq
Bugungi kunda tibbiyot sohasini zamonaviy fikrlaydigan, chuqur bilimli, mas’uliyatni his etadigan, har jihatdan yetuk kadrlar bilan ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xo‘sh, zamonaviy tibbiyot xodimi qanday sifatlarga ega bo‘lishi kerak? Har qanday holatda ham shifokor o‘z kasbiga sodiq qolishi uchun unda qanday sifatlar mujassam bo‘lmog‘i lozim? Mana shu savollar tibbiy ta’lim oldida turgan muhim vazifa va muammolardir.
Alisher ShODMONOV,
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri:
– Tibbiy ta’limda har doim nazariy va amaliy bilimlar chambarchas bog‘liq bo‘lgani bois, bu yo‘nalishdagi oliygohlar doimo o‘z klinikasiga ega bo‘lishi lozim. Ammo yurtimizdagi juda ko‘p tibbiyot institutlarida klinikalar mavjud emas, borlari esa ayanchli ahvolda edi. Shu bois, hozirda Toshkent tibbiyot akademiyasining Nukus hamda Urganch filiallari, Buxoro tibbiyot instituti, Samarqand tibbiyot instituti va Andijon tibbiyot instituti klinikalarida rekonstruksiya va qurilish ishlari boshlab yuborildi. Olib borilgan sa’y-harakatlar natijasida barcha oliy ta’lim muassasalari qatori tibbiy yo‘nalishdagi oliygohlarning byudjet hajmi ko‘tarildi va bu yerda faoliyat ko‘rsatayotgan professor-o‘qituvchilarning oyligi oshirildi. Aytish kerakki, bu muhim o‘zgarish ta’lim sifatini oshirish hamda sohada korrupsiyaga qarshi kurashda muhim o‘ringa ega.
Shuni ta’kidlash joizki, ayrim ilmiy-tibbiy markazlar, tibbiyot institutlarini vazirlikka boqimanda bo‘lmasdan mustaqil institutlarga aylantirish vaqti keldi. Biz harakat qilmoqdamizki, barcha tibbiyot, oliy ta’lim muassasasi, har bir ixtisoslashgan markazlar xorijda bo‘lgani kabi moliyaviy mustaqil bo‘lsin. Shu nuqtai nazardan davlat unitar korxonalarini tashkil etish bo‘yicha hozirda konsepsiya ishlab chiqilmoqda.
Aytish kerakki, ushbu tizimda amalga oshirilayotgan bu kabi o‘zgarishlarda kadrlarning hisassi juda katta. Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasida tibbiy ta’lim tizimini yanada isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori esa bu borada muhim qadam bo‘ldi.
Bugungi kunda yurtimizdagi 7 ta oliy tibbiy ta’lim muassasasi va ularning 4 ta filialida tibbiyot sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlanmoqda. 2017 yil Toshkent tibbiyot akademiyasining Termiz filiali, 2018 yil Toshkent tibbiyot akademiyasining Farg‘ona filiali ochilishi hududlardagi tibbiyot muassasalarini malakali kadrlar bilan ta’minlash imkoniyatlarini kengaytirdi. Ta’kidlash joizki, joriy yil ushbu zamonaviy tibbiy oliy ta’lim muassasalarini bakalavriat yo‘nalishini 2 ming nafar talaba tamomlab, ishga yo‘llanma olgan bo‘lsa, 4 ming 395 nafar yigit-qiz talaba bo‘lish baxtiga musharraf bo‘ldi.
Hozirda hududlardagi tibbiyot muassasalarini malakali shifokorlar bilan ta’minlash masalasi dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu vazifalardan kelib chiqqan holda keyingi yillarda davlat granti asosida bakalavriat yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashning maqsadli qabul kvotalari bo‘yicha qabul yo‘lga qo‘yilgan. O‘tgan yil 1 ming 180 ta, joriy yil 1 ming 548 ta kvota shakllantirildi. Maqsadli tayyorlanayotgan tibbiy kadrlar 3 yildan 10 yilgacha muddatda tegishli hududlarda ishlab berishi to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Yurtimizdagi tibbiy oliy ta’lim muassasalarida malakali kadrlar tayyorlash barobarida tibbiyotning dolzarb masalalari bo‘yicha ilmiy izlanishlar ham olib borilmoqda. Natijada keyingi 2 yil davomida 226 ta ixtiroga patent olindi. Toshkent Vrachlar malakasini oshirish institutida masofaviy ta’lim yo‘lga qo‘yilib, joylarda sayyor sikllarni o‘tkazish keng joriy etildi. Yana bir muhim jihat shuki, avvallari malaka oshirish institutlaridagi darslar faqat auditoriyalarda o‘tilgan bo‘lsa, endi barcha mashg‘ulotlar ixtisoslashgan markazlarga ko‘chirildi.
Tibbiyot sohasida vakant ish o‘rinlari salmog‘i qoplandi(mi)?
Tibbiyot oliygohlaridagi 7 yillik ta’lim muddatining 6 yilga qisqartirilishi, shifokorlarning 2 stavkagacha ishlashga ruxsat etilishi, pensiya yoshidagi shifokorlarga ham oylik, ham pensiyani to‘liq olish imkoniyatining berilishi, kvotalarning oshishi va xorijlik mutaxassislarning yurtimizga qaytishi natijasida 2017 yildagi 11 ming 859 ta vakansiya 4 mingtaga qisqardi. Yil oxirida esa tibbiyot oliygohlarining bitiruvchilari hisobiga bu ko‘rsatkich 2 mingtani tashkil etishi kutilmoqda. Ya’ni, vazirlik ikki yil davomida 10 mingga yaqin vakant o‘rnini to‘ldirdi.
Ushbu chora-tadbirlar natijasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Andijon va Sirdaryo viloyatlarida umumiy amaliyot shifokoriga bo‘lgan ehtiyoj 2019 yil bitiruvchilari hisobidan qoplanadi. Birlamchi tibbiyot muassasalaridagi tor mutaxassislar yetishmovchiligi klinik ordinatura, magistratura, qisqa muddatli qayta tayyorlov kurslari bitiruvchilari hisobiga 2020 yilgacha to‘liq bartaraf etiladi.
Tibbiy ta’lim tizimida xalqaro hamkorlik
Kadrlar salohiyatini oshirish, o‘quv jarayonlariga eng zamonaviy pedagogik uslublarni joriy etishda xalqaro aloqalar muhim o‘rin tutadi. Bu borada 220 ta xorijiy tibbiyot oliygohlari bilan shartnomalar imzolangan. 11 ta oliy ta’lim muassasasida xizmat ko‘rsatayotgan professor-o‘qituvchilardan 500 nafardan ziyodi chet elda malaka oshirib qaytdi. Keyingi yillarda respublikamizdagi tibbiyot oliy o‘quv yurtlari 20 dan ortiq xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ydi. Ushbu hamkorlik memorandumlari asosida hozirda Koreya tibbiyot universitetlarida 40 nafar o‘zbekistonlik talaba tegishli ta’lim yo‘nalishlarida tahsil olmoqda. Shu bilan birga joriy yil Moskva davlat tibbiyot-stomatologiya universiteti, Italiyaning Turin politexnika universiteti, 2019-2020 o‘quv yillaridan boshlab Koreyaning Indje universiteti Ilsan gospitali hamda Sankt-Peterburg davlat pediatriya tibbiyot universiteti bilan kelishuv imzolandi.
Talabalar bilan bir qatorda shifokorlarning malakasini oshirish borasida ham tizimli ishlar olib borilyapti. Joriy yilning bugungi davriga qadar bu yo‘nalishda 500 nafardan ko‘proq yosh mutaxassisning chet elda malaka oshirishi, 400 nafarga yaqin xorijlik mutaxassis O‘zbekistonga tashrif buyurib, tibbiyot muassasalarida «Mahorat darslari»ni tashkil etishi, tibbiyotimiz oldida turgan dolzarb vazifalar yechimi yo‘lida muhim qadam bo‘lmoqda.
Ma’lumot o‘rnida
2018 yilda tibbiy oliy o‘quv yurtlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida 7 ta tibbiyot oliygohi ob’yektlariga 57,6 mlrd. so‘m, shuningdek, uchta tibbiyot oliygohlarining kilinikalariga 35,0 mlrd. so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, qurilish-ta’mirlash ishlar jadallik bilan olib borilayapti. 2019 yil soha rivojiga yana 98 milliard so‘m mablag‘ jalb etish ko‘zda tutilmoqda.
Xurshida HUSENOVA