Zavol bilmagan do’stlik

«Uyga tezroq borish kerak. Qaniydi, sinfdoshim Azizga o'xshab velosipedim bo'lsa-yu, bir zumda uyga yetib olsam». Qo'ng'iroq chalingach, Qodirjon sinfdan shu o'y-xayollar bilan otilib chiqdi-yu uyga chopa ketdi.

«Eh, attang! Ustozim navbatdan tashqari majlis o'tkazmaganida allaqachon uyda bo'lar edim-a. Hammasiga anavi mahmadona Mohi sababchi. Ustozga yaltoqlanib, «majlis qilaylik, majlis qilamiz», demaganida men uyga allaqachon yetib olgan bo'lardim» .

Qodirjon xayolida sinfdoshi Mohira bilan chunonam bahslashar ediki, hatto, yo'l bo'ylab mahal­ladosh do'sti Olimni, matematika ustozi Kozim akani ham ko'rmasdan o'tib ketdi.

Nihoyat uyi yoniga yetib kelgan bolakay yengil tin oldi. Darvoza yonida turgan Orif bobosiga shosha-pisha salom bergan Qodirjon ichkariga oshiqdi.

– Do'stlaringiz sizni kutib qolishdi, – deya jilmayib nabirasining yelkasiga qoqib qo'ydi bobo.

Uning tashrifidan darvozaxona peshtoqiga o'rnashib olgan jajji do'stlari – bir juft qaldirg'och quvonchdan vijir-vijirlay ketdi. Bolakay boshi uzra gir aylanayotgan qushlarga mamnuniyat bilan tikilib, «Xo'sh, qalaysizlar? Men yo'qli­gimda hech kim sizlarning tinchingizni buzmadimi?» – deya o'zini qushlarning yolg'iz xalos­koridek biroz mag'rurlanib qo'ydi.

Qaldirg'ochlarni baraka kelti­ruvchi qushlar ham deyishadi. Ular in qurgan xonadonga qut-baraka inishini bolakay buvisidan bilib olgan. Hovli to'ridagi daraxtlarning shoxini ko'tarolmay meva solgani ham shundan bo'lsa kerak-da, o'zicha o'yladi Qodirjon.

Tunov kuni qushlar borasida bobosi bilan qurgan suhbatdan Qodirjon nihoyatda ta'sirlandi. O'sha kuni Qodirjon qiziqib: – Bobojon uyimizga bu yil uchib kelgan qaldirg'ochlar o'tgan yilgi ota-onalarmi yoki ularning polaponlari? – deya taajjublanib so'ragan edi. Bobosi nigohlari qiziqishdan porlab turgan nabirasiga yuzlanib, xona­donimizga qay biri kelmasin, ular bizga, ayniqsa, senga ishonib uchib kelgan, – deya javob berdi Orif ota. Qodirjonga bobosining «senga ishonib uchib kelishgan» degan so'zi juda yoqib tushdi. Bolakay bu so'zdan so'ng o'zini ancha ulg'aygandek his etdi.

Yoz o'tib borar, darvozaxona peshtoqidagi ikki juft qaldir­g'och­ning jajji polaponlari kun o'tgan sayin ulg'ayib, o'z inlariga ham sig'may qolishdi. Qodirjon ham shu polaponlarni ota-onalari bilan birga «katta» qildi.

Erta sahar. Yozgi supada uxlab yotgan Qodirjonning quloqlariga qushning bexalovat chug'urlashi eshitildi. Darvozaxona tomonda qushlarning iniga zag'izg'on o'g'rincha tahdid solayotganini ko'rib, shoshganidan oyoq kiyimining bir poyini «bosqinchi»lar tomon uloqtirdi. Bu «zarba»ni kutmagan qushlar sarosimaga tushib juftakni rostlab qolishdi. Biroz hadiksiragan polaponlar esa asta inlaridan jovdirab qarab, ota-onalariga nimalarnidir vijirlab qo'yishardi. Xavf ortda qolaganiga ishonch hosil qilgan juft qaldir­g'ochlar hovli uzra bir aylanib, Qodirjonga o'z tillarida minnatdorlik bildirardi.

Яна ўқинг:  Ҳар қаричи тарих, ҳар зарраси маданият

Ma'rifat TOLIPOVA

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: