Bemordan hol so‘rashning ham yozilmagan o‘z qoidasi bor

Millatimizga xos mingyillik qadriyatlar, urf-odatlar, aqida-yu an’analar borki, ular xalqimiz tomonidan yuksak qadrlanib, hurmat bilan amalga oshiriladi. Shunday odatlarimizdan biri – bemor kishini ziyorat qilishdir. Ma’lumki, buning ham o‘ziga yarasha odob va qoidalari bor.

Ma’lumki, kasallik kishi holini mahzun, a’zolarini esa zaif qilib qo‘yadi. Bunday vaziyatda inson mehr-muruvvatga har qachongidan ham muhtoj bo‘ladi. Dinimiz bunday hasta insonlarning holidan xabar olishga, ular ko‘nglini ko‘tarishga hamda bir oz bo‘lsa-da, dardini yengillatishga buyuradi.

Odatda bemor kishining huzuriga kirganda ochiq yuz, xush ko‘ngil bilan salom-alik qilib, hol-ahvol so‘raladi. Bu eng to‘g‘ri yo‘l. Biror yetishmovchiligi bo‘lsa, ko‘maklashib yuborishi yoki o‘zi bilan ozroq hadya olib borishi maqsadga muvofiq. Kasal yotgan joyga yaqinroq, iloji bo‘lsa, bosh tomoniga o‘tiriladi va bemorning bosh-ko‘zi, manglayi, oyoq-qo‘lini silab, yaxshi so‘zlar bilan ko‘nglini ko‘taradigan gaplar gapiriladi. Unga dard vaqtinchalik, bemorlik esa Allohning bir ne’mati ekani aytiladi, tuzalib ketishini so‘rab duo qilinadi. Uning yuziga sinchiklab qaralmaydi, ko‘p va qattiq ovozda gapirilmaydi. Bemorga shovqin-suron yoqmaydi. Borganda past ovozda, tabassum bilan gapirish, uni toliqtirib qo‘ymaslik uchun oldida kamroq o‘tirish lozim. Xastaligi haqida ezmalanib gapirish, bilmagan narsasini dori sifatida tavsiya qilish mumkin emas. Xalqimizda shomdan keyin kasal ko‘rishga borilmaydi, degan qarash bor. Chunki, bu paytda dard kuchayadi, bemor charchab, oromga shaylangan bo‘lishi mumkin. Ziyoratdan turayotganda uning haqiga duo qilib, “Xudo xohlasa tezda tuzalib ketasiz”, “Dard ham bir mehmon, hali sog‘ayib, otday bo‘lib ketasiz” kabi so‘zlar bilan bemorning ko‘ngliga tasalli beriladi.

Afsuski, hayotda bu qoidalarga ko‘pda amal qilavermaymiz. Ba’zan uquvsizligimiz yoki ilmsizligimiz sabab xijolatli vaziyatlar kelib chiqadi. Besh qo‘l barobar bo‘lmaganidek, odamlar ham har xil. Kimdir bemor yotgan kishi holidan xavotirlanib, unga achinganidan yoki ko‘nglini ko‘tarish maqsadida borsa, yana kimdir uning qanday kasal ekanini bilish uchun boradi.

– Bemorni ziyorat qilish kasal kishiga ruhiy madad bo‘ladi, u o‘z do‘stlari oldida qadri-qimmati borligidan xursand bo‘lib, yashashga bo‘lgan ishtiyoqi kuchayadi, – deydi faxriy o‘qituvchi Eshim Zoirov. – Bemorning kayfiyati ko‘tarilishi esa kasallikni yengishga xizmat qiladi. Bu paytda bir og‘iz o‘ylanmay gapirilgan gap bilan uning dardini og‘irlashtirish yoki aksincha, ko‘nglini ko‘taruvchi bir so‘z uni hayotga qaytarishi mumkin.

Ma’lumki, kasal yotgan odam yog‘li, quyuq, xamirli yoki qovurilgan, dudlangan, sho‘r ovqatlar iste’mol qilishi mumkin emas. Ammo ko‘pincha bemorni ko‘rgani borayotganimizda uning parhezda ekanini unutamiz.

– Og‘ir kasalliklar bilan og‘rigan yoki jarrohlik amaliyotini boshidan o‘tkazgan bemorlarga shovqin-suron yoqmaydi, – deydi shifokor jarroh Akbar Jumayev. – Bizda esa kasalni ko‘rgani 3-4 kishi bo‘lib kelishadi va barchasi bir vaqtning o‘zida yoniga kirmoqchi bo‘lishadi. Bu mumkin emasligini aytsak-da, ba’zilar tushunishni istashmaydi.

Demak, har ishda bo‘lgani kabi bu nozik masalada ham albatta me’yorni unutmaslik lozim. Kasal ko‘rish unga o‘zining kelganini pesh qilish emas, balki issiq jon isitmalaganida dardiga shifo tilash va qo‘llab, madad bo‘lib turishdir. Bu ziyorat esa xastaning holatini og‘irlashtirmasligi, aksincha, uning ruhiyatini ko‘tarishi lozim.

Yana o‘qing:  IJODKORLIK ZAMIRIDAGI MEHNAT

Sojida ALLAYOROVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: