Yuksak ishonch marralarga eltadi

Nafosat Zarifboyeva poytaxtimizning Uchtepa tumanidagi xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi. Yosh bo‘lishiga qaramay, u bir qancha respublika va xalqaro anjumanlarda faol ishtirok etgan. Ilm o‘rganib, fan sohasida katta muvaffaqiyatlarga erishayotgan Nafosat kitob o‘qishni sevadi.

Jajji yuragida mutolaaga bo‘lgan mehrni, avvalo, buvijoni Bonu Kamolova uyg‘otgan. Bugun 80 yoshdan oshgan, xonadon farishtasi bo‘lgan onaxon qariyb 50 yil Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanidagi 21-umumta’lim maktabida boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga saboq bergan. Nafosatga ham 5-6 yoshligida u hali maktab ostonasiga qadam qo‘ymay turib, ilk bor harf tanitgan ham buvisi bo‘ladi. Qolaversa, o‘qituvchilar sulolasidan bo‘lgan onasi Laylo opa nafaqat qizi Nafosatni, balki barcha farzandlarini kitobga oshno etishga harakat qiladi.

“Bilim – kuch, kuch esa bilimdadir!”, degan edi mashhur faylasuflardan biri. Bugungi yoshlarga qarab havasing keladi. Ular uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, shart-sharoitlarni ko‘rib, ko‘zing quvnaydi. Farzandlarimiz orasida ilmga chanqoq, iqtidorli yoshlar safi tobora kengayib borayotgani quvonarli hol. Nafosat Zarifboyeva ana shunday ilm-fan cho‘qqilarini zabt etishga intilayotgan salohiyatli yoshlardan biri.

U Toshkent shahar, Uchtepa tumanidagi xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida tahsil olmoqda. U yaqinda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi va Ixtirochi ayollari uyushmasi tomonidan “O‘zbekiston ayollarining 100 ta eng yaxshi innovatsion loyihasi” I Respublika tanlovining yakuniy bosqichida munosib ishtirok etdi. Tanlovda “Maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilariga xorijiy (ingliz, rus) tillarni o‘rgatish orqali milliy omillarni singdirish” mavzuidagi loyihasi bilan qatnashgan Nafosat yakunda g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Sharq faylasufi Konfutsiyning “Aytsang – unutaman, ko‘rsatsang – eslab qolaman, o‘zim bajarsam – anglab yetaman” degan fikriga asoslanib, Nafosat o‘z loyihasida boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga yangi metodlar orqali xorijiy tillarni o‘rgatishni maqsad qilib olgan. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, bu loyihaga davlatimiz rahbarining 2017 yil 30 sentyabrdagi “Maktabgacha ta’lim tizimi boshqaruvini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoni, hamda “O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha ta’lim vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida” gi qarori asos bo‘ldi.

Shunisi e’tiborliki, bu yangi loyiha maktabgacha ta’lim muassasalarida ta’lim-tarbiya jarayonini yuqori saviyada tashkil etishga dasturlamal bo‘la oladi. Shuningdek, maktabgacha ta’lim muassasalaridagi tarbiyalanuvchi bolalarga xorijiy tillarni o‘rganishlarida ko‘mak beradi.

Yana o‘qing:  Bir og‘iz so‘z yoxud oila baxti kimga bog‘liq?!

Qahramonimiz 2017 yil Chelyabinsk va Ostona shaharlarida, Yaponiya va Xitoyda o‘tkazilgan xalqaro tanlovlarda ishtirok etib, faxriy yorliq va sertifikatlar bilan taqdirlandi.

– Orzularim juda ko‘p. Ularga esa ko‘p o‘qib, o‘rganib, kitob bilan do‘stlashib erishaman, – deydi Nafosat. Biz ham ilm cho‘qqilarini egallashga astoydil bel bog‘lagan yosh iqtidor egasiga yuksak parvozlar tilaymiz.

 

Madinabonu HAMROYEVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: